146-rasm. Qanot skeletida qoquv patlarining joylanishi: 1 - birinchi tartibdagi qoquv patlari,
2 - ikkinchi tartibdagi qoquv patlari, 3 - uchinchi tartibdagi qoquv patlari, 4 - qanotcha.
Pat kaptar gavdasini boshidan oxirigacha qoplab olmasdan, balki terining ma`lum qismlari (pteriliylar)dagina bo`ladi, shu qismlar orasida patsiz joylar (apteriylar) ham bor (147-rasm).
147-rasm. Kaptar terisidagi pteriliy (1) hamda apteriylarining (2) qorin va orqa
tomonidan ko`rinishi.
Kontur patlarining umumiy soni yirik qushlarda ko`p bo`ladi. Masalan: kolibrilarda 100 taga yaqin kontur patlari bo`lsa, mayda chumchuqsimonlarda 1,5-2,5 mingtagacha, baliqchi qushlarda 5-6 mingtagacha, o`rdaklarda 10-12 mingtagacha va oqqushlarda 25 mingtagacha bo`ladi.
Parli patlar, parlar, qilchalar. Kontur patlarning tagida parli patlar va haqiqiy parlar joylashgan. Ular o`qlarning ingichka bo`lishi hamda ikkinchi (darajali) tartibdagi tolachalari yo`qligi bilan kontur patlardan farq qiladi. Par va par-patlar tanada issiqlikni saqlash funktsiyasini bajaradi. Par o`qi kalta tortgan parli patdir, shuning uchun ham butun tolachalari uning uchidan bir tutam bo`lib chiqadi. Ko`pgina qushlarning og’iz burchaklari atrofida ipsimon qilchalar bo`lib, ular barcha tolachalarni yo`qotib, faqat pat o`qini saqlab qolgan parli patdan iboratdir. Qushlarning ko`pchilik turlarida, ayniqsa, suvda suzuvchilarda momiq patlar ko`p bo`ladi.
Eskirgan patlar tullash paytida tushib, o`rniga yangilari o`sib chiqadi. Umuman, pat va parlar qush tanasini sovuqdan va namiqishdan saqlaydi. Ayni paytda, ular tanaga suyrisimon shakl beradi va qanotining uchish yuzasini hosil qiladi. Qushlar turiga va yashash sharoitiga qarab patlarini yil davomida bir marta yoki 2-3 marta almashtiradi.
Yirtqich va hasharotxo`r qushlarni pati oldinma-keyin tushib uchishni davom ettiraveradi, boshqa qushlarning pati birdaniga tushadi.
Ma`lumki, qushlar yashash davrida vaqt o`tishi bilan pat va parlari asta-sekin yeyiladi, rangi o`chadi, mexanik va issiqlikni saqlash xususiyatlari yomonlashadi. Shuning uchun qushlarda pat va parlarning davriy almashinishi, ya`ni tullash hodisasi yuz beradi. Qushlarda to`liq tullash, ya`ni teridagi hamma patlarning almashinishi, odatda yoz faslining oxirlarida (ko`payish davri tugagandan keyin) o`tadi. Bu holda qushlarning uchish qobiliyati yomonlashadi, lekin ayrim qushlarda (g’ozsimonlar, suvmoshaklar, turnalar) tanadagi kontur patlar navbat bilan asta-sekin o`tsa, qoquv va rul patlari bir vaqtning o`zida tushadi, natijada qush uchish qobiliyatini yo`qotadi. Ba`zi qushlar bir yilda ikki marta tullaydi. Ikkinchi tullash kelgusi yilning bahoriga to`g’ri keladi. Bu vaqtda qoquv va rul patlari almashinmaydi.
Qushlar patlarining rangi ikki sababga, ya`ni pigmentga va patning mikroskopik strukturasiga bog’liq. Qushlarning pigmenti ikki guruhga, ya`ni donacha va tayoqcha ko`rinishida bo`ladigan melaninlarga va eritma holida bo`ladigan lipoxromlarga bo`linadi. Birinchi guruhga kiruvchi pigmentlar qora, bo`z, kulrang tusni hosil qiladi. Ikkinchi guruhga kiradigan pigmentlar esa qizil, sariq va yashil ranglarni beradi.
Skeleti. Qush skeletlarining mahkam va yengil bo`lishiga sabab uning pnevmatikligi, ya`ni ularda ichi havo bilan to`lgan bo`shliqlarning bo`lishidir. Bosh skeletining yengil bo`lishi tishlarning yo`qolib ketishi va suyaklarining yupqalanishi bilan bog’liq bo`lib, voyaga yetgan qushlar miya qutisidagi barcha suyak choklari bilinmaydigan darajada bir-biriga qo`shilib ketgan. Suyaklararo choklarni faqat yosh qushlarning bosh skeletidagina ko`rish mumkin (148-rasm).
Ko`krak toj qismi oldingi oyoqlarni harakatga keltiruvchi muskullar rivojlanishi tufayli taraqqiy etgan. Uchish layoqatini yo`qotgan kushlar (tuyaqushlar)da ko`krak toj suyagi yo`q bo`lib ketgan, biroq ba`zi qushlar (pingvinlar)da ko`krak toj suyagining saqlanib qolganligi ularning suvda suzishga moslashganligi bilan bog’liq. Oldingi oyoq (qanot) skeletida tipik bo`limlarning hammasi bor, lekin ular uchishga moslashganligi uchun panjalari shaklan o`zgarib, qisman reduktsiyalangan. Bilaguzuk suyaklarining proksimal elementlari bir-biriga qo`shilib, ikkita kichkina suyakcha hosil qilgan bo`lsa, distal elementlari kaft suyagiga qo`shilib ketgan. Kaft suyagi faqat ikkita uzunchoq suyakchadan iborat bo`lib, ularning proksimal hamda distal qismi qo`shilib bitta kaft-bilaguzukni hosil qilgan. Barmoqlaridan faqat birlamchi uchta barmoq falangalari saqlanib qolgan.
Orqa oyoqlar uch bo`limdan iborat. Bulardagi kichik boldir suyagi rudimentlashi katta boldir suyagiga qo`shilib ketgan. Boldir suyagining distal qismi tovon suyakchalarining proksimal qatorlaridan hosil bo`lgan. Tovon suyakchalarining proksimal qatorlari haqiqiy boldir suyagiga choksiz birikishi tufayli yangi tibiotarzus nomli suyak paydo bo`lgan. Voyaga yetgan qush oyog’ining tibiotarzusdan keyingi bo`limi bitta suyak - pixdan (ilik) iborat. Pix esa oyoq kafti suyakchalarining bir-biriga qo`shilishidan hosil bo`ladi. Shunday qilib, qushlarning tovon bo`g’imi ikki qator tovon suyakchalari orasida joylashgan va bu intertarzal yoki tovonaro bo`g’im deb ataladi. Qushlar bosh skeletining ensa bo`limida bitta ensa bo`rtmasi bo`ladi.
Qushlarning skeleti bosh skeleti, o`q skeleti, ko`krak qafasi (to`sh, qovurg’a) skeleti, oyoq skeleti va ularning kamarlariga bo`linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |