221-rasm. Ko`rshapalaklar kenja turkumi vakillari: 1-malla shomshapalak, 2-oddiy ko`rshapalak, 3-katta shomshapalak, 4-taqaburin ko`rshapalakning boshi.
Taqaburunlar oilasi vakillari burnida junsiz yalang’och teri o`simtasi taqa shakliga ega bo`lishi hamda quloqlarining sodda tuzilganligi bilan xarakterlanadi.
Ular faqat Sharqiy yarimsharda tarqalgan. MDHning janubiy qismida, shu jumladan, O`zbekistonda kichik taqaburun (Rhinolophus hipposideros), katta taqaburun (Rhynolophus ferrumequinum), Buxoro taqaburuni (Rhynolophus bocharicus) va keng quloqli qat-qatlab (Tadarida teniotis) kabi turlari uchraydi. Bargburunlar (Phyllostomidae) oilasi vakillari Markaziy va Janubiy Amerikada tarqalgan. Bu oilaga vampirlar ham kiradi. Vampirlarning ba`zi turlari katta sutemizuvchilarning va hatto odamlarning qonini so`rmasdan, uni o`ljasi terisi yuzasidan yalab oladi.
Bunday ko`rshapalaklarning so`lagi og’riqsizlantirish xossasiga ega bo`lib, qonni ivishidan saqlaydi. Tishlaganda og’riq sezmasligi va qonning ivimasligi shunga bog’liq. Unchalik zarar yetkazmaydi. Ular, asosan hayvon uxlab yotganda qonini yalaydi.
Ular hayvonlarning qonini shu qadar ehtiyotlik bilan ohista yalaydiki, hatto uxlab yotgan hayvon va odam uyg’onmaydi. Bu jarayon 30 minutcha davom etadi. Vampirlarning soni ko`payib ketganda, chorvachilik xo`jaliklariga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkin, chunki qon kamayishi natijasida hayvon kuchsizlanadi. Vampirlar odamlar orasida qutirish kasalligi virusi va ayrim infektsiyalarni tarqatadi.
Ayrim turlari mevalar bilan ham oziqlanadi. Kichik taqaburun, uzundum tunshapalak, oq qorinli o`qquloq va keng quloqli qat-qatlab O`zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Noto`liqtishlilar (Edentata) turkumi. Noto`liqtishlilar turkumining turlari kam, ular Janubiy Amerikada tarqalgan. Noto`liq tishlilarlarning tishlari butunlay bo`lmasligi va sodda tuzilganligi bilan xarakterlanadi. Ayrim turlarida tishlari bo`lsada, tish ildizi va emali bo`lmaydi. Tishlari guruhlarga bo`linmagan doimo o`sib turadi va odatda tishlari bir marta almashinadi. Oziq va yirtqich tishlari rivojlanmagan. Bosh miya yarimsharlari kichik va egatchalari yo`q. Tana uzunligi 12 sm dan 1,2 m gacha boradi. Ular, asosan yer ustida va daraxtda yashaydi, o`simliklar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Barmoqlari kam bo`ladi. Oldingi oyoqlarining 2 yoki 3 ta barmog’i boshqalariga nisbatan yirikroq bo`lib, kuchli taraqqiy etgan tirnoqlari bor. Primitiv belgilariga yana kurak bilan qo`shilgan korakoidining borligidir. Ko`pchilik turlarining go`shti iste`mol qilinadi. Noto`liq tishlilar uchlamchi davrda juda ko`p bo`lgan. Bular orasida megateriyalar yerda yashovchi katta hayvonlar bo`lgan, kattaligi xo`kizday bo`lib, o`simliklarning vegetativ qismi bilan oziqlangan. Kattaligi xo`kizday keladigan megalo migratsiya qilgan. Bu turkumga yalqovlar, chumolixo`rlar va sovutlilar (zirhlilar) oilalari kiradi (222-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |