31
14. SAZOYI QILISH
O’zgacha fikrlovchilarga ular istiqomat qiladigan mahalla, qishloqlarda bosim
o’tkazilmoqda.(Xabarlar oqimidan).
Qishloqda uyimizning qarshisida nonvoyxona bor edi. Nonvoyxona juda katta zalning bir
burchagini egallagandi. Bu yerda ba’zan turli yig’inlar ham o’tkazilardi. Hatto ochiq sudlar ham
shu erda bo’lardi. Bir martasida qishloqdagi brigadaning tabelchisini sud qilishdi. U odamlarning
soatidan, haqidan urgan ekan. Tekshirish davomida bu ishni bilmasdan qilgani, u tabel yuritishni
bilmagani holda tabelchilikni qabul qilganidan kelib chiqqani aniqlangan.
Odamlar baribir undan g’azabda edilar. U o’margan pullaridan bir qismini sudyaga bergan, degan
fikrda bo’lganlar ham yo’q emasdi. Sudya tabelchini qamab yubormoqchi edi. Amakim uni
jamoatchilik tarbiyasiga berishni so’radilar. Sudya jazoni shartliga almashtirib, hukmni o’qib
chiqib ketdi.
Amakimni hamma hurmat qilardi. Oppoq sochlari va oppoq soqollari o’zlariga juda yarashar,
gapirganda mantiq bilan so’z yuritar edilar. Odamlar hurmat qilib, amakimni “Rais bobo” der edi.
Ilgari kolxozda rais bo’lganlar. Tumanda uzoq yillar bosh zamindor lavozimida ishlaganlar.
Amakim meni juda yaxshi ko’rardilar. Ikkalamiz yaqin do’st edik. Men ham hazillashib “Rais
bobo” desam, kulib qo’yardilar.
Odamlar shovqin-suron etib, tabelchini muhokama qila boshladilar. Kimdir uni “Qishloqdan
quvish, sazoyi qilish kerak,” deb qoldi. Odamlar shovqin suron qilishar ekan, amakim o’rtaga
chiqib, gapira boshladilar׃
-Bir gap aytishdan oldin do’ppini bir chetga olib qo’yib, o’ylab ko’rish kerak. Xo’p, buni sazoyi
qilaylik, qishloqdan quvaylik, deyapsizlar. U osmondan tushgan odam emas. Ana qabristonga
borib ko’ringlar, otasi, bobosi shu erda yotibdi. Ko’z o’ngimizda o’sdi. Biror marta o’g’irlik
qilganini yoki birovning haqini eganini ko’rdik-mi? Yo’q. Otasi halol odam edi. Buni yo shayton
yo’ldan urgan yoki o’zi iqror bo’lganidek, adashgan. Biz uni qishloqdan quvib chiqarsak, qaerga
boradi? Qaerga borsa ham unga emas, bizga la’nat aytishadi. Bu-masalning bir tomoni. Ikkinchi
tomoni esa, u rostdan ham adashgan bo’lsa-chi? U dunyoi bu dunyo gunohkor bo’lmaymizmi?
Sud bizga ishondi, biz kafillikka oldik. Kir bo’ldi, deb barmog’ingizni kesib tashlay olmaysiz.
Odamlarni sazoyi qilish, qishloqdan quvish vahshiylik davridan qolgan. Bugun uning boshiga
tushgan kulfat ertaga boshqaning ham boshiga kelishi mumin. Hammani quvaversak, yakkamoxov
bo’lib qolmaymizmi?
Xullas, amakim ancha gapirdilar. Xaloyiq u kishining fikriga qo’shildi. Tabelchi yig’lab yubordi.
U qishloqdan quvish haqidagi gapdan yig’lamagandi. Ammo qishloqda qolishini eshitib yig’ladi.
Men amakimning aqlli inson ekanliklaridan g’ururlandim.
“Amerika ovozi” radiosida ishlaganimda bir qancha inson huquqlari faollarini o’z mahallalarida
muhokama qilishganini eshitdim. Buni yuqoridagi voqea bilan buni solishtirib bo’lmaydi. U erda
32
o’g’irlikda ayblangan kishini adolat bilan muhokama etishdi. Bu yerda el-ulusga adolat istagan
insonlarni o’z Vatanidan badarg’a qilish haqida gap borgan.
Xullas, kim Karimovga “Insofli bo’l” desa, u o’sha odamni mahallaberun qilishga intildi.
Bu yaqin yillarning hikoyasi. Ammo Karimov bu ishni 1990 yillarning boshida boshlatgandi.
Bir kun Oshkoralik qo’mitasining kotibi Toyiba To’laganova menga va Erkin Vohidovga:
-Bugun meni mahallada muhokama qilishar ekan. Erkin aka, siz raisimiz va Jahongir aka, siz
o’rinbosar sifatida borib, bir narsa demaysizlarmi?-dedi.
-Boramiz,-dedik.
Kechga borib, Erkin akani topolmay qoldim. Har doimgidek, qandaydir shoshilinch ishi chiqib
qolgan emish. Oliy Kengashda ishlayotgan deputatlardan bir-ikki nafarini olib, Toyibaning
mahallasiga bordik. Majlis maktabning zalida ekan. Asosan chol-kampirlar chaqirilgan va
hammasi xafaqon. Men televidenieda chiqib yurganim uchun ba’zilari tanishdi. Majlisni tuman
rahbarlaridan biri ochdi va bir keksa odamga so’z berdi. U Toyibani Prezidentga qarshi chiqish
uchun saylamaganlari, balki o’zlarining muammolarini hal qilib berish uchun saylaganlarini aytdi.
Qolganlar ham ayni gapni takrorlab, so’zni “bunaqa deputat kerak emas”, deganga olib kelishdi.
Shunda rahmatli amakim yodimga tushdilar. Qishloqdagi muhokama haqida gaplashib
qolganimizda׃
-O’shanda nega qabriston haqida gapirgan edingiz?-deb so’ragandim.
-Odamlar qabristonga borganda va qabriston haqida o’ylaganda samimiy bo’ladilar,-degan edilar
amakim.
Shuni eslab, men ham so’z so’radim. Qabriston haqida bir rivoyatni aytib berdim.
-Qadimda bir shoh yashagan ekan. U qabristonga borishni yomon ko’rar ekan. Yaqinlari o’lganda
ham bormas ekan. Bir undan buning sababi so’rashganda u:
-Men umr bo’yi yolg’on gapirdim va yolg’on eshitdim. Otam qabristonga yolg’on bilan kirib
bo’lmaydi, kirsang qabr azobiga duchor bo’lasan, derdilar,- debdi…
Chol-
kampirlar bu rivoyatdan sergak tortib qoldilar. Keyin men gapni soddalashtirib׃
-Yaqinda maoshlar oshirildi. Unga prezident qo’l qo’ydi. Orqasidan narxlar ham oshdi. Unga
prezident o’zi qo’l qo’ymay, Bosh vazirga qo’l qo’ydirdi. O’shanda Toyiba: “Bunaqa o’yinlar qilib
yurmasdan maoshlarni bozor narxiga bog’lab qo’yaylik, ayniqsa, pensionerlarning maoshi
shunday qilinishi kerak, bozor narxi ko’tarilsa, maosh ham ko’tarilsin” deb aytgani uchun
prezidentdan dashnom eshitdi.
33
Keyin Toyiba׃ “Hukumatning byudjeti shaffof bo’lsin, pul qaerga ketmoqda? Nega yo’llarni
ta’mirlashga, mana bu maktablarni ta’mirlashga pul yo’q”, deb so’ragandi yana prezident unga
dashnom berdi. So’ng Toyiba׃
“Militsiya, sud qachon adolatli idora bo’ladi? Odamlarning umri shu idoralarning eshigida o’tib
ketmoqda”,degandi Prezident׃ “Siz deputatsiz, bizning ijro hukumati nazoratidagi bunday ishlarga
aralashmang”,- deb unga dakki berdi. Yana bir kun Toyiba oziq-ovqat talonlari haqida gapirdi:
“Xalqni oziq-ovqat talonlariga bog’lab qo’ydingiz. Lekin odamlarning qo’lida talon bor,
magazinda esa yog’ yo’q, paxtani o’zimiz ekamiz, yog’i qaerga ketmoqda?” deb so’ragandi,
prezidentga yoqmadi. Boshqa bir kun Toyiba prezidentdan׃
“Siz ham bir kun avtobusda yurib ko’ring, bir marta qassobdan go’sht sotib oling, qishning
sovug’ida oddiy odamlar yashayotgan domga kirib ko’ring”, degandi Prezident uni haqorat qildi.
Keyin mana bu- mening yonimda o’tirgan rahbarlarni sizlarning uyingizga yuborib, Toyibani
muhokama qilish kerak, deb buyurdi. Bor gap shu, dedim.
Zalda g’ala-g’avur boshlandi.
-Nega haqorat qiladi?
-Bizning deputatimiz bizning dardimizni aytibdi, rahmat unga!
-To’g’ri gap, prezidentni o’zi mana bu erga kelib, javob bersin!..
Tuman rahbarlari shoshib qolishdi va majlis deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi deb e’lon
qilinib, Toyibaning faoliyatini qoniqarli, deb baholash bilan tugadi.
Ikki kundan keyin Karimovning topshirig’i bilan Oliy Kengash raisi qonunlarga xilof ravishda
Oshkoralik qo’mitasini yopib qo’ydi. Qo’mita ham sazoyi qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |