www.ziyouz.com kutubxonasi
159
nikohlab olmishdir! Mahmudxonning suyukli xotini Roziya Sulton begim ilgarigi elchi
Jonibek Sultonga g‘unchachi qilib nikohlanmishdir! Bultur Xonzoda begim uchun bizni
shunchalar malomat qilgan Mahmudxon endi suyukli xotinini, qizini, singlisini o‘z joni
uchun bunchalik sharmandali ahvolga solgani butun el-ulusning nafratini keltirmishdir!
Boburning xayoli Oyisha begimga ketdi. Undan ko‘ngli qolib, ajrashib ketgan bo‘lsa ham,
lekin bir vaqtlar ilk yoshlik mehri bilan suygan xotinining Shayboniyxon haramiga
tushishi ehtimoli uni dahshatga keltirdi. Opasi Xonzoda begimning Shayboniyxon
haramiga tushgani ozmi?
Bobur Qosimbekka dahshat to‘la ko‘zlarini tikib so‘radi:
— Nahotki Oyisha begim...Egachim Xonzoda begimning kundoshiga aylantirilgan bo‘lsa?!
— Yo‘q, amirzodam! Ne til bilan aytayki, Oyisha begim xonning amakisi — ellik besh
yoshli Ko‘chkinchixonga to‘qol xotin qilib nikohlanmishdir!
Bobur yuzini qo‘llari orasiga olib nido qildi:
— O, bu ne razolat? Ne sharmandalik?!
Qora ko‘zlaridan uchqunlar sochib Boburga achchiq gaplar aytgan o‘sha Roziya Sulton
begim bugun Jonibek Sultonning quchog‘ida! Bu yo‘g‘on gavdali makkor bek
Mahmudxon saroyida elchi bo‘lib, xon bilan shatranj o‘ynab, ataylab yutqizib yurgan
paytlaridayoq uning suyukli xotinini ko‘z ostiga olib qo‘ygan bo‘lsa ehtimol. Oyisha
begim-chi?
Qosimbek armon to‘la tovush bilan so‘zida davom etdi:
— Koshki Mahmudxon shuncha uyat ishlar qilib, tirik qolgan bo‘lsa!
— Tog‘oyim o‘ldirildimi?!
— Shayboniyxon birinchi martasida uni o‘ldirmagan edi. Lekin haligi sharmandaliklar
bilan ruhan o‘ldirgandan battar qilib Movarounnahr chegarasidan sharqqa — Oltoy
tomonga quvib yuborgan edi. Bundan alami kelgan Mahmudxon o‘sha yoqlarda o‘ziga
tarafdorlar topib, qo‘shin yig‘ib Shayboniyxondan qasd olish uchun yana Sirdaryo bo‘yiga
keladi. Xo‘jand yaqinida ikkinchi marta jang bo‘lib, Mahmudxon yana yengiladi-yu, ikki
yosh o‘g‘li bilan asir tushadi. Bu gal Shayboniyxon Mahmudxonning o‘zini ham, yosh
o‘g‘illarini ham ayovsiz qatl ettirmishdir!
— Yo alhazar!.. Yo rab!..
Bir vaqtlar Boburga oqibatsizlik qilib, alam o‘tkazgan yaqinlarining taqdir tomonidan
bunchalik shafqatsizlarcha jazolanishi Boburni qora bosiriqday ezib, karaxt qilib qo‘ydi.
Bobur ulardan har qancha ranjiganda ham bunday og‘ir jazolarni ularning hech biriga
ravo ko‘rmas edi.
Boburning rangi quv o‘chib, yuz muskullari titrayotganini ko‘rgan Qosimbek shumxabar
keltirgani uchun yana bir marta uzr so‘radi. Boburning sal taftini oladigan chora qidirib:
— Amirzodam, qani, o‘ltirsinlar, marhumlarning arvohiga tilovat qilaylik, — dedi.
Tizzalari bo‘shashib, oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Bobur archa tagidagi boyagi joyiga qaytib
o‘ltirdi. Qosimbek uning qarshisiga tiz cho‘kdi. Navkarlar ham birin-ketin cho‘nqaydilar.
Qosimbek shirali, yo‘g‘on ovoz bilan qur’on suralarini ohangdor qilib aytib, uzoq tilovat
qildi. Daryoday bir zaylda oqadigan bu ohanglar Boburga dunyoning bebaqoligini, o‘tib
turgan har bir daqiqa umr qaytib kelmaydigan ne’mat ekanini, hayotning g‘animatligini
eslatdi-yu, u o‘zini sal bosib, yalangoyoqlarini to‘nining etagi bilan bekitib qo‘ydi. Tilovat
tugab, yuzlariga fotiha tortganlaridan so‘ng Qosimbek navkarlarga qo‘li bilan nariroq
borib turish ishorasini qildi. Ular uzoqlashgach, Boburga yanada yaqinroq kelib, past
ovoz bilan dedi:
— Shayboniyzodalar bu g‘alabalardan quturib, Andijonga ko‘z tikmishlar. Bosqinchilar
erta-indin O‘ratepaga ham kelurlar. Endi bu yerlarda yurish xatarli, amirzodam. Tog‘
oshib, Hisorga ketmoq kerak.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |