Siklliligi. Amfibiyalarda kecha-kunduz va fasl siklliligi bor. Amfibiyalarda tinch va faollik davrlari to`g’ri tartib bilan almashinib turadi. Qurbaqalar, bo`z baqalar, tritonlar kabi quruqda yashaydigan turlari (quruqlikda yashagan davrida) kechasi faol bo`ladi, chunki ular namlik va haroratga ko`p jihatdan bog’liqdir. Jerlyankalar, yashil baqalar yozda sutka davomida faol hayot kechiradi.
Fasl siklliligi ham har xil harorat va namlik sharoitlarida turlicha bo`ladi. Harorat va namlik doimo bir xil bo`ladigan tropik o`rmonlarda fasl va sutkalik siklliligi bo`lmaydi. Harorat yuqori bo`lgan joylarda yomg’irgarchilik va qurg’oqchilik davrlari o`zgarib turadigan joylarda yillik sikllilik yaqqol ko`rinadi.
Qurg’oqchilik davrida amfibiyalarning quruqlikda yashaydigan turlari uyquga ketadi. Ular qurg’oqchilik boshlanishi oldidan limfa bo`shliqlarini suv bilan to`ldirib, yerga chuqur ko`milib oladi va shu yerda yozgi uyquga kiradi.
Subtropik o`rmonlardan boshlab harorat yil fasliga qarab o`zgarib turadigan qutblar tomoniga borgan sari endi namlik emas, balki harorat fasl siklliligiga ta`sir ko`rsatadigan asosiy omil bo`lib qoladi. Bunday paytda qishki uyquga ketiladi. Umuman, qishki uyqu joyning iqlim sharoitlari va turning biologik xususiyatlariga qarab har xil muddatga cho`ziladi. Masalan: yashil baqaning qishki uyqusi, ko`l baqaning qishki uyqusiga qaraganda bir oy qisqa bo`ladi. Amfibiyalarning qishlaydigan boshpanasi ham turlicha bo`ladi.
MDHda o`rtacha sutkalik harorat +8 +12C ga pasaysa va kechasi +3 +5C bo`lsa, amfibiyalar qishlash joylariga qarab ko`cha boshlaydi, oktyabrdan boshlab qishlash joylariga borish uchun qilingan migratsiyada ba`zi turlar bir necha kilometrga borishi mumkin. Yashil baqalar, o`t baqalari suvda (daryo, ariq, ko`l) gala bo`lib chuqur, muzlamaydigan joylarda (tosh ostida, suvo`tlari orasida yoki loyga ko`milib) qishlaydi.
Qurbaqalar, chesnochnitsalar, jerlyankalar, o`tkir tumshuqli baqa, sala-mandralar va tritonlar quruqlikda (chuqurliklarda) qishlaydi, ya`ni ular kemiruvilarning inlarida, chuqurchalarda, yerto`lalarda, ildiz chirindilarida, tosh va to`nkalar ostida qishlaydi. Qishda ularda modda almashinuvi juda susayadi. Buyraklaridan suv ajralishi kamayadi.
Amfibiyalarning miqdori yil davomida o`zgarib turadi. Ular miqdorining kamayib ketishiga sabab qurg’oqchilik hisoblanadi. 1-2 yil ichida ularning miqdori necha o`n barobarlab o`zgarishi mumkin. Qurg’oqchilik davrida, qish sovuq kelganda va suv havzalarida suv qurib qolganda amfibiyalar sonining keskin kamayishiga va birichi navbatda itbaliqlarning halok bo`lishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |