www.ziyouz.com kutubxonasi
149
Bobur orqaroqda turgan navkarlariga o‘girildi-yu, ko‘zi Tohirga tushdi:
— Tez chorraha darvozasiga boring! Xonzoda begimni topib, mening buyrug‘imni
yetkazing! Darhol bu yoqqa yetib kelsinlar! Begim kelmagunlaricha biz qo‘zg‘olmaymiz!
Shuni borib ayting!
— Amirzodam!.. — deb Qosimbek Boburga e’tiroz qilmoqchi bo‘lgan edi. Bobur unga
quloq solmay yana Tohirga buyurdi:
— Tezroq boring!
Shiddat bilan chopayotgan otning taqalari toshlarga qarsillab urilib, ko‘chalarning tungi
sukutini buzib o‘tdi. Tohir Chorraha darvozasiga yetib borganda Xonzoda begim tushgan
mahofa mash’al ko‘targan otliqlar qurshovida qo‘rg‘ondan chiqib ketmoqda edi.
Ko‘pdan beri davom etayotgan qamal yov qo‘shinini ham toliqtirgan, hamma urush
tugashini sabrsizlik bilan kutar, agar Boburning opasi xonning shartini qabul qilsa, sulh
tuzilishini ko‘p odam bilar edi. Endi shahardan mash’alalar yoqib, darvozani ochib
chiqqan shohona mahofa va uning ichida o‘tirgan Xonzoda begim xon qo‘shiniga
tinchlik alomati bo‘lib ko‘rindi-yu, hammani uyg‘otib yubordi. Sulh keltirayotgan malika
sharafiga naqoralar va karnay-surnaylar chalindi.
Mahofa atrofiga mo‘ri-malahday qo‘shin to‘planib borayotganini Tohir ochiq darvoza
orqali ko‘rdi-yu, otini tez orqaga burdi. Shayxzoda darvozasi oldiga uchib borib, hamma
ko‘rganlarini Boburga aytib berdi.
Shodlikka to‘lib yangrayotgan naqora sadolari, karnayning «vah-vaha-hu-u»si, surnay
navosi bu yerlarga ham eshitilmoqda edi. Boburning nazarida, Xonzoda begim qari qiz
bo‘lishdan qo‘rqib va ukasi dargohida tortgan kulfatlaridan bezib, Shayboniyxon huzuriga
rohat-farog‘at izlab ketgan edi.
— Dunyoda sadoqat yo‘q ekan! — dedi u alam bilan va otining jilovini siltadi: —
Darvozani oching!
Darvoza sekin ochildi. Choh ko‘prigi tushirildi. Olti oydan beri qo‘rg‘ondan chiqmagan bir
dasta otlig‘u piyoda odamlar qorong‘i tunda yuraklarini hovuchlab, choh ko‘prigidan
o‘tdilar. Atrof tahlikaga to‘la. Go‘yo har daraxt ortida bir o‘lim kutib turibdi. Yo‘llarda yov
jangdovullari uchrab qolishidan xavotirlanib, yo‘lsiz joylardan yurdilar, chuqur ariqlardan
o‘tdilar. Lekin biror joyda yovga duch kelmadilar.
Samarqand qo‘rg‘oniga o‘ralib, uning olti darvozasini olti boshli ajdarhoday qo‘riqlab
yotgan yov qo‘shinining butun diqqat-e’tibori xon qarorgohidan kelayotgan karnay-
surnay tovushiga va qal’adan go‘yo sulh timsoli bo‘lib chiqqan malikaga jalb bo‘lgan edi.
Xonzoda begim xonning shartini qabul qilgandan so‘ng Boburni ta’qib etmaslik haqida
butun qo‘shinga farmon berilgan edi.
Xonzoda begim hamma balolarga o‘zini tutib berib ukasini yov qurshovidan xalos
qilganini Bobur bilmasa ham Qutlug‘ Nigor xonim yaxshi bilar edi. Uzoqdagi naqora va
karnay-surnaylar to‘y shodiyonasini eslatuvchi quvnoq kuylar chalgan sari Qutlug‘ Nigor
xonimning yuragi qon bo‘lib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |