Tuxum pardasining farqlari. Anamniyalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlarning tuxumlari yopishqoq, yupqa parda bilan o`ralgan bo`ladi, amniotalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlarning tuxumlari esa juda qattiq po`st bilan o`ralgan bo`lib, bu po`st tuxumni atmosfera ta`sirida qurib qolishdan saqlaydi. Tuxum po`sti pergamentsimon yoki ohak shimib qattiqlashgan bo`ladi.
Embrionlarining farqlari. Ikkala guruhga kiruvchi umurtqali hayvonlarda ham embrion dastlab faqat tuxum pardasi bilan o`ralgan holda, tuxum ichida rivojlanadi. Anamniyalarda rivojlanishning keyingi davrlarida embrion tuxum pardasini yorib tashqariga, suvga chiqadi. Lichinka dastlab tuxum sariqligi bilan oziqlanadi va jabra orqali nafas olib, rivojlanishini suvda davom ettiradi. Amniotalarda esa rivojlanishning ilk davrlarida embrion atrofida tuxum yuzasidan halqasimon burma ko`tarilib chiqa boshlaydi. Bu burma borgan sari kattalashib, embrionni o`rab oladi, uchlari bir-biriga yaqinlashib qo`shilib ketadi va natijada ichki hamda tashqi varaqlari tutash bo`lib qoladi. Bunda tashqi varag’i seroz parda va ichki varag’i amnion parda deb ataladi. Natijada embrion amniotik bo`shliqning ichida qoladi, bu bo`shliq ichida maxsus amnion suyuqlik yig’iladi va embrion xuddi anamniyalarning embrioni suvda suzib yurganidek, amnion suyuqlikda suzib yuradi. Demak, anamniyalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlarning embrionini suv qurib qolishidan saqlasa, amniotalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlarning embrionini amniotik suyuqlik qurib qolishidan va har xil mexanik shikastlanishlardan saqlaydi. Lekin amniotalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlarning embrioni kichkina bo`shliqda bo`lganligi uchun anamniyalar guruhiga kiruvchi umurtqali hayvonlar embrioni singari nafas ololmaydi va parchalanish mahsulotlarini ularga o`xshab tashqi muhitga chiqarib tashlay olmaydi. Shuning uchun ham amniotalar guruhiga kiruvchi hayvonlar embrionida amnion pardasi hosil bo`lishi bilan bir vaqtda alohida embrion organi – allantois yoki embrion siydik pufagi (qovug’i) ham hosil bo`ladi.
Embrion siydik pufagi embrion ichagi keyingi qismining bo`rtib chiqishidan hosil bo`ladi va kengayib, amnion bilan seroz parda orasidagi bo`shliqdan joy olgan katta pufakka aylanadi. Embrion o`zidan ajraladigan parchalanish mahsulotlarini shu allontoisga chiqaradi. Allantois embrionning nafas olish organi bo`lib ham xizmat qiladi. Chunki allantoisning tashqi devorlari qon tomirlariga boy bo`lib, seroz parda bilan qo`shilgan va allantois kapillyarlari ichidagi qon bilan tashqi muhit o`rtasida tuxumning mayda-mayda teshikchali qattiq po`sti orqali gaz almashinadi. Tuban amniotalarda shunday hol yuz beradi, sutemizuvchilarda esa allantois yo`qolib, uning o`rniga yo`ldosh yoki platsenta hosil bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |