134-rasm. Cho`l toshbaqasining tuxum yo`li bo`ylab tuxum pardalarining hosil bo`lish sxemasi: 1-otalangan tuxum hujayrasi, 2-oqsil parda, 3-tolali parda, 4-po`st parda.
Ko`pchilik sudralib yuruvchilar tuxumlarini yaxshi isiydigan tuproqqa qo`yadi. Ayrim turlari tuxumlarini qoya yoriqlariga, daraxt po`stloqlari ostiga qo`yadi. Timsohlar tuxumlarini yerda kovlagan uyalariga qo`yib ustini barg va o`simlik qoldiqlari bilan berkitib qo`yadi. Urg’ochilari uyani qo`riqlaydi. Echkemarlar, kapcha ilonlar, ba`zi bo`g’ma ilonlar ham tuxumlarini qo`riqlaydi. Bo`g’ma ilonlarning urg’ochisi uyadagi tuxumlarni gavdasi bilan o`rab olib, qo`riqlaydi.
Tuxumni rivojlanishi haroratga bog’liq. Bizdagi reptiliyalar +12 +15C da rivojlanadi, lekin +40+42C issiq tuxumni halokatga olib kelishi mumkin. Sahrolarda yashaydigan sudralib yuruvchilar tuxumlarini soya joylarga chuqurliklarga qo`yadi. Bizda yashaydigan sudralib yuruvchilarni tuxumi 2-3 oy davomida rivojlanadi. Sudralib yuruvchilar vaqti-vaqti bilan tuxum qo`yadi. Ilonlar bir yilda bir marta, gekkonlar 2 marta, kaltakesaklar va toshbaqalar 3-4 marta tuxum qo`yadi. Tuxumlarning soni bir yilda necha marta tuxum qo`yishiga, tuxumning katta-kichikligi va hayvon yoshiga bog’liq bo`ladi. Sudralib yuruvchilar orasida tuxum qo`yib tashlab ketadiganlari ko`p. Sudralib yuruvchilar orasida tirik tug’adigan turlari ham uchraydi.
Ularning tuxumi yumshoq pardali bo`lib, tashqi muhit bilan moddalar almashinish imkonini saqlab qoladi. Toshbaqalar va timsohlarda bu hodisa bo`lmaydi. Tirik tug’ishning asosiy sababi urug’langan tuxumlarni tuxum yo`lida to`xtalib qolishidir, bu yerda tuxum qisman rivojlanadi. Masalan: tez kaltakesakning tuxumi tuxum yo`lida 15-20 kun to`xtab qoladi, tuxum ichida qisman embrion rivojlanadi. Oddiy suvilonning tuxumi tuxum yo`lida bir oy davomida to`xtab qoladi. Natijada uning qo`ygan tuxumida yarim rivojlangan embrion bo`ladi. Boshqa turlarida (tirik tug’ar kaltakesaklar, urchuqchalar, qora ilonlarda ) embrion tuxumni yorib chiqquncha tuxum yo`lida tutilib turadi. Yerga tuxum qo`yilishi bilan undan tirik bola chiqadi. Bu hodisani tuxumdan tirik tug’ish deyiladi, chunki embrion ona organizmi hisobiga o`smasdan, balki tuxumdagi zahira oziq moddalar hisobiga o`sadi. Nihoyat, ayrim tur sudralib yuruvchilarda chinakam tirik tug’ish hodisasi kuzatiladi. Masalan: stsinklar va ba`zi bir kaltakesaklarda tuxumdagi tolali pardalar reduktsiyalanib ketadi va tuxum yo`lining bir qismi xorionga tegib turadi. Xorionda tuxum yo`li devoriga botib kiradigan do`mboqchalar hosil bo`lishi mumkin. Bunda tuxumdagi sariqlik kamayadi, embrion ko`p darajada ona organizmi hisobiga oziqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |