www.ziyouz.com kutubxonasi
148
istiqbolingizga ishonurmen. Sizdek nodir iste’dodlar dunyoga kam kelishini boshqalar
bilmasa ham men bilurmen. O‘zingizni ehtiyot qiling! Taqdiringizni tolei past
egachingizning taqdiri bilan tenglashtirmang!
— Nechun bunday deysiz? Hammamiz ham bu o‘tkinchi dunyoga mehmonmiz! Siz bilan
men bir onaning farzandlarimiz!
— Lekin men qiz tug‘ilganmen, farqimiz shunda! Yoshim yigirma beshga kirdi-yu, hamon
yolg‘izmen. Men ko‘ngil qo‘ygan odamni taqdir menga ravo ko‘rmadi! Omadingiz kelib,
Shayboniyxonni yengganingizda, balki mening orzularim ham ro‘yobga chiqur edi!
O‘shanda balki mening ham baxtim ochilarmidi? Yo‘q hamma umidlarim tarixning
g‘ildiragi tagida yan-childi! Qachongacha dargohingizda qari qiz bo‘lib yurgaymen,
izzatimni bilishim kerak!
— Nahotki, siz nevaralik cholni o‘zingizga munosib ko‘rsangiz?
— Munosibimni topishdan umidim uzilgan! Endi keksami, yoshmi menga baribir!
— Bir vaqtlar O‘shda siz menga nelar degan edingiz? «Ko‘nglingizga ishoning», demagan
edingizmi? Nahotki, sizning ko‘nglingiz shu berahm xonga moyil bo‘lsa? Bultur bu odam
Zuhra begimga qanchalik noinsoflik qilganini bir eslang. Nahotki, siz shunday odam
tufayli bizdan ajralib ketmoqchi bo‘lsangiz?!
Xonzoda begim o‘kirib yig‘lab yubordi:
— Ne qilay?! Boshqa najot yo‘q! Yo‘q!!!
— Bir onadan tug‘ilganmiz, endi taqdirimizda neki bo‘lsa birga ko‘rurmiz! Bizdan
ajralmang! Tunda yov halqasiga hamla qilurmiz! Tayyor turing!
Xonzoda begim ham yana erkakcha kiyinib, ukasi bilan jangga kirishni butun vujudi
bilan istardi. Hozir unga ham dushman asoratidan ko‘ra qo‘lida qurol bilan o‘lish afzal
tuyulardi. Xonzoda begim to‘satdan shu tuyg‘uga berilib:
— Qachon? — deb so‘radi.
Bobur ovozini pasaytirib:
— Shu bugun kechasi! — dedi.
Xonzoda begim bugun kechasi suyukli ukasining yov qurshovida halok bo‘lishi
muqarrarligini go‘yo oldindan sezdi-yu, seskanib o‘rnidan turdi:
— Bugun emas! Yo‘q, yo‘q!
Bobur ham o‘rnidan turdi:
— Begim, mening inilarcha aytgan so‘zim inobatga o‘tmasa, buni podshohlik farmoni
deb biling!
Xonzoda begim indamay Boburga yaqinlashdi. Yuzini ukasining ko‘kragiga bosib,
yelkalari silkina-silkina o‘rtanib yig‘ladi. Shu tarzda u Bobur bilan so‘zsiz vidolashdi-yu,
keyin go‘yo uning farmoniga bo‘ysunganday bosh egib, chiqib ketdi.
* * *
Yarim tunda Bobur, Qosimbek, Qutlug‘ Nigor xonim, Oyisha begim, Tohir xotini Robiya
bilan birga, yana o‘ttiz-qirqta bek va navkarlar Shayxzoda darvozasiga yig‘ildilar. Biroq
ularning orasida Xonzoda begim yo‘q. Bobur Xonzoda begimni birga olib chiqishni onasi-
ga topshirgan edi.
Qutlug‘ Nigor xonim yig‘layverib ovozini oldirib qo‘ygan. Uning hazin tovush bilan bergan
uzuq-yuluq izohidan Bobur shuni bildiki, Xonzoda begim buvisi bilan birga Chorraha
darvozasiga qarab ketgan.
Shayboniyxonning qarorgohi o‘sha tomonda. Nahotki Xonzoda begim o‘sha niyatidan
qaytmagan?
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |