138-rasm. Pterozavrlar.
Perm davrida kotilozavrlardan diapsida guruhiga kiruvchi sudralib yuruvchilarning katta shoxi ajralib chiqadi. Bu guruh tezda ikkita kenja sinfga, ya`ni lepidozavrlar (Lepidosauria) va arxozavrlar (Archosauria)ga ajraladi. Le-pidozavrlarning eng primitiv turkumi-eozuxiylar (Eosuchia) hisoblanadi, bular ancha kichik (0,5 m) bo`lib, kaltakesaklarga o`xshab ketgan, umurtqalari amfitsel shaklda bo`lgan va triasning boshida qirilib ketgan. Perm davrida eozuxiylardan tumshuqboshlilar (Rhynchocephalia) paydo bo`lgan. Tumshuqboshlilar yura davrining oxirlarida qirilib ketgan. Ulardan bitta turi – gatteriya hozirgacha yashab kelmoqda. Perm davrining oxirida eng primitiv eozuxiylardan tangachalilar paydo bo`lgan va ular bo`r davrida xilma-xil bo`lgan. Bo`r davrining oxirida kaltakesaklardan ilonlar ajralib chiqadi.
Mezozoy erasida yashagan shakli xilma-xil va ekologik yo`nalishlari turlicha bo`lgan sudralib yuruvchilarga arxozavrlar kiradi. Arxozavrlar quruqlik, suv va hatto havo muhitida ham yashagan. Arxozavrlarning bosh guruhi tekodontlar (Thecodontia) yoki psevdozuxiyalar (Pseudosuchia) hisoblanadi. Ular kaltakesaklarga o`xshash bo`lib, bo`yi 15 sm dan 3-5 m gacha borgan, yer ustida yashagan. Orqa oyoqlari oldingisiga nisbatan biroz uzun bo`lgan.
Ulardan ayrimlari (ornitozuxiyalar) daraxtlarda yashagan, taxmin qilinishicha, ornitozuxiyalardan keyinchalik qushlar kelib chiqqan. Tekodontlarning boshqa guruhi suvda yashashga ko`chgan, bu guruhdan trias davrining oxirida timsohlar kelib chiqqan. Trias davrining o`rtalariga kelib tekodontlardan pterozavrlar, ya`ni uchar kaltakesaklar (Pterosauria) kelib chiqadi. Ularning kattaligi chumchuqdan tortib qanoti yoyilganda 7-12 m gacha va og’irligi 65 kg gacha boradigan bahaybatlari ham bo`lgan (138-rasm).
Pterozavrlar qushlar va ko`rshapalaklarga o`xshash havoda uchuvchi hayvonlar bo`lgan. Ularning oldingi oyoqlari haqiqiy qanotga aylanib ketgan, lekin bularning bir-biriga qo`shilib ketgan kaft va bilak suyaklari juda uzun bo`lib, birinchi uchta barmog’i teng bo`lgan holda to`rtinchi barmog’i juda uzun va o`sha barmog’i bilan gavdasi yonlari orasida yupqa uchish pardasi tortilgan. O`mrov suyagi bo`lmagan.
Pterozavrlarning skeletida qushlarning skeletiga o`xshash belgilar hosil bo`lgan, ya`ni to`sh suyagida ko`krak toj suyagining bo`lishi, suyaklarning pnevmatikligi, bosh skeleti suyaklarining qo`shilib ketganligi shular jumlasidandir. Jag’lari ko`pchiligida tishsiz bo`lgan. Pterozavrlar baliqlar bilan oziqlangan va qirg’oq bo`ylaridagi qoyalarda yashagan. Bo`r davrining oxiriga kelib pterozavrlar nom-nishonsiz qirilib ketgan. Chunki bu davrda qushlar paydo bo`lib, raqobat yuzaga kelgan.
Trias davrining ustki qatlamlaridan boshlab keyingi oyoqda yuruvchi yirtqich psevdozuxiyalar (tekodontlar)dan dinozavrlar ajralib chiqadi (139-rasm).
Dinozavrlar ikkita katta guruhga, ya`ni kaltakesakchanoqlilar (Saurischia) va qushchanoqlilarga (Ornithischia) bo`linadi. Bular, asosan chanoq kamarining tuzilishi bilan bir-biridan farq qiladi.
Kaltakesakchanoqlilarning ko`pchiligi yirtqich bo`lgan, keyingi oyoqlarida harakat qilgan, oldingi oyoqlari ancha kalta, ba`zilarida hatto reduktsiyalanib ketgan. Ularning orasida ayrimlarining uzunligi 10-15 m ga yetgan, tishlari kuchli, keyingi oyoqlaridagi tirnoqlari baquvvat bo`lgan. Bularga seratozavrlarni misol qilib ko`rsatish mumkin. Kaltakesakchanoqlilarning ba`zilari oldingi va keyingi oyoqlarida yurgan va o`simliklar bilan oziqlangan. Bularga quruqlikda yashagan, uzunligi 30 m va og’irligi 20-25 t keladigan eng katta sudralib yuruvchi-diplodok misol bo`ladi. Diplodokning dumi va bo`yni uzun, boshi nisbatan kichik bo`lgan. Undanda kattaroq va kalta dumli braxiozavrning bo`yi 24 m ga, og’irligi esa 50 t ga yetgan. Bunday gigantlar quruqlikda sekin harakat qilgan, ko`proq vaqtini suv qirg’oqlarida o`tkazgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |