Yenotlar (Procyonidae) oilasi vakillari o`rtacha kattalikda bo`lib, tashqi ko`rinishi beso`naqay, oyoqlari kalta, tovonda yoki yarim tovonda yuruvchi besh barmoqli, gajak dumli yirtqichlardan hisoblanadi. Yirtqich tishlari kuchli rivojlanmagan, xo`ra bo`lib, ko`pincha daraxtda yashaydi. Mo`ynasi qalin, yumshoq. Dumi uzun, faqat pandada kalta. Yenotlar oilasiga 15 ta tur kiradi. Ko`pchilik turlari Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikada, faqat kichik va katta pandalar Janubi-Sharqiy va Markaziy Osiyoda uchraydi. Kichik panda Janubi-G’arbiy Xitoy, Nepal va Shimoli-Sharqiy Hindistonda, katta panda Xitoyning Sichzan, Shensi, Gansu viloyatlarida va Tibetda tarqalgan. Katta panda Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan.
Shimoliy va Markaziy Amerikada yashaydigan chayuvchi yenot, ya`ni yenot-poloskun (Procyon lotor) Ozarbayjon, Belorussiya, O`rta Osiyo va Uzoq Sharqda iqlimlashtirilgan. Ular aralash o`rmonlarda yashaydi. Shimoliy hududlarda qishda uyquga ketadi. Har yili bir marta tullaydi. Yerda qazigan inida, ba`zan daraxtlarning kovagida 2 tadan 8 tagacha, ko`pincha 2-4 ta bola tug’adi. Yenotlar, asosan hammaxo`r. Qimmatli mo`ynasi uchun ovlanadi.
Itlar (Canidae) oilasi vakillari o`rtacha kattalikda, gavdasining uzunligi 40 sm dan 160 sm gacha boradi, oyoqlari uzun, yugurishga moslashgan, barmoqlariga tayanib yuradi, tumshug’i cho`ziq. Tishlari kesuvchi tipda, qoziq tishlari yaxshi rivojlangan. Itlarning tishlari 42 ta.
Tish formulasi: ta
Itlarning oldingi oyog’ida beshtadan, orqa oyog’ida to`rttadan barmoqlari bor. Tirnoqlari to`mtoq, ichiga tortilmaydi. Dumi baroq, ancha uzun. O`ljasini orqasidan quvib tutadi. Hid bilish organi yaxshi rivojlangan.
Itlar Antarktidadan tashqari barcha qit`alarda tarqalgan, ular har xil sharoitda yashaydi. Itlar oilasiga 35 ta tur kiradi, shulardan 8 ta turi MDHda, jumladan, 7 ta turi O`zbekistonda uchraydi. Ular, asosan hayvonlar, ba`zilari o`limtiklar bilan oziqlanadi. Itlar oilasining ko`pchilik turlari monogam, yiliga bir marta tug’adi. Bo`g’ozlik davri 50-80 kun, 3-8 ta bola tug’adi. Ba`zi turlari serpusht. Masalan: shimol tulkisi 18 tagacha bola tug’adi. Itlar oilasi vakillari yil bo`yi faol bo`ladi. Faqatgina yenotsimon it qishda uyquga ketadi.
Itlar oilasining tipik vakillariga tundrada tarqalgan qimmatbaho mo`yna beruvchi oq tulki yoki pesets (Alopex lagopus), keng tarqalgan va mo`ynachilikda asosiy o`rinlardan birini egallagan oddiy tulki (Vulpes vulpes), bo`ri (Canis lupus), chiyabo`ri (Canis aureus), dingo (S.dingo), koyot (C.latrans), fenek va boshqalar kiradi. Oq tulki qishda, asosan oq rangda bo`ladi. Komandor orollarida barcha oq tulkilar-pesetslar havorangda bo`ladi. Oq tulkilarning asosiy ozig’i lemminglar hisoblanadi. Oddiy tulki MDHda keng tarqalgan.
O`rta Osiyoda tarqalgan turlarinig hajmi kichik va och rangli bo`ladi. Tulkilar barcha hududlarda, hatto qishloqlar va shaharlar atrofida ham yashaydi. Yozda 4-8 ta ko`zi yumuq bola tug’adi. Tulkilar mayda sichqonsimon kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanib, qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi. Ular ba`zan uy parrandalariga ham hujum qiladi.
Bo`rilar ham MDHda keng tarqalgan. Respublikamizda bo`ri cho`llarda, to`qaylarda, tog’ va tog’oldi hududlarda uchraydi. Ular yil bo`yi juft bo`lib yashaydi. Har bir bo`ri oilasining muayyan yashash maydoni bo`ladi va ular bu yashash maydonini qo`riqlaydi. Bo`rilar, asosan kechasi ov qiladi. Ularning vazni 40-50 kg keladi. Lekin ular chaqqon va kuchli bo`lganligi uchun o`zidan yirik hayvonlarga ham tashlanadi. Bo`rilar, asosan yovvoyi hayvonlarga va ba`zan uy hayvonlariga hujum qiladi. Ular hayvonlarni yeyishdan ko`ra ko`proq g’ajib tashlab, katta zarar keltiradi. Qutirgan bo`ri odamga ham hujum qiladi. Urg’ochi bo`rilar 4 tadan 12-13 tagacha ko`zi yumuq bola tug’adi. Ular 15 yilgacha umr ko`radi.
Chiyabo`rilar, asosan Kavkazda va O`rta Osiyoning ba`zi hududlarida tarqalgan. O`zbekistonda ko`proq daryo bo`ylaridagi to`qaylarda, vohalarda va tog’oldi hududlarda uchraydi. Ular tunda ov qiladi. Ko`proq qushlar va ularnig tuxumlari, sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Xonadonlardagi parrandalarga ham hujum qiladi.
Yenotsimon it (Nystereutes procyonoides) tashqi ko`rinishidan Amerika yenotiga o`xshaydi. Yenotsimon it Ussuriy o`lkasida tarqalgan. U qishda uyquga kirishi bilan itlar oilasining boshqa turlaridan farq qiladi. Yenotsimon it Rossiyaning bir qancha viloyatlarida iqlimlashtirilgan. Itlar oilasining ko`p turlari quturish kasalligi viruslarini va gijja tuxumlarini tarqatadi. Bo`rilar chorvachilikka zarar yetkazadi, ayrim turlari zararkunanda kemiruvchilar bilan oziqlanib foyda keltiradi. It bo`ri bilan chiyabo`rining chatishishidan yetishtirilgan, ya`ni it bo`ri va chiyabo`ri bilan chatishadi va nasl beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |