Himoyalanishga moslanish belgilari. Amfibiyalarning himoyalanishga moslanishlari kam rivojlangan. Eng xarakterli moslanishlariga teri bezlari va himoya ranglari kiradi. Amfibiyalarning terisi yalang’och bo`lishiga qaramay, ektoparazitlar ham, har xil yirtqich umurtqalilar ham kamdan-kam hujum qiladi. Buning sababi ularning terisida zaharli bezlari bo`lib, bu zaharli bezlar, ayniqsa boshining ikki yonida to`p-to`p bo`lib joylashgan. Zaharli bezlar ayniqsa qurbaqalar, jerlyankalar, chesnochnitsalar va salamandralar terisida ko`p miqdorda bo`ladi. Ayniqsa, quruqlikda yashovchi amfibiyalarning terisidagi zahar bezlari sekreti kuchli ti`sir qiladi. Shuning uchun ularga qushlar va yirtqichlar tegmaydi. Amfibiyalarning teri bezidan chiqqan zaharni sutemizuvchilar va qushlarga yuborilganda ularning nafas olishi qiyinlashib, falaj bo`lib qoladi. Ayniqsa, tropik mintaqalarda yashaydigan amfibiya turlarining teri bezlari kuchli zahar suyuqligi ishlab chiqaradi. Masalan: Afrikada uchraydigan kaltabosh qurbaqaning teri bezi ishlab chiqargan zahari qo`lni kuydirib achishtiradi.
Braziliyada yashaydigan qurbaqa zahari itni osonlikcha o`ldiradi. Chesnochnitsaning terisidan chiqargan zahar suyuqligidan Chesnokning, ya`ni sarimsoq piyozning hidi keladi, shuning uchun ham uni chesnochnitsa deb nomlanadi. Janubiy Amerikada uchraydigan oladaraxt baqasining zahari ham juda kuchli. Kolumbiyalik ovchilar bu baqaning zaharini olib, kamon o`qlarining uchini zaharlab ko`p zamonlardan beri foydalanib keladilar. Bir tomchi zahar surilgan shunday yoy o`qi katta maymun va yaguarni o`ldirishi mumkin. MDHda uchraydigan amfibiyalardan eng zaharlisi jerlyankalar va salamandralar hisoblanadi. Ular bezlaridan chiqargan zaharli modda terining shilimshiq qavatiga tushsa qattiq achishtiradi. Ko`l baqalar teri bezlarining suyuqligi deyarli zaharli emas. Shuning uchun ham ko`l baqalari ko`pincha laqqa baliqlar, cho`rtan baliqlar, qarqaralar, suvsarlar, norkalar, qunduzlar va boshqa yirtqichlarning ozig’i hisoblanadi.
Shuni ham ta`kidlash lozimki, oxirgi yillarda ayrim olimlar, xususan V.I.Zaxarov qurbaqa terisi bezidan ishlab chiqarilgan sekreti tarkibida shifobaxsh hususiyatlari borligi aniqlangan. 11000 va 14000 miqdordagi zahar eritmasi 15-45 minutda probirkadagi parazit chuvalchanglarni o`ldirishini tajriba yo`li bilan o`rgangan. Bu mahsuldor hayvonlar ichagida parazitlik qiladigan parazit chuvalchanglar bo`lgan. Tadqiqotlarning ko`rsatishicha qurbaqalarning zaharli eritmasi har xil yara-chaqalarning tuzalishiga ham yordam beradi. Lekin suvda hamda quruqlikda yashovchilar zaharidan hozirgi vaqtda tibbiyotda kam foydalaniladi. Fan ma`lumotlarga qaraganda hozirgi vaqtda eng ta`sirchan zahar bu Kolumbiyada yashaydigan kichkinagina – kakoa baqasiniki hisoblanadi. Bu baqaning kattaligi 2-3 sm keladi. Bitta kakoa baqasidan olingan zahar suyuqligi 50 ta kamon nayzasi uchini zaharlashga yetadi. Hindular bu zaharlangan nayzalar orqali faqat yirik yovvoyi hayvonlarni tutishda qo`llagan. Bu qabila ovchilari kakoa-baqani hech qachon maxsus qo`lqopsiz ushlamaganlar. Germaniya farmokologiya insti-tutining ilmiy xodimi R.Glezmerning kuzatishicha kakoa-baqa zaharidan jabrlangan odamlarning nafas olishi qiyinlashgan, muskullarining falaj bo`lishidan ular halok bo`lgan.
Dumsiz amfibiyalar turkumiga kiruvchi yumoloqtillilar oilasi vakili jerlyankaning orqa qismi terisida qora kulrang sochma holdagi yoki yashil dumaloq dog’lar, qorin tomonida esa ko`k, qora, qora-malla rang dog’lar bo`ladi. U, asosan MDHning Yevropa qismida turib qolgan suvlarda uchraydi. Jerlyankalar vaqti-vaqti bilan suvdan quruqlikka chiqib, ba`zan dushmanidan qocha olmay qolganda himoyalanish uchun har xil shaklga kiradi, ya`ni boshini, tanasini va oldingi oyoqlarini yuqoriga ko`tarib oq rangdagi qorin va yonbosh qismlarini ko`rsatadi. Mana shunday holatda u bir necha minut turishi mumkin. Agar bu holat ham dushmanini qochirmasa, u terisidan sovun ko`pigiga o`xshash o`tkir hidli suyuqlik ajratadi. Shuning uchun bo`lsa kerak, uni yirtqich umurtqali hayvonlar iste`mol qilmaydi. Jerlyanka zaharini baqa terisi ostiga yuborilganda, baqa xushsizlanib, muskullari falajlanib, ko`z qorachig’i kengayib, yurak urushi to`xtagan.
Dumlilar turkumidan salamandralar ham teri osti bezlaridan zaharli suyuqlik ishlab chiqaradi. Ularning zaharidan suvdagi baliqlar nobud bo`ladi. Agar bu zahar it tiliga tegsa uni o`ldiradi, ya`ni 1 kg tana vazniga 0,0009 g salamandra zahari to`g’ri kelsa it o`ladi. Salamandraning zahari, asosan asabga ta`sir etib, uzunchoq miyani falaj qiladi. Amfibiyalarning zahari insonlarga kam ta`sir qiladi. Lekin ularning zaharini ko`zga tushishidan saqlanish zarur. Amfibiyalarning himoyalanishiga rangini o`zgartirishi ham dushmandan saqlanishda katta ahamyatga ega.
Ayrim amfibiyalar terisining rangi atrof muhitga mos bo`ladi. Yashil yoki qo`ng’ir rangli baqalarning rangi ular yashaydigan muhitga mos bo`lganidan yirtqich hayvonlarga sezilmaydi. Yashayotgan sharoitga qarab kvakshalar rangi och-yashil (barglar orasida) yoki qo`ng’ir (daraxtlar tanasida) bo`lishi mumkin. Masalan: Amerika kvakshalarini orqa qismida xuddi po`stloqqa o`xshash parcha gullari bo`ladi va u qora qarag’ay daraxtida yurganda ko`zga tashlanmaydi. MDHda uchraydigan zaharli amfibiyalardan – jerlyanka, oddiy salamandralar rangidan ajralib turadi. Tropik mamlakatlarda yashaydigan ola daraxt baqasining rangi qora rangda bo`lib, oq, sariq, qizil va ko`k rangli katta xollari bo`ladi. Bu baqa yer yuzida tarqalgan eng zaharli baqalardan hisoblanadi.
Olovli salamandraning ko`zga yaqqol tashlanadigan rangi ogohlantiruvchi ahamiyatga ega bo`lishi mumkin.
Amfibiyalarda regeneratsiya xususiyati faqat dumlilarda ko`zga tashlanadi. Masalan: xavf tug’ilganda salamandralar dumini, hatto oyoqlarini ham uzib qoldirishi mumkin. Keyinchalik bu organlar yana tiklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |