Yasherlar (Pholidota) turkumi. Yasherlarni terisi ustki tomonidan harakatchan tangachalar bilan cherepitsasimon qoplangan, bu tangachalar ikkilamchi marta hosil bo`lgan va himoya vazifasini bajaradi. Sudralib yuruvchilarning shoxsimon tangachalariga mutlaqo o`xshamaydi. Tumshug’i va tili chumolixo`rlarniki singari uzun, tili yopishqoq. Yasherlar, asosan chumolilar va termitlar bilan oziqlanadi, tishlari yo`q. Ularning tishlari bo`lmaganligi sababli oshqozoni ichki tomondan muguz (shoxsimon) parda bilan qoplangan. Yasherlar ozuqa bilan birga mayda toshchalarni ham yutadi va bu toshchalar oshqozoniga tushib ozuqani maydalashiga yordam beradi (qushlarning muskulli oshqozoniga o`xshash).
Yasherlar turkumining 8 ta turi bo`lib, ular Janubiy Osiyoda (3 ta turi) va Afrikaning tropik hududlarida (5 ta turi) tarqalgan. Tipik vakili cho`l yasheri (Manis temmincki) hisoblanadi. Yasherlarning tanasi uzunligi 30 sm dan 80 sm gacha va og’irligi 4,5 kg dan 27 kg gacha boradi.
Kemiruvchilar (Rodentia) turkumi. Kemiruvchilar sutemizuvchilar sinfi orasida eng ko`p turlarga ega bo`lgan turkum hisoblanadi, ya`ni 2000 ga yaqin turi va 30 ta oilasi bor. MDHda 15-16 ta oilaga kiruvchi 150 tacha turi, shu jumladan, O`zbekistonda 9 ta oilaga mansub 41 ta turi uchraydi. Bu turkum vakillari tishlarining tuzilishi bilan xarakterlanadi. Pastki va yuqorigi jag’larining har qaysi yarmida faqat bittadan kurak tishlari bo`ladi va ular ko`rinib turadi. Qoziq tishlari yo`q. O`simliklarning qattiq qismini, ya`ni ozuqani ezish uchun oziq tishlarining keng chaynash yuzasi bor. Oziq tishlarning yuzasida emal egatchalari bo`ladi. Tishlarining ildizi yo`q va ular umr bo`yi o`sib turadi. Kemiruvchilarning tishlari 16 ta.
Tish formulasi: ta
Tumshug’i to`mtoq, tumshug’ida qilsimon mo`ylovlari bor. O`simliklar bilan oziqlanadi. O`simlikxo`r bo`lganligi uchun ichaklari, ayniqsa ko`r ichagi yaxshi rivojlangan. Ular tez ko`payadi, har safar ko`p bola tug’adi, yiliga bir necha marta bolalaydi va erta voyaga yetadi. Kemiruvchilar yer ustida, yer tagida, daraxtda va kamdan–kam turlari suvda yashaydi. Tanasining uzunligi 5 sm dan 130 sm gacha va vazni 6 g dan 60 kg gacha boradi. Kemiruvchilar turkumiga kiruvchi bobyorlar, sug’urlar, olmaxonlar, ondatra, shinshilla, norkalardan qimmatbaho mo`yna olinadi. Sichqonlar, dala sichqonlari, qumsichqonlar va yumronqoziqlar qishloq xo`jalik zararkunandalari va xavfli yuqumli kasalliklar qo`zg’atuvchilarini tarqatuvchilar hisoblanadi. Shuning bilan bir qatorda ayrim tur kemiruvchilar tuproq hosil bo`lishida va o`simlik qoplamining shakllanishida ham muhim ahamiyatga ega. Ko`k sug’ur bilan mitti qo`shoyoq O`zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Quyida kemiruvchilar turkumining ayrim oilalari to`g’risida ma`lumotlar keltiriladi (223-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |