Kidariylar davlati. V asrning 20-yillarida Sharqdan Sirdaryo va Orol bo’ylari orqali Xorazm hamda Amudaryo havzasiga yana bir ko’chmanchi Chorvador aholi - toxarlar kirib keladi. Toxarlar kushonlarning avlodlaridan bo’lib, Kidar ismli hukmdor ularga yo’lboshchi edi. Shuning uchun ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi. Tez orada kidariylar Amudaryo havzasi hamda g’arbiy va janubiy Sug’d yerlarini ishg’ol etib, xioniylar davlatining janubiy qismida o’z hukmronligini o’rnatganlar. Balx shahri esa bu yangi davlatning poytaxtiga aylantirilgan2. Aftidan, kidariylar xioniylar bilan ittifoqchi sifatida harakat qilgan va tajovuzlarini Janubga tomon kengaytirishga intilgan. V asrning 30-50-yillarida kidariylar bilan sosoniylar o’rtasida ziddiyat tobora kuchayib, ular bir-biriga dushman bo’lib qolgari. Bu ikki davlat o’rtasida 456-yilda bo’lib o’tgan navbatdagi to’qnashuvda sosoniylardan qaqshatqich zarbaga uchragan kidariylar o’zini qayta o’nglab ololmaydi. Buning ustiga tez orada kidariylar Shimoldan janubga tomon siljigan yana bir ko’chmanchi Chorvador aholi - eftaliylar bilan to’qnashadilar. Natijada, kidariylar O’rta Osiyoni tark etib, janubga - Shimoliy Hindistonga chekinadilar. U yerlarda 75 yil hukmronlik qiladilar.
Eftaliylar davlati.Milodiy IV - V asrdan O’rta Osiyo hududida yerga egalik munosabatlari, ya’ni feodal ishlab chiqarish munosabatlari qaror topa boshladi. «Feodal» lotincha-«katta yer egasi» ma’nosini anglatadi. Bu davrdan yerga bo’lgan munosabat o’zgarib bordi. Yangi yerlar o’zlashtirildi. Bu yerlarning asosiy qismi ma’lum bir kishilar - zodagonlar qo’lida to’planib bordi. Bu yirik yer egalari ziroatkor dehqonlar ustidan hukmronliklarini o’rnatdilar. Bu mulkdorlar ilk o’rta asrlarda «dehqon», ya’ni «qishloq hokimi» nomi bilan shuhrat topgan. Ularga qaram kishilar «kadivar», ya’ni «qishloq qo’rg’onlarida yashovchilar», deb atalgan. Ilk o’rta asrlarda kadivarlar (asosan, yersiz va yerga muhtoj qishloq mehnatkashlari) O’rta Osiyodagi asosiy ijtimoiy tabaqa hisoblangan.
O’rta Osiyoda dehqon Rusiyadagi singari mulkdor feodal yer egasiga emas, balki yerga bog’lanib qolgan edi. Tekin ishlab berish (barshchina) bu yerda iqtisodiy jihatdan faydali bo’lmaganligidan sug’oriladigan dehqonchilik hukmron bo’lgan butun O’rta Osiyo hududida renta - soliq turi muhim ahamiyat kasb etgan. Renta solig’ini ma’lum hududdagi jamoaga uyushgan erkin dehqonlar to’laganlar. Bu erkin ziroatkor, ya’ni oddiy mehnatkash aholi - «kashovarzlar» deb atalganlar. Kashovarzlar jamoa boshlig’i «dehqon»ga soliq to’laganlar. Bu davrda sarkor, chokar, qo’shchi kabi ijtimoiy tabaqa vakillari ham bo’lgan. «Sarkor» - mulkdor va quldor tabaqa vakillari, qishloq oqsoqollari hamda urug’ va qabila boshliqlari ishboshi sifatida obodonchilik ishlarida faol qatnashgan, «chokar» - dehqon qo’riqchisi, «qo’shchi» - yerni omoch bilan ag’daruvchi kashovarz.
O’rta Osiyo hududida yerga egalik munosabatlarining shakllanishi jarayonida milodiy V asr o’rtalariga kelib, bu yerda yangi bir qudratli davlat-Eftaliylar (eftalitlar) davlati vujudga keldi. Uning hududi hozirgi Afg’onistonning katta qismi, O’rta Osiyo va Sharqiy Turkistonning Sharqiy va janubiy-Sharqiy viloyatlarini o’z ichiga olgan. Uning asosiy negizini Baqtriya - Toxariston tashkil etgan. Shu yerdan turib eftaliylar qo’shni mamlakatlarga yurishlar qilganlar3.
Eftaliylar tarixiga oid ma’lumotlar rimlik tarixchiAmmian Martsellin (IV asr), vizantiyalik tarixchi Prisk Paniyskiy (V asr), Prokopiy Kesariyskiy (VI asr), Feofan Vizantiyskiy (VI asr), suriyalik yozuvchi Zenob Glak (VII-VIII asrlar), armanistonlik tarixchilar Lazar Parbskiy (V asr), Favtso Buzanda (IV asr), Yerishe (V asr) asarlarida mavjud. Birmuncha keyinroq yozilgan Xitoy solnomalari «Vey-shu» (VI asr) va «Man-shu» (IX-X asr)da ham eftaliylar to’g’risida qimmatli manbalar bor.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha «eftaliylar» degan nomning o’zi V asrning ikkinchi yarmidan e’tiboran paydo bo’lgan. Feofan Vizantiyskiyning m’lumotlariga qaraganda eftaliylar shohi Vaxshunvor Eftalon deb nomlangan. Arman tarixchilaridan biri esa eftaliylar degan nom «xaft» (yetti), ya’ni massagetlarning yettinchi qabilasi nomidan olingan deb hisoblaydi. Milodning VI asrida yashagan Sharqiy Rim tarixchisi Prokopiy Orol dengizining Sharqida yashagan hunlar oq yuzli bo’lganligi uchun ularni «oq hunlar» deb atagan. Eftaliylar - oq hunlarning o’zi dastlab ko’chmanchi bo’lib, keyinchalik shaharlarni bosib olishlari bilan o’troq hayot tarziga o’tganlar. Shu tufayli Vizantiya tarixchilari (Menandr) eftaliylarni shahar qabilasi sifatida ta’riflaydi.
Vaxshunvor Eftalon taxminan 457 yili Chag’oniyon (Surxondaryo viloyatining Termizdan yuqori qismi), Toxariston, Badaxshonni o’ziga buysundirib O’rta Osiyoda katta davlatga asos soldi. Bu davrda Eronda vujudga kelgan sosoniylar eftaliylarning kuchayib ketayotganligidan xavfsirab, ularga qarshi urush olib bordi. Garchi ikki tomon o’rtasidagi dastlabki to’qnashuvlar V asrning 30-yillaridayoq sodir bo’lgan bo’lsa-da, biroq hal qiluvchi janglar 459 yilda Eron taxtiga chiqqan sosoniylar shohi Peroz davriga (459-484) to’g’ri keladi. Shoh Peroz uch marta eftaliylarga qarshi yurish qilgan. Biroq shoh Peroz eftaliylarga qarshi yurishlari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan. 1-chi va 2-chi yurishlarda shoh Peroz asirga tushadi. Dastlab Vizantiyadan yuboridgan pul evaziga katta o’lpon to’lab asirlikdan ozod etiladi. Peroz asirlikdan ozod bo’lib, eftaliylarga ilgari bosib olingan Taliqon shahrini qaytarib berish va Veraxran V tomonidan belgilangan chegaradan nariga o’tmaslik majburiyatini oladi. Taliqon shahrida o’rnatilgan chegara minorasi fillar yordamida ko’chiriladi. Ammo Peroz o’z va’dasini bajarmaydi va eftalinlar ustiga ikkinchi marta qo’shin tortib keladi. Ammo bu yurish yana mag’lubiyat bilan yakunlanib, Suriya manbalarida ta’kidlanishicha, Peroz ikkinchi marta asir tushgan. Sosoniylar shohi eftalilarga kumush dirhamlar bilan to’ldirilgan qoplar ortilgan 30 ta xachir berish majburiyatini oladi. Lekin u faqat yigirmata xachir va shunga loyiq tangalar topa oladi, xolos. Majburiyatning qolgan qismi evaziga Peroz o’zining gudak o’g’li Kubod (Kavod)ni garovga qoldiradi va ikki yil davomida eftaliylarga katta hiroj to’lab turishga majbur bo’ladi. Bu hirojni Peroz aholiga og’ir jon boshi soliqlarini solish yo’li bilan to’laydi.
Majburiyatdagi qarzni to’lab bo’lgan Peroz o’zini eftaliylarga do’st qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi va o’z singillaridan birini eftaliylar podshosi Vaxshuvorga hotinlikka taklif qiladi. Lekin Peroz singlisini o’rniga boshqa qizni yuborib Vaxshunvorni aldaydi. Vaxshunvor bunga javoban, eftaliylarning iltimosiga ko’ra Erondan kelgan harbiy maslahatchilarni kaltaklattiradi va o’ldiradi.
Shoh Peroz Vizantiya yordami bilan 484 yil Marv yaqinida uchinchi, o’zining so’nggi yurishida harbiy qo’shini bilan ularga uchun maxsus tayyorlangan bo’ri o’ralariga tushib halok bo’ladi. Ushbu voqea natijasida Perozning qizi asirga tushib, Vaxshunvorning xotiniga aylanadi. Perozni tor - mor keltirgan eftaliylar Eronga juda katta o’lpon soliqlar soladilar va Marvni egallaydilar. Sug’dni esa ular allaqachon, ya’ni 467-473 yillarda o’zlariga qaratgan edilar. So’ngra eftaliylar Kobul va Panjob vodiysini hamda Sharqiy Turkistondagi Qorashar, Urumchi (490), Qoshg’ar (497 - 509) va Xo’tanni ham zabt etadilar.
Eftaliylar qo’li ostida tarbiyalangan Perozning o’g’li Kubod davrida Eron eftaliylarga hiroj to’lashda davom etgan. Uning hukmronlik yillaridagi (488-531) tengsizlik va ekspluatatsiya zulmiga qarshi xalq ommasi o’rtasida norozilik qo’zg’olonlari bo’lgan. Bu davrda barcha yerlar jamoa qo’lidan tortib olinib «dehqon mulki»ga aylantirilgan. Barcha boylik va hokimiyat boylar qo’lida bo’lgan. Ayollar huquqi poymol qilingan. Bu hol Mazdak ibn Hamadon boshchiligida qo’zg’olon kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Mazdakchilar-«Z» harfi bilan boshlanadigan to’rt narsaning aholi o’rtasida teng bo’lishni talab qilganlar: 1) Zamin (Yer); 2. Zar (oltin); 3, Zo’rlik (kuch-hokimiyat); 4. Zan (xotin). Kubod dastlab bu qo’zg’olonni himoya qildi va qo’llab-quvvatladi. So’ngra u bu qo’zg’olonga qarshi kurashdi va qo’zg’alonni shafqatsizlarcha bostirib Mazdakni 529 yilda qatl qildi.
Kubod hukmronligi davrida Eron bilan eftaliylar orasidagi munosabatlar ancha yumshab do’stona tus ola boshladi. Bu hol eftaliylar orasida o’sgan Kubodning eftaliylar bilan shaxsiy do’stona munosabatlarining natijasi bo’lganligi ehtimoldan uzoq emas. Kubod eftaliylar podshosining qizi, ya’ni o’z jiyaniga uylanadi. Chunki uning opasi asirga tushgach Vaxshunvorning xotini bo’lgan edi. Ikki tomon o’rtasidagi yaqinlik shu darajada kuchaydiki, eftaliylar 502 yilda Eron tomonida turib Vizantiyaga qarshi urushda qatnashganlar. 506 yilda tuzilgan sulh bitimiga ko’ra Vizantiya tillasidan va boshqa ulushlarini olishga muvaffaq bo’lganlar. Eron bilan eftaliylar o’rtasidagi do’stona munosabatlar Kubodning o’g’li Xusrav I Anushirvon davrida ham davom ettirilgan. Chunki, Xusrav I eftaliylarga yil sayin kumush hisobida belgilangan xirojni to’lab turgan. Ammo Xusrav I Turk xoqonlarining eftaliylarga qilgan hujumidan foydalanib, 554 yilda eftaliylardan Toxaristonni tortib oladi. 563-567 yillarda esa Turk xoqoni Istami yabg’u (vizantiyacha-Dizavul yoxud Silzibul)Eron bilan ittifoqda eftaliylarga qaqshatqich zarba beradi va bu podsholikni tobe ahvolga solib qo’yadi. Lekin VI asr oxirlariga kelib Turk xoqonligi roziligi bilan eftaliylar Eronga qarshi urush olib bordi va Toxaristonni qaytarib olishga muvaffaq bo’ldilar. So’ngra Eronda boshlangan fuqarolar urushidan foydalanib, sosoniylarga qaram bo’lishdan ozod bo’lgan eftaliylar allaqachon g’arbiy turkiy xoqonlik ta’siriga tushib qolganliklaridan o’zlarining avvalgi mustaqilliklarini saqlab qololmadilar.