Quruqlikda rivojlanish hodisasi. Amfibiyalar quruqlikka chiqishi munosabati bilan ularda quruqlikda rivojlanish hodisalari uchraydi. Quruqlikda rivojlanishga o`tish usullarining hammasini quyidagi 2 ta guruhga birlashtirish mumkin:
1.Chala quruqlikda rivojlanish. Bunda tuxum yoki lichinka rivojlanishning ilk davrlaridayoq suvdan tashqarida tarraqiy etadi.
2. Batamom quruqlikda rivojlanish. Bunda tuxumigina emas, balki lichinkalari ham rivojlanishning barcha davrlarini suvdan tashqarida o`tkazadi.
Birinchi guruhga misol qilib o`pkasiz tritonlarni olish mumkin. Ular o`z tuxumlarini quruqlikdagi nam yerlarga qo`yadi. Tuxumdan lichinka chiqib, suvga dumalab tushadi va suvda to`la rivojlanadi yoki tuxumdan yetilgan salamandra chiqadi. Ko`pgina kvakshalar va filomeduzalar suvning ustiga uya soladi, ya`ni ular barglarning bir-biriga yaqin turgan chetini orqa oyoq panjalari bilan tutib turadi va bargdan shu tariqa hosil bo`lgan novga tuxum qo`yadi. Tuxumning shilliq pardasi bargning chetlariga yopishib qoladi va uya hosil bo`ladi. Ba`zi hollarda tuxum ota-ona gavdasiga ma`lum darajada bog’langan holda quruqlikda rivojlanadi.
Seylon chervyagasi uyasiga g’uj qilib qo`ygan tuxumini gavdasi bilan o`rab oladi, bu holda tuxum metamorfozsiz rivojlanadi.
Yevropaning o`rta mintaqalarida yashaydigan momo-qurbaqaning erkagi urg’ochisi tasbeh shaklidagi uzun qilib qo`ygan tuxumlarini orqa oyoq panjalariga o`rab olib yuradi. Tuxumlardan itbaliqlar chiqadigan vaqtda erkak momo-qurbaqa suvga tushadi va yetilgan tuxumlardan itbaliqlar chiqib suvda rivojlanadi. Chilida yashaydigan baqaning erkagi tuxumini tovush xaltasida olib yuradi va itbaliqlar shu yerda yetilib tuxumdan chiqadi. Itbaliqlarning o`sishi natijasida erkagining tovush xaltachasi shu qadar kattalashib shishib ketadiki, hatto baqaning qizilo`ngachi bilan oshqozonini siqib qo`yadi, natijada bunday baqa vaqtincha oziqlanmaydi.
Janubiy Amerikada uchraydigan xaltali kvakshalarning tuxumlari urg’ochisining orqasidagi chuqurchalarida bo`ladi va ular umumiy teri burmasi bilan bekilgan bo`ladi. Eng oddiy hollarda itbaliqlar tuxumdan chiqqandan keyin onasining orqa xaltasidan suvga tushib, riojlanishini davom ettiradi.
Amerika pipasi o`z tuxumini orqasida olib yuradi, ya`ni urg’ochisining orqasida bir qancha mayda-mayda chuqurchalar bo`lib, tuxumni shu chuqurchalarda olib yuradi. Tuxumli chuqurchalarning usti shox qopqoqcha bilan bekiladi. Embrionlar ona organizmi hisobiga oziqlanadi va nafas oladi.
Tuxumdan tirik tug’ish oddiy salamandrada bo`ladi, uning tuxumi tuxum yo`lida lichinka davrigacha rivojlanadi, bu lichinka rivojlanishni suvda davom ettiradi. Tog’ salamandrasi butun rivojlanish davrini onasining tuxum yo`lida o`tkazadi. Afrika sahrolarida yashaydigan qurbaqalar tirik bola tug’adi.
Umuman olganda, iqlimi quruq yerlarda va baland tog’larda amfibiyalar tuxumdan tirik tug’ish va tirik tug’ish yo`li bilan quruqlikda rivojlanadi.