Dumsiz sichqonlar yoki pichan yig’uvchilar oilasi vakillari Osiyoning tog’li hududlarida tarqalgan. MDHda ular Uralda, Sibir tog’larida, Qozog’iston va O`rta Osiyoda uchraydi. Dumsiz sichqonlar oilasi vakillarining qulog’i va oyoqlari kalta, dumi bo`lmaydi. Yer osti uyasida yashaydi. Qishda quruq o`tlardan ozuqasini g’amlaydi. Asosiy vakillariga daur dumsiz sichqoni (Ochotona daurica) va shimol dumsiz sichqoni (Och. hyperborea) kiradi.
Tovushqonlar (Leporidae) oilasiga tovushqonlar va chin quyonlar kiradi. Ularning xarakterli belgilariga, avvalo orqa oyoqlari va quloqlarining uzun bo`lishidir. MDHning tundra va o`rmonlarida tovushqonlarning 4 ta turi va bitta yovvoyi quyon uchraydi. Tovushqonlardan eng ko`p tarqalgani oq tovushqon (Lepus timidus) hisoblanadi. Qishda bu tovushqonning rangi qordek oppoq bo`ladi. Malla tovushqon (Lepus europaeus) ham MDHning Yevropa qismida, Kavkazda, Shimoliy Qozog’istonda va G’arbiy Sibir cho`llarida ko`plab uchraydi.
Oq tovushqondan farq qilib o`rmonsiz ochiq joylarda yashaydi. Malla tovushqon qishda qisman oqaradi, janubda, masalan Qirimda yashaydigan malla tovushqonning rangi oqarmaydi. O`rta Osiyo cho`llarida ancha mayda qum ya`ni, tolay tovushqoni (Lepus tolai) va Janubiy Ussuriyada Manjuriya tovushqoni (Lepus mandschuricus) uchraydi. Tovushqonlar ichida eng yirigi malla tovushqon hisoblanadi.
Tovushqonlar soatiga 70 km tezlikda yugurishi mumkin. MDHda malla va oq tovushqonlar ko`plab ovlanadi. Tovushqonlar o`simliklarning vegetativ qismi bilan oziqlanadi. Ular dag’al o`simliklar bilan oziqlanganligi uchun ko`r ichagi uzun va yaxshi rivojlangan. Tovushqonlar qishda ozuqa g’amlamasligi bilan dumsiz sichqon-
lardan farq qiladi. Tovushqonlar quyonlardan farq qilib, uya qurmaydi. Ular uzoq davom etadigan qishga yaxshi moslashgan, keng panjalari qalin jun bilan qoplangan.
Tovushqonlar yumshoq va qalin qorda botmasdan tez yura oladi. Tovushqonlar, asosan yakka–yakka yashaydi. Ular butalar va qalin o`simliklar ostida dam oladi va ko`payadi. Oq tovushqonning urg’ochisi yiliga 2–3 marta 2 tadan 6 tagacha bola tug’adi. Endi tug’ilgan tovushqon bolalarining usti jun bilan qoplangan, ko`zi ochiq va yura oladi.
Tovushqon bolalari tug’ilgandan keyin darhol onasini quyuq va seryog’ suti bilan oziqlanib, chopib ketadi va pana joylarda yashirinadi. Urg’ochi tovushqonlar bolalarini har 2–3 kunda qidirib topib, sutga to`yg’azadi.
Bolalari oldiga kam borishi bilan ona tovushqon ularni yirtqichlar nazaridan qochiradi va naslini saqlaydi. Yosh tovushqon juda tez o`sadi, ular 5–10 kunligida mustaqil yashay boshlaydi, birinchi yili oxiriga borib bemalol ko`payishi mumkin. Tovushqonlarning homiladorlik davri 50 kun atrofida bo`ladi. Tovushqonlar katta ov ahamiyatiga ega.
Yovvoyi quyon (Oructologus cuniculus)ning asl vatani G’arbiy, Janubiy va Markaziy Yevropa hamda Shimoliy-G’arbiy Afrika hisoblanadi. Keyinchalik ular Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy va Shimoliy Amerika va Yevropaning boshqa ko`plab hududlarida ham iqlimlashtirilgan. MDHda esa Odessa va Xerson atroflarida tarqalgan. Quyonning qulog’i va oyog’i tovushqonlarnikiga nisbatan ancha kalta bo`ladi. Ular, asosan koloniya bo`lib, yerda uya qazib o`z uyalarida yashaydi, bir oz xavf tug’ilsa darhol inlariga kirib yashirinadi. Quyonlarning homiladorlik davri 30 kun atrofida bo`ladi. Ular bir yilda 3-6 marta ko`payadi va har gal 4 tadan 12 tagacha bola to`g’adi. Tovushqon bolalaridan farq qilib, quyonning endi tug’ilgan bolasining terisi junsiz, ko`zi yumuq va nimjon bo`ladi. Quyonlar, asosan jarliklarda yashaydi va tunda faol bo`ladi.
Odamlar yovvoyi quyonni qo`lga o`rgatib, ko`pgina honaki, quyonlarining zotlarini yetishtirgan. Jahonda quyonlarning 60 dan ortiq zotlari bor. Quyonlardan mazali go`sht, sifatli teri va jun (momiq) olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |