106-rasm. Itbaliqning ketma-ket rivojlanib (1-8), yosh baqaga aylanishi (9):
2a-itbaliqning ikkinchi rivojlanish bosqichini kattalashtirib ko`rsatilgani.
Itbaliqning og’zi baqa yoki qurbaqaning og’ziga aslo o`xshamaydi. Uning og’zi juda kichkina bo`lib, shokilali lablari kichikroq xartumcha yoki og’iz oldi varonkasini hosil qiladi. Varonkaning ichkarasida 2 ta baquvvvat jag’dan iborat bo`lgan tumshug’i bor. Lablarining atrofida va ichki yuzasida mayda-mayda shox (muguz) tishchalari bo`ladi.
Umuman, dumli va dumsiz amfibiyalarning lichinkalari har xil hayot kechirishi munosabati bilan, ularning tuzilishi ham har xil bo`ladi. Shunday ekan, ularda metamorfoz ham har xil kechadi. Masalan: dumli amfibiyalarning lichinkalari asta-sekin katta organizmga aylanadi, ya`ni rivojlanishning dastlabki davrlarida oyoqlar o`sib chiqadi, so`ngra hayvon teri-o`pka orqali nafas olishga o`tadi, tashqi jabralari yo`qolib, jabra teshiklari bitib ketadi, terisi metamorfozlanadi.
Dumsiz amfibiyalarda esa metamorfoz tuzilishi keskin o`zgarishlar bilan bog’liq, ya`ni itbaliq oyog’i o`sib chiqqanidan keyin ovqatlanmaydi, uning ichagi rezorbatsiyalanadi, keyin shox jag’lari tushib, og’zi voyaga yetgan dumsizlarning og’ziga o`xshash shaklga kiradi, ularda havodan nafas olish organlari paydo bo`ladi, qon aylanish sistemasi o`zgaradi, ko`zlari boshqacha bo`lib qoladi, dumi yo`qolib ketadi va teri qoplag’ichi o`zgaradi. Lichinkalik davridagi pronefros buyragi o`rniga tana buyragi, ya`ni mezanefros buyrak paydo bo`ladi. Ularning ichagi qisqaradi, yon chiziq organlari yo`qoladi va shunday qilib itbaliq baqaga aylanadi. O`simliklar bilan oziqlanadigan itbaliqdan hayvon ozuqasi bilan oziqlanadigan baqaga aylanadi.
Neoteniya. Voyaga yetmagan, ya`ni lichinkalik davrida urchish hodisasini neoteniya deyiladi. Bu hodisa dumli amfibiyalarning ko`plab turlarida uchraydi. Ayniqsa, bu hodisa lichinkasi aksolotl deb ataladigan amerika ambistomasida juda yaxshi nomayon bo`ladi. Kuzatishlardan shu narsa ma`lumki, suvning harorati yuqori bo`lgan suv havzalarida ambistomalarda albatta metamorfoz bo`ladi hamda birmuncha tez o`tadi. Buning aksincha, suvning harorati past bo`lgan chuqur suv havzalarida, ko`pincha neotenik lichinkalar – aksolotllar bo`ladi. Yana dalillar shuni ko`rsatadiki, doimiy jabrali dumli amfibiyalar metamorfozlanish layoqatini yo`qotgan neotenik lichinkalardan boshqa narsa emas. Ular, asosan dumli amfibiyalarning har xil guruhlaridan kelib chiqqan. Masalan: Texas g’orida yashaydigan ko`r triton va Amerikada yashaydigan o`pkasiz triton, protey, amfiuma va boshqa ko`pgina turlar allaqanday bir salamandraning lichinkasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |