www.ziyouz.com kutubxonasi
152
Boburni kulgi qilmoqchi bo‘lib, shu savolni bermoqda edi. Chindan ham o‘ttiz ming
qo‘shini bor xonlar bir dasta askari qolgan, xonumonidan ayrilgan Bobur bilan ittifoq
tuzib o‘tirarmidi? Bobur Mahmudxonni o‘ziga yaqin olib, shu gapni aytganidan izza bo‘ldi.
— Hazratim, o‘gay taqdir hozir meni shu ko‘yga soldi. Ammo biz mag‘lubiyat zahrini
ichishdan oldin g‘alaba sharobini ham tatib ko‘rgan edik. Shuning uchun sizga ko‘nglimni
ochib gapirishga jur’at etdim!
— Ochiq gapirganingiz ma’qul, albatta. Qalay, iloj bo‘lsa Shayboniyxon bilan yana
olishmoqchimisiz?
Mahmudxonning savolida: «Yiqilgan kurashga to‘ymaydi, chamasi-da!» degan kinoyali
ma’no bor edi.
— Olishishga mening haqqim bor, — dedi Bobur.— Chunki birda yiqilgan bo‘lsam, birda
yiqitganmen! Ammo siz Shayboniyxonga ko‘p yordamlar bergansiz!..
— Bu — rost, rost! — dedi Mahmudxon. Shu topda uning ko‘nglidan: «Agar og‘a-ini
ikkovimizning o‘ttiz ming qo‘shinimizga Boburni sarkarda qilib qo‘ysak, jiyanimiz
Shayboniyxon bilan urushib, ancha tajriba orttirgan, o‘zi ham dovyurak yigit, yengib
chiqishi mumkin», degan fikr kechdi.
Mahmudxonning o‘zida sarkardalik iste’dodi yo‘q edi. Agar Bobur uning qo‘shiniga bosh
bo‘lib Shayboniyxonni yengsa, keyin odamlar Mahmudxonni emas, Boburni va uning
iste’dodini ulug‘laydi. Undan so‘ng, Bobur Toshkentni ham tog‘asidan tortib olishga haqli
bo‘ladi. Chunki azaldan ma’lum: qo‘shin kimning qo‘lida bo‘lsa, hokimiyat o‘shaniki.
Mahmudxon shuni o‘yladi-yu, o‘z qo‘shiniga Boburni sarkarda qilish fikridan darhol
qaytdi. Gapni boshqa yoqqa burib:
— Sho‘rlik Xonzoda begim... ne ko‘ylarga tushdi-a?— dedi. — Shayboniyxon makkor
tulki-da. Xonzoda begim ona tomondan bizga avlod, ota tomondan temuriylarga
mansub. Begimni olsa obro‘si oshishini bilgan. Samarqandda dabdabali to‘y berib
uylanganmish.
Mahmudxonning gap avzoyidan, Bobur go‘yo opasini qurbon qilib, o‘zi qutulib chiqqan
edi. Bobur voqeaning boshqacha bo‘lganini ayta boshlaganda, Mahmudxon ishongisi
kelmay bosh chayqadi:
— Juda uyat bo‘ldi-da, Mirzam, hammamiz malomatga qoldik!
— Davron mening boshimga toj kiydirgan edi, — dedi Bobur yana otashin bo‘lib. — Endi
shu toj o‘rnida ta’na toshi! Hammasidan to‘ydim, xon hazratlari! Endi borsa kelmas
bo‘lib bosh olib ketishdan boshqa ilojim qolmadi!
— Undoq demang, Mirzam! Minba’d siz bizning aziz mehmonimizsiz. Egachim Qutlug‘
Nigor xonim sizga muntazir edilar. Zaifangiz Oyisha begim ham shu yerdalar. Borib ular
bilan ko‘rishing, dam oling. Ertaga Shayboniyxon elchisi sharafiga qabul marosimi
o‘tkazmoqchimiz. Siz ham ishtirok eting!
Bobur xon huzuridan chiqar ekan, hamma gapi bekor ketganini, Mahmudxon
Shayboniyxondan tahlikaga tushib qolganini va u bilan dadil olishishga jur’at etolmay,
xushomad yo‘liga o‘tganini endi aniq sezdi. Ark hovlisidan o‘tib borayotganda
Toshkentdagi osudalik hozir unga dovul oldidan bo‘ladigan xatarli sukunatdek tuyuldi.
Yaqinlashib kelayotgan dovuldan onasi va xotinini olib chiqib ketish niyati bilan arkning
to‘ridagi ayollar turadigan ichki hovlilarga qarab ketdi.
* * *
Oyisha begim Toshkentga bundan ikki oy avval kelgandi. Samarqandda ilk farzandining
o‘limi ustiga qamal azoblari qo‘shilib, yosh juvon kasalmand bo‘lib qolgan edi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |