www.ziyouz.com kutubxonasi
142
ajralib qolishi mumkin edi. Yov ularni ikkiga bo‘lib tashlashi, so‘ng orqadan hujum qilib
to‘lg‘ama ishlatmoqchi bo‘lganlarning o‘zlarini to‘lg‘ab, qurshab olishi mumkin edi. Hozir
Shayboniyxon qo‘shinining chap qanoti xuddi mana shu ahvolga tusha boshladi.
Ammo ana shu yerda eng yugurik otlarning tanlangani ish berdi. Boburning otliqlari
oldindan qirqib chiqishga ulgurmadilar. Mahmud Sulton boshliq uch-to‘rt yuz chavandoz
yov qo‘shinining orqasiga o‘tib olishga muvaffaq bo‘ldi. O‘ng qanotdan Hamza
Sultonning ikki yuz otlig‘i ham chopqir otlarda yovni aylanib o‘tib kelib, Mahmud
Sultonning yigitlariga qo‘shildi. Bobur qo‘shini kutilmaganda ham ikki yondan, ham
orqadan zarba yeb, esankirab qoldi. Jon achchig‘ida baqirayotgan, qilich va o‘q zarbidan
yiqilayotgan, oyoq ostida majaqlanib chinqirgan vahimali ovozlar, tig‘, nayza zarbalari,
«Urho, ur!» degan nidolar otlarni ham quturtirib yuborgan edi. Bobur qo‘shinining
dastlabki yasog‘i buzilib ketdi, ikki tomonning otliqlari aralash-quralash bo‘lib,
piyodalarning ustiga otda bostirib keldi. Piyodalarni endi o‘z qo‘shinining otliqlari ham
bosib-yanchib keta boshladi.
Ochiq qolgan markazdan Bobur askarlarining bir qismi alanga tiliday otilib chiqdi-yu,
Shayboniyxon turgan tepalikka hamla qilib kela boshladi. O‘ng qanotdagi Temur Sulton
bilan Jonibek Sultonning yigitlari hali ham qurshovdan chiqolmas edi. Shayboniyxon
tomonga bostirib kelayotgan ikki yuzdan ko‘proq otliqning raftori juda vahimali edi.
Ko‘pakbiyning uch-to‘rt yuz yigiti qirg‘in bo‘layotgan joydan chiqib, yov otliqlarining keti-
dan tushdi. Ammo oradagi masofa ancha uzoq, Ko‘pakbiy yetib kelguncha berigilar
Shayboniyxonni butun ichkilari bilan yanchib o‘tishi mumkin edi. Buni sezgan xonning
ichkilari sarosimaga tushib qolishdi. Yuvoshgina ot minib chiqqan mulla Abdurahim:
— Hazrati imomi zamon, vaqt o‘tdi, bexatar joyga chekinaylik! — dedi.
Shayboniyxonning rangida qon qolmagan. U ham bexatar joyga ketishni istardi. Ammo
bu tepalikda u tug‘lar bilan turibdi. Agar pastga tushib ketsa-yu, askarlari o‘girilib qarab,
uni va tug‘larni ko‘rmasa, «Yengilibmiz!» — deb o‘ylashadi. Xonning chekinishi—
yengilish alomati bo‘ladi. Shuning uchun Shayboniyxon titrab-qaqshab:
— O‘lim bor, chekinish yo‘q! — deb qichqirdi. So‘ng u yuz qadamcha narida turgan xos
navkarlariga buyurdi:
— Chiq hammang! Ana u kelayotgan otliqlarning yo‘lini to‘s!
Bu xos navkarlar xonning eng so‘nggi tayanchi hisoblanar, ular odatda yengilib qochish
kerak bo‘lganda xonni qo‘riqlab olib ketish uchun saqlanar edi. Xon buyruq bergandan
keyin yopirilib kelayotgan narigi yovning qarshisidan chiqib, yoylardan o‘q ota-ota ularga
yaqinlashdilar. Xos navkarlar narigilarga qaraganda ikki barobar oz bo‘lsalar ham dadil
savasha boshladilar. Naryoqdan Ko‘pakbiy ham uch-to‘rt yuz otlig‘i bilan yetib keldi. Endi
yov ilg‘orlari qurshovda qoldi. Bir vaqt shu qurshovni o‘ntacha otliq yorib chiqdi. Xuddi
ko‘pkari paytida uloq talashib to‘satdan tomoshabin ustiga bostirib kelib qoladigan
uloqchilarga o‘xshab, Shayboniyxon turgan tepalikka chiqib bordi. Mulozimlardan bir
nechasi «gur» etib orqaga qochdi. Ammo Shayboniyxon o‘z navkarlarining qo‘li baland
kelayotganini ko‘rib turar edi. Kamonga o‘q o‘rnatib, tepani qiyalab qochib o‘tayotgan
yov otliqlariga qarab otdi. O‘q hech kimga tegmagan bo‘lsa ham xon shaxsan o‘zi jangga
qo‘l urganini ko‘rgan navkarlar avvalgidan ham qattiqroq qichqirishib, yov ilg‘orini bitta
qo‘ymay qirib tashladilar.
Naryoqda yov qo‘shinini o‘rab, chulg‘ab, to‘lg‘ama usulini xon aytganday amalga
oshirayotgan sultonlar mingga yaqin yigitlari bilan Bobur turgan tepalikka yetib bordilar.
Piyodalar Boburga ish bermay qo‘ydi. Yaqinda Toshkentdan kelib qo‘shilgan mo‘g‘ul
otliqlari Bobur-ning jangni boy berayotganini sezishdi-yu, o‘ljasiz ketmaslik uchun egasiz
qolgan otlarni jilovidan tutib, yetaklab, jang maydonidan chiqib keta boshladilar. Ba’zi
mo‘g‘ullar esa o‘zlari bilan bir safda jang qilayotgan andijonlik va samarqandlik yigitlarni
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |