142-rasm. Kaptarning tashqi tuzilishi: 1 - boshi, 2 - bo`yni, 3 - qanoti, 4 - dumi,
5 –burun teshigi, 6 - ustki tumshug’i, 7 - tili, 8 –quloq teshigi,
9 –barmoqlari, 10 - iligi.
Kaptarning gavdasi ham boshqa qushlarnikiga o`xshab pat va parlar bilan qoplangan. Tanasi tuxumsimon shaklda, boshi kichkina va yumaloq. Boshining oldingi tomonida tumshug’i bor, tumshug’i ikki qismdan, ya`ni yuqorigisi - tumshuq usti va pastkisi - tumshuq ostidan iborat.
Tumshug’i shox parda bilan qoplangan suyak jag’laridan tuzilgan. Hozirgi yashab turgan qushlarda tishlari bo`lmaydi. Bu esa ularning uchishi uchun katta ahamiyatga ega bo`lgan tana massasini yengillashtiradi.
Qushlar tumshug’i yordamida ozuqa yig’adi, ko`pchiligi ozuqani tumshug’i bilan maydalaydi, uya quradi, dushmanlardan o`zlarini himoya qiladi. Umuman, qushlar tumshug’ining kattaligi va shakli oziq turiga qarab turli qushlarda har xil bo`ladi
(143-rasm).
Tumshug’i asosida burun teshiklari joylashgan. Boshining ikki yonida yirik ko`zlari bo`lib, ularda ustki va pastki qovoqlardan tashqari yumgich pardalari ham bor. Ko`zlaridan orqaroqda birmuncha pastda patlari orasida quloq teshiklari joylashgan. Ayrim qushlar (qirg’ovul, qur)ning boshida go`shtdor hosilalari- taroq va halqalar bo`ladi. Umuman, qushlarning gavdasi (kaptar, qarg’a, chumchuq) nisbatan kichik boshi, uzun harakatchan bo`yni, tuxumsimon tanasi hamda bir juftdan oyoq va qanotlardan iborat.
Havoda ular boshini oldinga chiqarib, oyoqlarini tanasiga tortib yoki orqaga uzatib uchadi. Bunda ularning tanasi havo qarshiligiga kamroq uchraydigan shaklga keladi. Qushlarning dumi kichrayib, go`shtdor kichkina do`mboqqa aylangan, bu do`mboqda yelpig’ichdek yozila oladigan uzun-uzun serbar patlar bo`ladi. O`zgarib, qanotga aylangan oldingi oyoqlari lotincha «Z» harfi shaklida bo`ladi, ya`ni bu oyoqlarining uchta asosiy bo`limi bir-biriga nisbatan biror burchak ostida turadi va shunga ko`ra butunlay yozila olmaydi.
Teri qoplami. Qushlarning terisi yupqa va quruq bo`lib, unda hech qanday suyak tuzilmalari yo`qligi, patlardan tashkil topgan shox qoplag’ichining borligi va bezlarning bo`lmasligi bilan xarakterlanadi.
Ko`pchilik qushlarda faqat dum tubining ustiga o`rnashgan dum bezi bor. Dum bezi o`zidan sekret chiqaradi.
Qushlar tumshug’i yordamida patlarini shu sekret bilan yog’laydi. Bu yog’li sekret patlarni suv bilan ho`llanishdan saqlaydi. Dum bezi, ayniqsa, suvda suzuvchi qushlarda yaxshi rivojlangan. Quruqlikda (cho`lda) yashovchi ba`zi qushlarda (tuyaqushlar,tuvaloqlar) bu bez bo`lmaydi. Dum bezining sekreti quyosh nuri ta`sirida «D» vitaminiga aylanadi, buni qushlar patlarini tozalash vaqtida yutadi. Qushlar tanasi tashqi tomondan shox ortiqlari-patlar, pat-parlar, haqiqiy parlar, ipsimon patlar va qilchalar bilan qoplangan (144-rasm).
Kontur patlar. Voyaga yetgan qushning ustini qoplab turadigan patlarning ko`p qismini kontur patlar tashkil etadi. Bu patlar joylashishiga qarab turli nomlari bor, ya`ni dum usti patlari, quloq qoplag’ich patlari va hokazo.
Qushlarning dum pati yoki qoquvchi qanot patlaridan bir donasini yulib olib, tuzilishi bilan tanishiladigan bo`lsa, tipik pat egiluvchan o`q va birmuncha yumshoq yon plastinka - tashqi hamda ichki yelpig’ichlardan iboratligini ko`rish mumkin. Pat o`qining ustki uzun qismi tana, yelpig’ichsiz pastki qismi esa qalam uchi deyiladi, qalam uchining tubida teshigi bor (145-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |