www.ziyouz.com kutubxonasi
151
Shayboniyxonni ortiqroq hurmat qilishini elchiga sezdirib qo‘ymoqda edi.
Buni payqagan Bobur Jonibek Sultonga ataylab salom bermadi, unga xuddi devorga
qaraganday beparvo bir nazar tashladi-da, tog‘asiga yuzlandi:
— Xon hazratlari, men sizni yog‘iylaringizning makru hiylalaridan ogoh qilgali keldim!
U Jonibek Sultonning chiqib ketishini kutib bir lahza sukut qildi. Oraga tushgan
noqulaylikni tarqatish uchun Mahmudxon elchiga maxsus ehtirom bildirib, uni eshik
og‘zigacha kuzatib qo‘ydi. So‘ng Boburni zarbof ko‘rpacha ustiga taklif qilib, o‘ng yoniga
o‘tqazdi:
— Xush kelibsiz, Mirzam! Ko‘p otashin bo‘lmang. Bu kunlar ham o‘tar. Siz hali yoshsiz,
o‘n gulingizdan biri ham ochilgan emasdur.
— Mening ko‘p gullarim ochilmay xazon bo‘ldi, hazratim. Mening bir qanotim Ahmad
Tanbalning olovida kuydi-yu, ikkinchi qanotimni Shayboniyxon kuydirdi. Ilohim, endi siz
shu mash’um olovlarning orasida qolmang!
Mahmudxon bu gapni sal boshqacha tushundi:
— To‘g‘ri, Tanbal bizga ham xiyonat qildi. Shuning uchun biz Tanbal elchisini emas,
Shayboniyxon elchisini qabul qildik.
— Ammo siz uchun Tanbaldan ko‘ra Shayboniyxon yuz chandon xatarliroq, hazratim!
Chunki Tanbalga Far-g‘ona vodiysi yetib ortadir. Ammo Shayboniyxon butun
Movarounnahrni egallamoqchi. Xuroson bilan Eronni ham olmoqchi. E’tibor bergan
bo‘lsangiz, uning unvo-ni: «Xalifai rahmon, Iskandari soniy!». Shayboniyxon Iskandar
Zulqarnayndek barcha mamlakatlarni fath etmoqchi, yana bu bilan qanoatlanmay, butun
musulmon olamining diniy rahbari — xalifai zamon bo‘lmoqchi!
Shayboniyxonning niyati uning unvonidan ham ko‘rinib turishiga Mahmudxon ilgari
uncha e’tibor bermagan edi. Hozir Boburning so‘zlari ta’sirida bir lahza o‘ylanib oldi,
so‘ng boyagi xon elchisining so‘zlarini esladi:
— Nazarimda, Shayboniyxon bizga qarshi yurish qilmoqchi emas. Elchisining aytishicha,
ular Hisorni, so‘ng Xuroson bilan Eronni egallashmoqchi.
— Xon hazratlari, bu hammasi sizni g‘aflatda qoldirish uchun keltirilgan yolg‘on
dalillardir! Tarixni bir eslang: qaysi fotih avval Toshkent bilan Farg‘onani olmay turib,
Xurosonu Eronga yurish qilgan? Chingizxonmi? Yo‘q! Amir Temurmi? Yo‘q! Axir butun
Movarounnahrni, Samarqandu, Toshkentu, Farg‘onani egallamasdan, ularning kuchiga
tayanmasdan turib, Xurosonu Eronga yurish qilish ahmoqlik bo‘lur-ku! Buni
Shayboniyxon bilmagay deysizmi?
Shayboniyxonning Toshkentga hujum qilish ehtimoli Mahmudxonni anchadan beri
tahlikaga solib kelardi. Shuning uchun u Issiqko‘ldan narida hukmronlik qilib yurgan
ukasi Olachaxonni o‘n besh ming qo‘shini bilan yordamga chaqirgan. Bu qo‘shin hozir
yo‘lda, biror oy ichida Toshkentga yetib keladi. Shayboniyxonning odamlari bundan
allaqachon xabar topgan bo‘lishlari kerakki, Toshkentga elchi yuborib, murosa yo‘lini
izlab qolishdi. Mahmudxon Shayboniyxonning sarkardalik qobiliyatini yaxshi biladi va u
bilan urushishni istamaydi. Jiyani Bobur esa urush bo‘lishini juda naqd qilib qo‘yyapti.
Nega? Mahmudxon jiyanining niyatini aniqroq bilmoqchi bo‘ldi:
— Xo‘sh, Mirzam, Shayboniyxonning urushishi aniq bo‘lsa, biz ne qilmog‘imiz kerak?
— Shayboniyxonga qarshi turgan barcha kuchlar to‘planib ittifoq tuzmog‘imiz lozim!
Mahmudxon qo‘ng‘ir ko‘zlarini Boburga sinovchan nazar bilan tikdi.
— Siz bilan ittifoq tuzaylikmi, Mirzam?
— Faqat biz emas, kichik xon dodam Olachaxon hazratlari borlar-ku.
— Ha, Olachaxonning qo‘shini bilan mening qo‘shinim birlashsa o‘ttiz ming bo‘lur. Keyin
biz sizning qo‘shiningiz bilan birlashurmiz — shunda qancha bo‘lg‘ay?
Boburning ikki yuzu elliktagina odami qolgan edi. Buni yaxshi biladigan Mahmudxon
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |