www.ziyouz.com kutubxonasi
157
Giriftem olam ba mardi-yu zo‘r,
Va lekin naburdem bo xud ba go‘r*
Olamni zabt etgan jahongirlarning saltanati ham omonat — o‘zlari dunyodan ketishla-ri
bilan tugaydi. Lekin shoirning yaxshi so‘zlari toshga bitilgan harflarday asrlar davomida
o‘chmaydi. Shunday ekan, Bobur qolgan umrini shoirlikka bag‘ishlasa yaxshi emasmi?
— Men jon der edimu, lekin beklar sizni qo‘ymaslar,— dedi Tohir.
— Beklarga ijozat berurmiz, keturlar.
Bobur shu so‘zining ustidan chiqa olishini yalang oyoq yurish bilan isbot qilmoqchi
bo‘lganday, yana mayda toshlar ustidan sarpoychan yurib ketdi. Biroq uning qiynalib
borayotgani mayishib yurishidan sezildi. Tohir uni quvib yetdi-yu:
— Amirzodam, etikni kiying, — dedi. — Yalang oyoqlikni havas qila ko‘rmang. Xudo sizni
hech vaqt bu ko‘ylarga solmasin.
— Qaysi ko‘ylarga?
— Yalangoyoqlarning ahvoliga tushmang!
— Ajabo! Yalangoyoqlar odam emasdirlarmi?
— Odam. Lekin siz shoh bo‘lib tug‘ilgansiz!
— U holda — shoh odam emasdirmi?
Tohir javob topolmay qoldi. U shoh bilan navkar orasida tog‘day baland devor borligini
bilar, Bobur bu devordan bir sakrab oshib o‘tmoqchi bo‘layotgani g‘alati tuyulardi.
Tohirning nazarida, Bobur qayta shoh bo‘lishdan umidini uzganu tushkunlikka uchragani
uchun shu gaplarni aytyapti.
— Amirzodam, agar siz shohlikdan shoirlikni afzal ko‘rsangiz, unda men ham... ahli
ayolim bilan tinch bir go‘shada dehqonchilik qilib, sizga sadoqat bilan umr o‘tkazgan
bo‘lur edim... Lekin buning iloji bo‘lmas...
Bobur etigini Tohirning qo‘lidan oldi.
— Siz qayting, — dedi Tohirga. — Ammo bu gaplar oramizda qolsin. Keyin yana
kengashurmiz. Boring!
Tohir barozdan qaytib chiqar ekan, Boburning unga o‘zini yaqin olib shuncha g‘alati
gaplar aytganidan ko‘ngli ko‘tarilib kulib qo‘ydi. Biroq Bobur bir go‘shada tinchgina
yashaydigan miskintabiat odamlardan emas edi. Uning yalang oyoq yurishga
o‘rganmoqchi bo‘lgani esa Tohirga shoirona bir sho‘xlik bo‘lib ko‘rinardi.
Tohir barozning tepasiga chiqqanda orqasiga o‘girilib qaradi. Bobur hamon etigini qo‘liga
olib, pastlab bormoqda edi. Tohir uning chidamiga tan berib: «Lekin so‘zidan
qaytmaydigan odati ham bor!» deb qo‘ydi.
Bobur oyog‘ining bir-ikki joyi qavarib shilinganini sezsa ham og‘rig‘iga chidab,
qishloqning berigi chetidagi chashma bo‘yiga sarpoychan bordi. Undan narida yumshoq
tuproqli so‘qmoq bor edi. Lekin qishloq odamlari uning yalang oyoq yurganini ko‘rib,
pastu baland gap qilishlari mumkin edi.
Unga uyini bergan qishloqning kadxudosi ham, bek va mulozimlar ham «Mirzo
hazratlari» deb, Boburga hamisha ta’zim qilishar edi. Agar Bobur kambag‘al dehqonga
o‘xshab sarpoychan yursa, bular oddiy yalang-oyoqqa ta’zim qilganday ko‘rinib, izzat-
nafsga borishlari va xafa bo‘lishlari mumkin edi. Shuning uchun Bobur a’yonlar
uchraydigan joylardan odatdagiday etik kiyib o‘tar edi-yu, Dahkatning atrofidagi
yonbag‘irlarga borgach, yana yalang oyoq bo‘lib olardi. Oyog‘iga botib ozor beradigan
g‘adir-budur toshlar, butalar dilini o‘rtayotgan alamli o‘ylarning taftini oladiganday bo‘lar
edi. Kunlar o‘tishi bilan uning tovonlari sag‘ri charmiday qalinlashib tosh-poshlar, yog‘in-
sochinlar kor qilmaydigan bo‘lib ketdi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |