102-rasm. Dumsiz amfibiyalar. 1- yavan uchuvchi baqasi; 2-fillomeduza; 3-quruldoq baqa (kvaksha); 4-ko`l baqasi; 5-yashil qurbaqa; 6-rinoderma; 7-xaltali quruldoq baqa; 8-surinam pipasi.
2. Opistoselalar (Oristhocoela) kenja turkumi vakillarining umurtqalari opistosel tipda bo`ladi, qovurg’alari bor. Bu kenja turkumga yumaloqtillilar va pipalar oilalari kiradi.
Yumaloqtillilar (Discoglossidae) oilasiga 16 ta tur kiradi. Ular Yevropa va Osiyoda tarqalgan. Yumaloqtillilar oilasiga kiruvchi vakillarining tili dumaloq, ya`ni tilining oldingi uchi kesiksiz, egatchasi bo`lmaydi. MDHda uchraydigan jerlyankalarning (Bombina) uzunligi 5 sm. Gavdasining orqa tomoni qoramtir, ostki
qismi to`q sarg’ish va qora rangda bo`ladi. Terisi o`tkir hidli suyuqlik sekreti ishlab chiqaradi. Jerlyankalar uncha katta bo`lmagan suv havzalarida hamda ko`lmak suvlarida yashaydi. Yevropaning o`rta mintaqalarida va Uzoq Sharqning janubida tarqalgan.
Momo qurbaqa (Alytes) ham shu oilaga kirib, uning kattaligi 5 sm atrofida, rangi qo`ng’ir-kulrang tusda bo`ladi. Momo qurbaqa G’arbiy Yevropada tarqalgan. Uning ko`payishi g’alati, ya`ni urg’ochisi 50 taga yaqin tuxumini uzun 1 m li ipga, tasbehga o`xshatib bir-biriga ulab qo`yadi. Erkagi o`z suyuqligi bilan urg’ochisi qo`ygan tuxumini urug’lantirgach, tasbehga o`xshatib tizilgan tuxumlarini orqa oyoqlariga o`rab olib, salqin joyga yashirinib oladi. 17-18 kundan keyin marjon shaklidagi tuxumlari ichida lichinkalar yetilgach qurbaqa suvga tushadi va suvda tuxumdan yosh itbaliqchalar chiqadi. Boshqa baqalarning itbalig’iga o`xshab, bu lichinkalar ham suvda hayot kechirishga o`tadi.
Pipalar (Pipidae) oilasiga, asosan Afrikada yashaydigan pixli baqalar (Xenopus) va Janubiy Amerikaning tropik o`rmonlarida yashaydigan surinam pipasi (Pipa pipa) kiradi. Surinam pipasining bo`yi 20 sm gacha yetadi, suvda yashaydi. Ularda yon chiziq organlari bir umrga saqlanib qoladi. Surinam pipasining qo`payishi o`ziga xos. Ko`payishdan oldin urg’ochisining orqa tomonidagi terisi shishadi va chuqurchalar hosil bo`ladi. Urg’ochisining kloakasi urchish oldidan bo`rtib chiqadi va uzun tuxum yo`lini hosil qiladi. Pipaning erkagi urg’ochisining ustiga chiqib tuxum yo`lini urg’ochisining orqa tomonidagi chuqurchalariga to`g’rilab qattiq siqadi va natijada ikralar urg’ochisining teri chuqurchalariga to`kiladi. Urg’ochi pipalarning orqa chuqurchalarida 50 tadan 100 tagacha ikralar bo`ladi. Tuxumdan yosh baqa hosil bo`lgangacha hamma rivojlanish davrlari baqaning orqa chuqurchalarida boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |