VI BOB. QUSHLAR (AVES) SINFI
Qushlar sinfining umumiy tavsifi, tashqi va ichki tuzilishi, ko`payishi va rivojlanishi. Qushlar sinfining sistematikasi, ekologiyasi, kelib chiqishi va ahamiyati.
VI.1. Qushlar sinfining umumiy tavsifi, tuzilishi va ko`payishi
Gavda shakli. Qushlarning tanasi zich va asosan yumaloq shaklda bo`ladi. Boshi unchalik katta emas, bo`yni uzun va harakatchan. Oldingi oyoqlari, ya`ni qanotlari tinch turganda tanasi yoniga yig’ilgan bo`ladi. Qushlarning pat va parlari gavdasiga suyri shaklini beradi.
Kaptarlar, yapaloqqushlar, lochinsimonlar va to`tiqushlarning ustki tumshug’i asosida voskovitsasi bor, bu yumshoq teri bo`lib, tumshuqning ustiga bo`rtib chiqib turadi.
Qushlar anatomik tuzilishi jihatidan o`zlarining bevosita ajdodlariga, ya`ni sudralib yuruvchilarga juda yaqin turadi. Qushlarning terisi sudralib yuruvchilarniki singari quruq, deyarli teri bezlari bo`lmaydi. Qushlarning oyoqlari tangachali teri bilan qoplangan. Ularning pati va pari sudralib yuruvchilarning tangachasi singari shoxsimon moddadan tuzilgan. Sudralib yuruvchilar singari qushlarda ham ichak, siydik yo`li va ko`payish organlari teshiklari kloakaga ochiladi. Ayniqsa, ularning embrionlari o`rtasida juda ko`p o`xshashliklar bor.
Qushlarning asosiy progressiv belgilariga ularning ko`ruv va eshituv organlarining yaxshi taraqqiy etganligi, bosh miyasining murakkab rivojlanganligi, gavda haroratining doimiy yuqori bo`lib turishi (gomoyotermik) organizmning butun hayot faoliyatini kuchaytiradi va qushlarni muhitga, jumladan, atrofdagi haroratga kamroq bog’liq qilib qo`yadi. Qushlarning yuragi to`rt kamerali bo`lishi, havoda oson harakatlanishni ta`min etadigan va differentsiallangan murakkab pat qoplamining yuzaga kelganligi havoda uchish uchun yordam qilib, qushlarning tarqalishi va oziq topishiga keng imkoniyatlar ochib bergan murakkab moslamalar kompleksi borligidir.
Qushlarning hajmi va massasi ham turlicha. Masalan: Yangi Gvineya Kazuarlarining og’irligi 50-70 kg gacha boradi, Afrika tuyaqushining bo`yi 2,5-3 m va og’irligi 90-100 kg gacha yetadi. Uchib yuruvchi qushlardan albatroslar qanotini yoyganda kengligi 3,6 m gacha, tasqaraniki 3,25 m gacha va saqoqushlarniki 3,1 m gacha boradi. Uchib yuruvchi qushlar orasida eng yirigi oqqush hisoblanadi. Uning massasi 22 kg gacha yetadi. Eng kichik va yengil qush kolibrilar bo`lib, ularning hajmi qovoqarilarday va og’irligi 1,7-2 g keladi. Ko`pchilik kolibrilarning og’irligi 3-8 g atrofida bo`ladi.
Qushlarning oldingi oyoqlari shaklan o`zgarib, qanotga aylangan. Aorta yoyi bitta bo`lib, o`ng tomonga burilgan. Bosh miya yarimsharlari tubi oldingi miya, o`rta miya va miyacha hisobiga progressiv taraqqiy etgan. Qushlarning tashqi va ichki tuzilishi kaptar misolida o`rganiladi (142-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |