www.ziyouz.com kutubxonasi
155
Bobur dastorpechning qo‘lidagi oltin bezakli to‘nni yulqib olib, yerga otdi. Nariroqda
gavhar va yoqutlar bilan bezatilgan shohona salla turgan edi. Bobur sallaga qadalgan
ikkita gavhar donasini — bir vaqtlar Oyisha begim bergan sovg‘ani sitib, yulib oldi, so‘ng
sallani eshikka qarab otdi. Salla chuvalib ketib, bir uchi ostona ustiga uzala tushdi.
Qosimbek sarosima bilan Boburning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
— Amirzodam, sizga ne bo‘ldi? Amirzodam!
Rangida qon qolmagan Bobur hansirab xitob qildi:
— Minba’d men bir darvish bo‘lib kun ko‘rmoqchimen! Janob Qosimbek, onamga ayting!
Men hozir O‘ratepaga keturmen! Yuz chumchuqqa bir kesak! Toju taxt da’vosidan voz
kechdim! Kim shunga ko‘nsa, men bilan yursin! Qolganlarga javob!
Bobur salladan yulib olgan ikkita gavharni siqimlaganicha ark hovlisiga chiqdi.
«Suymagan xotiningiz sizga ne kerak?» degan so‘zlar qulog‘iga qaytadan eshitilib ketdi.
Chindan ham yulduzi to‘g‘ri kelmagan begimni endi o‘z ixtiyoriga qo‘ygan ma’qul
emasmi? Ammo bu begim endi til chiqarib, shuncha achchiq gaplarni aytishi, eridan
bironta ham yaxshilik ko‘rmadim, deyishi, Boburning qalb yaralariga sepilgan tuzdek
vujudini achishtirmoqda edi. U o‘z xonasiga kirib qog‘oz va daftarlari saqlanadigan
sandiq tagidan Oyisha begim bir vaqtlar ipak bilan tikkan xaltachani qidirib topdi. Yillar
davomida xaltachaning oq matosi sarg‘ayib, xiralashgan, ammo qizil ipak bilan tikilgan
«Najotkorimizga» degan kashtasimon yozuv asliday turgan edi. Bobur gavharlarni
xaltachaga solib, Oyisha begimning oldiga bordi.
— Begim, siz meni najotkor bilib, bu gavharlarni «taxtga chiqqanda tojga qadab
chiqsinlar» deb yuborgan edingiz. Hozir mening toju taxtim yo‘q... Shohlik da’vosidan
ham butunlay voz kechdim. Darvish bo‘lib tog‘larga chiqib ketmoqchimen. Siz esa shoh
qizisiz... Oling gavharlaringizni!.. Balki yana boshqa biron... najotkoringizga sovg‘a
qilursiz!
Oyisha begim xaltachani olar ekan, achchiq bilan bidillab dedi:
— Meni yana tashlab ketadigan bo‘lsangiz, javobimni berib keting!
— Shundoqmi? Ajrashmoqchimisiz?
— Ha. Ajrashamen!
— Bo‘lmasa... bugundan boshlab menga xotin emassiz! Boshingiz ochiq! Shariat
bo‘yicha uch taloqsiz!
2
O‘ratepaning janubidagi Turkiston tizma tog‘i etaklariga bahor ancha kechikib keladi.
Hamal oyining oxirlarida dalalarga endi qo‘sh chiqadi. Qorli Piryax cho‘qqisining tagida
to‘rt tomoni baland tepaliklar bilan o‘ralgan shamolpana Dahkat qishlog‘ida o‘riklar savr
oyiga borib gullaydi.
Qishloqning kunbotish tomonida baland tepalikka ko‘tariladigan tik yo‘l — baroz bor.
Baroz shunchalik balandki, uning yuqorisidan Dahkatga qaralsa, qishloq teran bir
chuqurlikning tubiga joylashganday ko‘rinadi.
Barozdan yuqoridagi tekis dalada Tohir yalang oyoq bo‘lib, ho‘kiz bilan yer haydamoqda.
Samarqandda Tohirga qo‘shilib navkar bo‘lib kelgan bir qulog‘i kesik Mamat esa hali
haydalmagan zoyak yerga qulochkashlab urug‘ sochyapti. U ham yalang oyoq bo‘lib
ishton pochasini shimarib olgan. Ulardan narida uch-to‘rtta dahkatlik tojik dehqonlar
ham yer haydab, ekin ekayotir. Yer yumshoq, havo yoqimli, ishning unumi yaxshi.
Shuning uchun hammalarining ruhlari ko‘tarinki. Shuncha vaqt jangu jadalda yurib,
dehqonchilik kasbini sog‘ingan Tohir endi yayrab yer haydaydi va birda-yarim ashula
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |