Agamalar (Agamidae) oilasining 34 ta urug’i va 350 dan ortiq turlari bo`lib, kichik va o`rtacha kattalikdagi kaltakesaklardir. Bu oilaga kiruvchi kaltakesaklarning boshi uchburchak yoki yumaloq shaklda, boshi ustida bo`rtmacha va mayda tangachalari bor, yerda yashovchilarining gavdasi yapaloqlashgan, daraxtda yashovchilarining gavdasi esa ikki yonidan siqilgan, oyoqlari boshqa kaltakesaklarnikiga nisbatan yaxshi taraqqiy etgan.
Ba`zi vakillarida yelkasi va dumi ustida shox o`simtalardan toj hosil bo`ladi, tili yo`g’on bo`lib, tashqariga sal chiqib turadi. Tomog’ida ko`ndalang bo`rtma qatlam bor, tishlari jag’ining qirrasiga o`rnashgan. Jag’laridagi tishlari kurak, qoziq va oziq tishlarga bo`lingan bo`lsada, ular faqat ovqat tutish uchun xizmat qiladi.
Agamalar vakillari Afrika, Osiyo, Avstraliyaning cho`l va sahrolarida yashaydi. Ayrim turlari tog’li hududlarda va tropik o`rmonlarda ham uchraydi. Agamalar kunduzi faol, qorong’i tushganda yashirinib oladi. Ular, asosan hasharotlar bilan oziqlanadi. O`zbekistonda 12 ta turi uchraydi. Tipik vakillariga Qizilqum va Qoraqum cho`llarida yashaydigan cho`l agamasi (Agama sanguinolenta), 4300 m qoyalarga ko`tariladigan Turkiston agamasi (Agama lahmonni), ko`chma qumlarda yashaydigan qizilquloq (Phrynocephalus mystaceus), Kavkaz agamasi (Agama caucasicus), Dog’iston, Kavkaz va O`rta Osiyoda qumli sahrolarida uchraydigan qum to`garakboshi (Phrynocephalus interscapularis), taqir to`garakboshi va matrap to`garakboshi kiradi. Avstraliyada plashli kaltakesak va Janubiy Osiyo o`rmonlarida (Hindiston) g’alati agamalardan – uchar ajdar (Draco volans) uchraydi.
Bu agamalar tanasining yon tomonlarida joylashgan, soxta qovurg’alari yordamida saqlanib turuvchi va parvoz qilish imkonini beruvchi pardalari bo`lishi bilan xarakterlanadi. Uchar ajdarlar, asosan daraxtlarda yashab, bir daraxtdan ikkinchi daraxtga 20-60 m gacha sakrab uchib o`tadi.
Iguanalar (Iguanidae) oilasiga 700 ga yaqin tur kiradi. Ular tashqi ko`rinishidan agamalarga o`xshaydi. Uzunligi 10 sm dan 1,5 m gacha boradi. Boshining usti mayda qalqonchaalar bilan qoplangan, yelkasida esa ko`ndalangiga qator bo`lib o`rnashgan tangachalari bo`ladi. Ko`z qovoqlari bo`rtib chiqqan, nog’ora pardalari ko`rinib turadi. Oyoqlari uzun, yaxshi taraqqiy etgan beshta barmog’i bor, tili qisqa, yo`g’on va uchi biroz ikkiga ajralgan.
Iguanalar tog’, o`rmon, dasht va sahrolarda yashaydi. Ba`zi turlari dengizlarda ham uchraydi. Ular ham boshqa kaltakesaklarga o`xshab, asosan hasharotlar bilan, ayrim turlari esa o`simliklar bilan oziqlanadi.
Iguanalarning go`shti va tuxumi mahalliy aholi tomonidan iste`mol qilinadi. Iguanalar tuxum qo`yish va tuxumdan tirik tug’ish yo`li bilan ko`payadi. Tipik vakillariga iguana (Iguana juverculata), frinozoma (Phrynosoma cornutum), qiziltomoq anolis va boshqa turlari kiradi.
Ular Amerikada, Madagaskarda, Polineziyaning ba`zi orollarida yashaydi. Avstraliyada iguanalarning harorati suvdan tashqarida toshlar ustida turganda +35oC gacha ko`tariladi. Suv ostida esa +15oC gacha tushib ketadi.
Iguanalar suv ostida 15-19 m gacha chuqurlikka tushib, toshlarga yopishgan suv o`tlari bilan oziqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |