Tangachalilar (Squamata) turkumi
Tangachalilar turkumi hozirgi yashab turgan sudralib yuruvchilar orasida eng ko`p turga ega bo`lgan va keng tarqalgan hayvonlardan hisoblanadi, ya’ni 6000 dan ortiq turni o`z ichiga oladi. Bularning terisi har xil shakldagi shox tangachalar va qalqonchalar bilan qoplangan. Kvadrat suyagi miya qutisiga harakatchan qo`shilganligi bilan boshqa sudralib yuruvchilardan farq qiladi. Tishlari jag’ suyaklariga qo`shilgan. Bosh skeletidagi ikkita chakka yoyidan bitta-ustkisi saqlanib qolgan. Ikkinchi tanglay suyagi yo`q. Xoanalari og’zining oldingi qismiga ochiladi. Umurtqalari protsel tipda, tuban tuzilgan vakillarida amfitsel tipda bo`ladi. Kloakasi ko`ndalang yoriq shaklida joylashgan.
Tangachalilarning kopulyativ organi juft kovak xaltacha shaklida bo`ladi. Tuxum qo`yish, ayrim turlari tirik tug’ish yo`li bilan ko`payadi. Tuxumlari timsohlar va toshbaqalarning tuxumlariga qarshi o`laroq, oqsilsiz va pergamentsimon parda bilan qoplangan bo`ladi. Tangachalilar turkumi 2 ta kenja turkumga bo`linadi.
1. Kaltakesaklar (Sauria yoki Lacertilia) kenja turkumi.
2. Ilonlar (Ophidia yoki Serpentes) kenja turkumi.
Kaltakesaklar (Sauria yoki Lacertilia) kenja turkumi. Kaltakesaklar gavdasining shakli turli-tuman, asosan cho`zinchoq, uzun harakatchan dumi, yaxshi rivojlangan bo`yin, qisqa va besh barmoqli oyoqlari bor. Ayrim turlarining oyoqlari yo`qolib ketgan, lekin oyoqsiz kaltakesaklarda ilonlardagiga qarshi o`laroq to`sh suyagi, oyoq kamari, harakatchan ko`z qovoqlari va nog’ora pardasi bo`ladi. Gavdasining uzunligi 3,5 sm dan 4 m gacha va og’irligi 150 kg gacha boradi. Ko`plarida dumining uzilish (autotomiya) hodisasi yuz beradi. Lekin ma`lum vaqtdan keyin dumi yana o`sib chiqadi, ammo uning skeleti suyakka aylanmaydi. Teri bezlari faqat sonida joylashadi. Bu bez ko`payishdan oldin ipsimon modda ishlab chiqaradi, bundan hududini chegaralash va ko`payshida kimyoviy signal sifatida foydalanadi.
Kaltakesaklar kenja turkumiga 4300 ga yaqin tur kiradi va ular Yer yuzida keng tarqalgan, MDHda 6 ta oilasi va 80 ga yaqin turi uchraydi. O`zbekistonda esa 38 ta turi aniqlangan. Kaltakesaklarning ko`pchiligi MDHning janubiy hududlarida yashasa, tiriktug’ar kaltakesak bilan ildam kaltakesak o`rta va shimoliy mintaqalarda tarqalgan. Markaziy Osiyo cho`llarida har xil to`garakboshlar, kechasi faol hayot kechiradigan gekkonlar, bo`z echkemar, agamalar va boshqa tur kaltakesaklar yashaydi. Kaltakesaklar kenja turkumiga yana uchar ajdarlar, iguanalar, urchuqsimonlar, zahartishlilar, stsinklar kabi oilalar ham kiradi (124-rasm).
Quyida kaltakesaklar kenja turkumining ayrim oilalari to`g’risida ma’lumotlar beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |