To`ng’izlar (Suidae) oilasi vakillarining tumshug’i uzun, uchi doira shakldagi yassi va tuksiz harakatchan tog’aydan iborat. To`ng’izlarning tishlari 44 ta. Tanasidagi junlari siyrak, asosan dag’al qillardan iborat. Yuqori jag’idagi qoziq tishlari yaxshi rivojlangan, uzun, yuqoriga qayrilgan.
Tish formulasi: ta
To`ng’izlarning tipik vakili yovvoyi to`ng’iz (Sus scrofa) Yevropa va Osiyoda keng tarqalgan, O`zbekistonda, asosan tog’ o`rmonlarda va to`qaylarda yashaydi. To`ng’izlar har xil oziqni yeyaveradi, ya`ni yong’oq, yomg’ir chuvalchangi, hasharotlarning lichinkalari bilan oziqlanadi. Yiliga bir marta ko`payadi va 4-6 ta, ba`zan 12 tagacha bola tug’adi. Yovvoyi cho`chqalarning boshqa turlari Janubiy Osiyo va Afrikada tarqalgan. To`ng’izlarning og’irligi 80-150 kg, ba`zilari hatto 300 kg gacha boradi. Ular poda bo`lib yashaydi. Podada, asosan urg’ochisi va yosh bolalari bo`ladi, qari erkaklari alohida yashaydi. Uy cho`chqalari Osiyo to`ng’izlaridan kelib chiqqan. Uy cho`chqasi yovvoyi cho`chqaga qaraganda ko`proq bola tug’adi. To`ng’izlar ovlanadi.
Pekarlar (Tayassuidae) oilasi vakillari Janubiy va Markaziy Amerikada tarqalgan bo`lib, 3 ta turi bor. Tanasining uzunligi 100 sm gacha va og’irligi 30 kg gacha boradi. Tashqi ko`rinishidan cho`chqalarga o`xshab ketadi. Oyoqlari ingichka, orqa oyoqlarida 3 tadan barmoqlari bor. Oshqozoni ikki bo`lmali.
Belida hid chiqaradigan muskus bezi bor. Pekarlar hammaxo`r, urg’ochilari odatda 1-2 ta bola tug’adi. Ov qilinadi.
Kavsh qaytaruvchilar (Ruminantia) kenja turkumiga juft tuyoqlilar turkumining eng ko`p turlari, ya`ni 180 dan ortiq turi kiradi.
Bu kenja turkumga kiradigan hayvonlar oziq tishlarining chaynash yuzasi yassi tortilib, katakchalari yaxshi taraqqiy etganligi, ustki kurak tishlari va qoziq tishlari yaxshi rivojlanmaganligi yoki butunlay bo`lmasligi, pastki qoziq tishlari shaklan iskanaga o`xshashligi va 4 ta bo`limdan iborat (katta qorin, to`r qorin, qat qorin va shirdon) murakkab oshqozoni borligi bilan xarakterlanadi. Ayrim tur kavsh qaytaruvchilarda qat qorini bo`lmaydi. Yaxshi chaynalmagan ozuqa katta qoringa, undan to`r qoringa va so`ngra qayta chaynalish uchun og’iz bo`shlig’iga qaytariladi. Kavsh qaytaruvchilarning oyoqlari va bo`yni uzun, gavdasi ixcham, tez yuguradi, oyoqlarining 3,4-nchi barmoqlari kuchli rivojlangan, 2,5-nchi barmoqlari esa kuchsiz rivojlangan, kichkina va yurganda yerga tegmaydi. Ko`pchilik turlarida peshona suyagining o`simtasi hisoblangan shox bor. Ularda teri osti yog’ qavati yaxshi rivojlanmagan.
Kavsh qaytaruvchilarning yovvoyi turlari Avstraliya, Madagaskar va Antil orollaridan tashqari hamma yerda tarqalgan. Kavsh qaytaruvchilar xo`jalikda katta ahamiyatga ega, asosiy chorva mollari sifatida go`shti, suti va terisi uchun boqiladi, yovvoyi turlari esa go`shti va terisi uchun ovlanadi. Kavsh qaytaruvchilar kenja turkumi 5 ta oilaga bo`linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |