Qorailonsimonlar (Viperidae) oilasiga 210 ta tur kiradi. Ular zaharli, zahar tishlarining ichida nayi bo`ladi. Qorailonsimonlar oilasining vakillari Yevropa, Afrika va Osiyoda tarqalgan. Ularning gavdasi yo`g’on, boshi uchburchak, dumi qisqa va yassi bo`ladi.
Qorailonsimonlar oilasining tipik vakillariga MDHda, shu jumladan, O`zbekistonda tarqalgan cho`l qora iloni (Vipera ursini), Amerika chinqiroq iloni (Crotalus horridus), O`rta Osiyoda keng tarqalgan oddiy qalqontumshuq ilon (Ancistrodon halis), O`rta Osiyoda hamda Kavkazda tarqalgan ko`lvor ilon (Vipera lebetina), O`rta Osiyoning janubida va Afrikada yashaydigan qum charx iloni (Echis carinatus) kiradi.
Oddiy cho`l qora iloni tuxumdan tirik tug’ib ko`payadi, 3 tadan 17 tagacha tuxum qo`yadi. Ular yer ostidagi uyasida to`p-to`p bo`lib qishlaydi. Cho`l qora ilonlarning zahari birmuncha kuchsiz ta`sir qiladi. Kasalmand va nimjon odamlarni chaqqanda, kasallik og’ir kechadi. Chaqqan joyi qattiq og’riydi. Bu ilonning usti to`q kulrang bo`lib, qoramtir xollari bor, ular nisbatan mayda, uzunligi 70-80 sm atrofida bo`ladi. Oddiy cho`l qora iloni MDHda, shu jumladan, O`zbekistonda ko`proq Qizilqum, Ustyurt va Amudaryo qirg’oqlarida yashaydi. Ular, shuningdek, Chirchiqda, Tyanshanda va Sirdaryoda sholipoyalar atrofida uchraydi. Kechasi ovga chiqadi, asosan sichqon, kalamush, ba`zan qushlar, kaltakesaklar, baliqlar va hasharotlar bilan oziqlanadi.
Ko`lvor ilonning uzunligi 120 sm dan 2 m gacha boradi. O`zbekistonda, asosan Nurota, Zarafshon, Turkiston, Hisor va Ko`hitang tog’larida hamda tog’ etaklarida uchraydi. Bu ilonning ustki tomoni kulrang va ko`kimtir bo`ladi. Ko`lvor ilon ko`pincha, kechasi ovga chiqadi. Mayda qushlar, kemiruvchilar va kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Odamga duch kelganda harakatsiz yotadi, zahari juda xavfli. Odam va hayvonlarni chaqqanda halok bo`lishi mumkin.
Qum charx iloni Respublikamizning janubiy hududlarida cho`llarda va tog’ etaklarida ko`plab uchraydi, uning uzunligi 80-90 sm keladi. Rangi sarg’imtir qum rangida bo`ladi. Charx ilon bezovta qilinsa, bir joyda turib aylana boshlaydi va uning yon tangachalari bir-biriga ishqalanib, tegirmon toshining ishqalanishiga o`xshash ovoz chiqaradi. Shuning uchun ham unga charx ilon deb nom berilgan. Charx ilon ham faqat tunda ovga chiqadi. Yosh charx ilonlar, asosan umurtqasiz hayvonlardan chayon, chigirtka, ko`poyoqlar bilan oziqlansa, voyaga yetganlari esa kemiruvchilar, kaltakesaklar, baqa va zaharsiz ilonlar bilan oziqlanadi. Charx ilon 3 tadan 15 tagacha tirik bola tug’adi. Charx ilon ham zaharli, lekin uning zahari odamga unchalik kuchli ta`sir qilmaydi.
Oddiy qalqontumshuq ilon MDHda, asosan Janubiy Sibirda, Uzoq Sharqda, Kavkazda, O`rta Osiyoda, shu jumladan, O`zbekistonda Toshkent va Samarqand viloyatlarida hamda Mirzacho`l va Xorazm cho`llarida uchraydi. Uning uzunligi 60-70 sm atrofida bo`ladi. Qalqontumshuq ilon chaqqan odamning badani shishib ketadi va issig’i ko`tariladi. Kasal odam 10-15 kundan keyin tuzala boshlaydi. Qalqontumshuq ilon ham kuchli zaharli, lekin odamni chaqqanda o`lmaydi.
Afrikada yashaydigan mamba degan ilon o`ta zaharli hisoblanadi. Bir chaqishda 5 ta ho`kizni va 3 ta otni zaharlab o`ldirishi mumkin.
Yr yuzida har yili 12 mln ga yaqin ilonlar ovlanadi. Ular, asosan zahari, terisi, yog’i, go`shti uchun ovlanadi. Har yili dunyo miqyosida 15 mingga yaqin odamni zaharli ilonlar chaqib o`ldirishi mumkin. AQSHda bir yilda 2400 ta odamni zaharli ilonlar chaqishi aniqlangan, shulardan 1% odam o`lishi mumkin. Hindistonda esa zaharli ilon chaqqan odamlarning 9,5% o`ladi. Dunyoda zaharli ilonlar, ayniqsa Hindistonda va Afrikada ko`plab uchraydi.
Zaharli ilonlar chaqqanida chaqqan odamni harakatlantirmaslik kerak. Jarohatlangan joydan zaharni qo`l bilan siqib yoki og’iz bilan so`rib chiqarib tashlanadi. Zaharlangan odamga ko`p miqdorda qora choy yoki kofe ichiriladi.
Ma`lumki, mochevina zaharni parchalash xususiyatiga ega. Shuning uchun ilon chaqqan joyni tezda mochevina bila yuvish kerak. Shuningdek, jarohatlangan joyga margansovka, sirka yoki sodali suv bilan ho`llangan bint yoki paxta bosiladi. Dastlabki choralar ko`rilgandan so`ng bemorni tezda yaqin atrofdagi shifoxonaga olib borib zaharga qarshi zardob yuborish yo`li bilan davolanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |