Urchuqsimonlar (Anguidae) oilasining 80 ga yaqin turlari bo`lib, gavdasining shakli duksimon yoki cho`zinchoq tuzilganligi uchun urchuqsimon deb nom berilgan. Ularning boshi simmetrik joylashgan. Yirik muguz qalqonlar bilan qoplangan, qovoqlari harakatchan bo`ladi. Urchuqsimonlar tilining oldingi qismi orqa qismidagi maxsus qin ichiga tortilib kiradi. Urchuqsimonlar oilasi vakillari beozor oyoqsiz kaltakesaklardir. Ko`pchilik turlari, asosan Shimoliy Amerikada tarqalgan, ayrim turlari esa Janubiy Amerikada, Yevropada va Janubi-Sharqiy Osiyoda yashaydi. MDHning Yevropa qismida, asosan urchuqcha (Anguis fragilis), MDHning janubiy hududlarida hamda O`rta Osiyoda esa sariq ilon (Ophisaurus apodus) keng tarqalgan. Ba`zi turlarining oyoqlari bo`lib, ular Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan.
Sariq ilon O`rta Osiyoda, shu jumladan, O`zbekistonning barcha tekislik, tog’oldi cho`l va dashtlarida keng tarqalgan. Uzunligi 1 m atrofida bo`ladi, shilliqqurtlar va mingoyoqlar bilan oziqlanib qishloq xo`jaligiga foyda keltiradi. Urchuqcha ham sariq ilonga o`xshash oyoqsiz kaltakesak bo`lib, gavdasi xuddi ilonnikiga o`xshash, sariq ilonnikiga o`xshash teri qoplami bo`lmaydi. Uzunligi 60 sm gacha boradi. U Yevropa va Osiyoning g’arbiy qismida o`rmonlarda o`simliklar bilan qoplangan joylarda yashaydi. Urchuqchalar ham shilliqqurtlar, yomg’ir chuvalchanglari va boshqa umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Ular bahorda ko`payadi. Embrionining taraqqiy etishi tuxum yo`lida borganligi uchun tuxumdan tirik tug’uvchi kaltakesaklar qatoriga kiradi. Avgust va sentyabr oylarida tuxum qo`ygan zahoti undan bola chiqadi. Urg’ochisi 5 tadan 25 tagacha tuxum qo`yadi.
Echkemarlar (Varanidale) oilasining 1 ta avlodi va 30 ta turi bor. Echkemarlarning oldingi va orqa oyoqlaridagi o`tkir tirnoqli beshta barmog’i ancha takomillashgan. Bo`yin qismi uzun, uchburchak shaklidagi boshi cho`zilgan, uzun tilining uchi ilonlarnikiga o`xshash ikkiga ajralgan. Jag’larida katta va o`tkir tishlari bo`lib, uchi biroz qayrilgan. Orqa tomondagi tangachalari mayda, qorin tomonidagi tangachalari to`rtburchak shaklida silliq, ko`ndalangiga qoplangan.
Echkemarlarning ko`z qovoqlari yaxshi taraqqiy etgan, ko`z qorachiqlari yumaloq, quloq teshiklari ochiq, son teshiklari yo`q, dumi qattiq va chidamli bo`lib, dushmandan muhofaza etish organi vazifasini bajaradi.
Echkemarlarning tipik vakillariga Shimoliy va O`rta Osiyoda tarqalgan kulrang yoki bo`z echkemari (Varanus griseus), Janubiy Osiyo va Avstraliyada tarqalgan komodo echkemari (Varanus komodoensis) va Afrikada tarqalgan Nil echkemari kiradi.
Echkemarlar asosan, mayda sutemizuvchilar va qushlarni ovlab oziqlanadi. Ba`zan ovchilar ovlagan yovvoyi cho`chqalarni ham yeb qo`yadi. Echkemarlarning tuxumi va go`shti ovqatga ishlatiladi.
O`rta Osiyo cho`llarida (Turkmaniston va O`zbekistonda) uchraydigan bo`z echkemarning uzunligi 160 sm keladi. U har xil hasharotlar, mayda sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi.
Komodo echkemarining uzunligi esa 3,65 m gacha, og’irligi 150 kg gacha borada va u Indoneziyada Komodo va Flores orollarida yashaydi. Komodo echkemari
ko`pincha daraxtlarda yashaydi. Nil echkemari Afrikada yashaydi va uning hayoti suv bilan bog’liq bo`lgani uchun suv yoqalarida tarqalgan. Mayda echkemarlarning uzunligi 20 sm atrofida bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |