AJDODLAR QAHRAMONLIGI -- YOSHLARGA IBRAT
Dunyoning turli burchaklarida taniqli davlat va jamiyat arboblari, olimlar va adiblar o'z ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va ijodiy faoliyati davomida buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizasiyasi va madaniyati rivojiga qo'shgan munosib ulushini yuksak baholab kelmoqda. Xalqaro jamoatchilik ulug' bobokalonimiz shaxsiga bunday behad ulkan e'tibor va ehtirom bildirib turganiga guvoh bo'lish bul zotning vorislari sifatida biz, o'zbekistonliklarga katta mamnuniyat va faxr-iftixor bag'ishlaydi.
Ajdodlarimiz vatanni sevish, xalqini ulug'lash, ulardan fahrlanish va g'ururlanish singari oliy ma'naviy fazilatlarni o’z ishlari bilan ko’rsatib o’tishgan. Shunday vatanparvar zotlar qatorida To’maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Islom Abdug’aniyevich Karimovlarning nomlari zarhal harflar bilan bitilgan.
Tarixiy manbalarda keltirilgan buyuk zotlarimizning ibratli ishlari, pand-nasihatlari va o'gitlaridan ham uning kimligini bilib olsa bo'ladi. Bular el-yurt va fuqarolarning tashvishi, raiyatparvarlik, mehr-muruvvat, qo'shnichilikka rioya qilish va nihoyat, mardlik va qahramonlik haqidagi o'gitlardir.
Tarix bu ko'hna dunyoda juda ko'p jahongirlarni ko'rgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo'yi bunyodkorlik bilan mashg'ul bo'lgan. Uning "Qay bir joydan bir g'isht olsam, o'rniga o'n g'isht qo'ydirdim, bir daraxt kestirsam, o'rniga o'nta ko'chat ektirdim", degan so'zlari bunyodkorlik, yaratuvchanlik faoliyatining tasdig'idir.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Furqat va boshqa bobokalonlarimizning o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanlaridan uzoqda kuchli vatan sog‘inchi bilan yashaganlari, ona yurt tuprog‘ini, unda mevalarni ko‘zlariga to‘tiyo qilganlari, yurt ishqida iztirob chekkanlari barchaga ayon. Ularning ruhiy kechinmalari, haqiqiy vatanparvar kishining holatidir. Haqiqiy vatanparvar u qayerda yashamasin, vatanning yaxshi kunida ham, yomon kunida ham uni tark etmaydi, u bilan birga bo‘ladi.
Vatan tuyg‘usi – bu vatanni himoya qilib, vatan deya fido bo‘lgan To‘maris, Shiroq, Spitamen, Najmiddin Kubro, Solihbek dodxoh, mulla Aliqul dodxoh singari yuzlab sheryuraklarni eslashdir.
Tomirida oxirgi tomchi qoni qolguncha dushmanga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Abdumalik To‘ra, Qurbonjon dodxoh, Madaminbek, Namozbotir singari bo‘ysunmas bahodirlarning, og‘ir kunlarda qardoshlarga yelkadosh bo‘lay deb, harbiy vazirlik lavozimidan iste’foga chiqib, ota yurti Turkistonga kelib, ayovsiz janglarda halok bo‘lgan Anvar podshoning, qullikdan o‘limni afzal bilgan Oqmasjid, Chimkent, Avliyoota, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Zirabuloq himoyachilarining nomini yodga olishdir.
Birinchi prezidentimiz Islom Abdug’aniyevich Karimov ta’biri aytganda “...o‘zini vatanparvar deb hisoblagan har bir kishi uning yaxlitligi va birligini asrab-avaylashi shart».
Bugun O'zbekiston yer yuzidagi ko'plab mamlakatlar bilan turli sohalarda o'zaro manfaatli aloqalarni kamol toptiryapti, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish yo'lida izchillik va qat'iyat bilan odimlamoqda. (371 so’z)
Do'stlaringiz bilan baham: |