www.ziyouz.com kutubxonasi
156
xirgoyi qilib qo‘yadi.
Barozdan piyoda ko‘tarilib kelgan Bobur tog‘da qo‘y boqib yurgan, dalada qo‘sh
haydayotgan yosh-yalanglarga qarar ekan, bir narsadan taajjublandi. Tog‘u toshga
poyabzal chidamagani uchun kambag‘allarning ko‘pisi yalang oyoq yurardi. Ust-boshlari
ham yupun, lekin ruhlari tetik, qorinlari to‘yib ovqat yeyishsa, kayflari chog‘.
Bobur o‘zini shu yoshlarga qiyos qiladi: uning ham to‘rt muchasi sog‘, o‘zi kuchga to‘lgan
yigirma yoshli yigit, qishloq yigitlaridan kamligi yo‘q. Lekin nega u bunchalik g‘amgin?
Mana bu ulug‘vor tog‘lar bag‘rida nega u go‘zal tabiatning tirik bir bo‘lagiday yayray
olmay-di?
Hamma gap yalang oyoq yurishda bo‘lganiday, Bobur ag‘darma etigini yechib marzaga
qo‘ydi-yu, haydalgan yer ustida sarpoychan yurib ko‘rdi.
Tuproq baxmalday mayin, undan bahor va yoshlikning hidi keladi. Odamning tuproqdan
yaratilgani haqidagi rivoyat esga tushadi.
Navkarlar va dehqonlar Boburning yalang oyoq yurganini avval hazilga yo‘yib kulishdi.
Keyin Bobur etigini marzada qoldirib, Dahkatning barozidan yalang oyoq tushib
ketayotganini ko‘rishdi-yu, hayron bo‘lishdi.
Barozning mayda toshlari Boburning tovonlariga botar, tik joylardan tushayotganda
chaqir toshlar oyog‘iga tikan bo‘lib kirib ketayotganday og‘riq qo‘zg‘ar edi. Lekin Bobur
tishini-tishiga qo‘yib og‘riqqa chidab borar edi.
Barozning yarmigacha tushganda ketidan ag‘darma etikni qo‘liga olib, sakrab-sakrab
Tohir yetib keldi:
— Amirzodam, etikni kiying! To‘xtang. Bu toshlar oyog‘ingizni yara qilmasin!
Bobur to‘xtab, Tohirning tovonlari qoraygan katta-katta oyoqlariga qaradi:
— Sizning oyog‘ingiz jarohatsiz-ku?
— E, amirzodam, biz o‘rganib ketganmiz.
— Men ham o‘rganmoq istaymen.
— Nechun?
— Sizlarga havasim kelur, — dedi Bobur yo‘lida davom etib.
Tohir undan sal keyinroqda borar ekan, kuldi:
— Amirzodam, podshohning navkarga havasi kelishi mumkin emas.
Bobur Tohirdan xiyol ranjib:
— Siz ham menga ishonmadingizmi? — dedi. — Toshkentda podshohlik da’vosidan voz
kechganimni ayt-gan edim-ku!
Bu hodisaga Qosimbek ham, boshqa ko‘pchilik bek va navkarlar ham «achchiq ustida
shuncha-ki aytilgan gap», deb qarashgan va o‘sha ikki yuz ellik kishining hammasi
Qutlug‘ Nigor xonim bilan birga Boburning ketidan Dahkatga kelishgan edi.
Tohir og‘ir tin oldi-yu:
— Amirzodam, men sizga o‘zimdan ham ortiq ishonurmen, — dedi. — Ammo sizning
shohlik tashvishidan qutulishingiz mumkin emas.
— Nechun? Axir shahzodalarning toju taxtsiz o‘tganlari yo‘qmi?
— Bor. Ammo siz undaylardan emassiz.
— Ammo men toju taxtning bevafoligini bilganlardanmen. Shoh Jamshiddek, Iskandar
Zulqarnayndek tojdorlar ham orttirgan davlatu molu dunyolarini tashlab, qabrga bitta
kafan bilan ketgan emaslarmi?
Tohir yaqinda tog‘ning narigi tomonidagi Obburdon qishlog‘iga borganlarini esladi.
Boburning toju taxtdan ixlosi qaytganligi behazil bo‘lsa kerakki, shoh Jamshidning tilidan
aytilgan tojikcha she’rni chashma bo‘yidagi toshga o‘ydirdi. To‘rt satrlik bu she’rning ikki
satri Tohirning esida turibdi:
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |