Kurakoyoqlilar (Pinnipedia) turkumi. Kurakoyoqlilar turkumining vakillari, asosan hayotining ko`p qismini suvda o`tkazadi. Gavdasi uzun, o`qlovsimon bo`lib, oyoqlari suvda suzishga moslashib, shaklan o`zgarib, kurak (eshkak)ka aylangan, tishlari konussimon (morjlar bundan mustasno), terisi ostida qalin yog’ qatlami bor. Yog’ qatlami solishtirma og’irligini kamaytiradi va och qolganda oziqa zahirasi ham hisoblanadi. Ular faqat suvda oziqlanadi, ozig’ini chaynamasdan yutadi, suv yuzasida dam oladi va uxlaydi. Ko`pchiligida quloq suprasi juda kichkina, yaxshi rivojlanmagan yoki butunlay bo`lmaydi. Lekin yaxshi eshitadi, dumi juda kichik bo`ladi. Burun teshiklari faqat nafas olganda ochiladi.
Kurakoyoqlilar turkumiga kiruvchi eng kichik tur - nerpaning bo`yi 1,3 m kelsa, eng kattasi - dengiz filining uzunligi 5,5 m gacha boradi. Kurakoyoqlilarning og’irligi 40 kg dan 3600 kg gacha boradi. Barmoqlari orasida qalin teri pardasi bor. Keyingi oyoqlarining kuraklari asosiy harakat organi hisoblansa, oldingi oyoqlarining kuraklari boshqarish vazifasini bajaradi. Kurakoyoqlilar yerda zo`rg’a yuradi. Ko`zlari suv ostida ko`rishga moslashgan. Sezgi organlaridan ko`rish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan. Kurakoyoqlilar urchish, tullash, bola tug’ish, bolasini emizish va dam olish uchun quruqlikka yoki muz ustiga chiqadi.
Kurakoyoqlilarning o`pkasi quruqlikda yashovchi yirtqichlarning o`pkasidan ancha katta, ya`ni o`pkasi tana massasining 2,8% ni tashkil qiladi, tulkining o`pkasi esa 1,1% ni tashkil qiladi. Kurakoyoqlilar suv ostida uzoq vaqt, ya`ni 15 minut va undan ham ko`proq tura oladi. Ular sutining tarkibidagi yog’ miqdori 43% gacha boradi. Terisi qattiq va kalta jun bilan qoplangan. Urg’ochilari 3-4 yoshida jinsiy voyaga yetadi, 5-6 yoshidan boshlab ko`payishga kirishadi. Erkaklari 5-6 yoshida jinsiy balog’atga yetadi. Homiladorlik vaqti 11-12 oyga to`g’ri keladi. Bir yilda bir marta bitta yirik bola tug’adi.
Kurakoyoqlilar barcha okean va dengizlarda, shu jumladan, Qora va Kaspiy dengizlarda tarqalgan. Ayrim turlari ko`llar (Ladoga va Baykal)da ham yashaydi. Kurakoyoqlilar katta ov ahamiyatiga ega, terisidan va yog’idan foydalaniladi, ayrim turlari qimmatbaho mo`yna beradi. Morjning qoziq tishlari fil suyagi singari juda qadrlanadi. Kurakoyoqlilar turkumining 31 ta turi va 3 ta (quloqli tyulenlar-Otariidae, haqiqiy tyulenlar yoki quloqsiz tyulenlar-Phocidae va morjlar-Odobenidae) oilasi bor. 6 ta turi va 3 ta kenja turlari Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan. MDHda 13 ta turi uchraydi (225-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |