www.ziyouz.com kutubxonasi
146
Davlat begim gap boshladi: — Shayboniyxon sulh taklif qilib odam yubormish!
Sulh so‘zi Boburning qulog‘iga najot ohangiday eshitildi. Ammo najotni hech qachon
Shayboniyxondan kutmaganligi uchun quloqlariga ishonmay, ko‘zlarini buvisi bilan
onasi-ga tikdi. Qutlug‘ Nigor xonim negadir qattiq iztirobga tushgan. Eson Davlat
begimning qo‘lida zarhal hoshiyali qog‘oz. Kampir allanarsadan xijolat chekkanday
bo‘lib:
— Xonning nomasi, — dedi-da, qo‘lidagi qog‘ozga istar-istamas qarab qo‘ydi.
Xonning nomasi nega eng avval buvisining qo‘liga kelib tushganidan Boburning taajjubi
oshdi:
— Nomani kim keltirdi?
— Nufuzli bir darvish. Naqshbandiylardan. Rahmatlik Xo‘ja Yahyoga qo‘l bergan
mo‘ysafid ekan.
Bobur onasiga qaradi:
— Sizga keltirib berdimi?
— Yo‘q, — deb Qutlug‘ Nigor xonim ma’yus bosh chayqadi.
Eson Davlat begim nomani Boburga uzatar ekan, uyalinqirab qo‘shib qo‘ydi:
— Aslida bu noma Xonzoda begimning nomlariga kelmishdir.
— Ajabo! — deb Bobur xatni jirkanibroq qo‘liga oldi.
— Amirzodam, — dedi buvisi, — sizga aytishga ham uyalurmen... Shayboniyxon
Xonzoda begimning ta’riflarini eshitib g‘oyibona dard chekarmish. Nomasida bir pora
she’r ham bor.
Bobur Shayboniyxonning bu yil ellik yoshga kirganini, o‘g‘illarini allaqachon uylantirib,
nevaralik ham bo‘lganini bilar edi. Zaharxanda bilan nomani ochar ekan, eng avval
she’riy satrlarga ko‘zi tushdi:
«Sifatingni eshitib zor o‘ldim,
Ishqing ilkiga giriftor o‘ldim».
Boburning g‘ashi kelib, nomani gilam ustiga otdi:
— Bu xon bultur Sulton Ali mirzoning onasi Zuhra begimga g‘oyibona oshiq bo‘lib noma
yuborganini nechun unutdilaringiz? Nahotki, ishonib bo‘lsa?!
Qutlug‘ Nigor xonim uh tortdi. Eson Davlat begim esa iloji boricha sovuqqonlik bilan
gapira boshladi:
— Amirzodam, boshqa vaqt bo‘lsa dushmaningizning bu nomasini o‘qishga ham hazar
qilur edik. Lekin hozir jonimiz qil ustida. Men-ku, yoshimni yashab, oshimni
oshaganmen, besh kun oldinmi, keyinmi, bari bir keturmen. Lekin siz farzandimning
yolg‘iz o‘g‘li, ko‘zimizning oqu qorasi...
— Men ham taqdirimda borini ko‘rurmen. Nasib qilsa yov halqasini yorib chiqurmiz!
Boburning qaltis qarorini Qutlug‘ Nigor xonim Qosimbekdan eshitgan ekan shekilli,
tahlika to‘la tovush bilan gapirdi:
— Taqdir deb o‘zingizni o‘tga tashlamang, amirzodam! Bizni ham o‘ylang! Siz yov tig‘iga
o‘zingizni ursangiz, biz ne qilurmiz? Umr yo‘ldoshingiz Oyisha begim ne qilur?
Bobur bunday xatarli jangga ayollarni olib chiqib bo‘lmasligini endi o‘yladi-yu, onasining
so‘zlariga javob topolmay qoldi. Bir lahzalik sukutdan so‘ng Eson Davlat begim gilam
ustida yotgan nomaga ishora qilib, istehzoli kulimsiradi:
— Buning kelganiga ikki kun bo‘ldi. Meni bilursiz, amirzodam. Ko‘p balolarni ko‘rib
pishgan tadbirkor kampirmen. Noma keltirgan darvishni gapga soldim. Shubhalarimizni
aytdim. Darvish qasam ichdi. «Xon astoydil sulh tuzmoqchi», deb bir talay dalil keltirdi.
Bari-bir ishonmadim. «Bo‘lmasa vakil yuboring, xon o‘z niyatini qo‘lida qur’on bilan
tasdiqlasin!» — dedi. Biz buni sizga aytishdan oldin o‘zimiz taftish qilmoqchi bo‘ldik.
Rahmatlik Xo‘ja Yahyoga qo‘l bergan halolu pokiza bir mo‘ysafid bor edi. O‘shani darvish
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |