Birinchidan, o’lka xalqlari o’rtasida ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy birlikning bo’lmaganligi va tarqoqlikning mavjudligidir. Arablar Movarounnahr yerlariga bostirib kelgan paytda o’lkada bir-biriga dushman bo’lgan 15 dan ortiq kichik - kichik feodal davlatchalar bor edi. Bu holdan arablar ustalik bilan foydalandilar;
Ikkinchidan, arablar ko’chmanchi turk qabilalari bilan mahalliy o’troq xalqlar o’rtasida mavjud bo’lgan qarama - qarshiliklardan ham foydalandilar.
Uchinchidan, arablar Movarounnahrga qadar juda ko’plab boshqa mamlakatlar va aholi hududlarini bosib olgan edilar. Ular bu mamlakatlarning aholi kuchlari, moddiy boylik imkoniyatlaridan O’rta Osiyo hududlarini bosib olish chog’ida foydalandilar.
To’rtinchidan, arablar Movarounnahr hududlariga bostirib kelganlarida bu yerda ko’p xudolik, ya’ni har xil diniy g’oyalarning mavjud bo’lganligi bilan bog’liqdir. Bu hol arablarga qarshi o’lkamiz hududi xalqlarining birlashuviga to’sqinlik qildi va arab bosqinchilarining g’alabasini yengillashtirdi.
Arablar O’rta Osiyo bosib olinganidan so’ng bu hududlarni boshqarish markazi Marv shahri bo’lib qolgan edi. Bu yerda xalifalikning noibi turgan va u Movarounnahr va Xurosonni idora qilgan. Dehqonlar xalifalik noibining mahalliy aholi orasidan bo’lgan vakiliga bo’yso’nganlar. Bunday kishilar amir unvoniga ega hisoblanar edilar.
Arab istilochilari zabt etilgan O’rta Osiyo hududlarida dastlab qattiq qo’llik bilan arablashtirish siyosatini olib bordilar. Ushbu maqsad yo’lida ular ming - minglab arablarni O’rta Osiyo hududlariga ko’chirib kelganlar va eng yaxshi yerlarni ularga zo’rlik bilan olib berganlar. Movarounnahr hududlarida arablar egallab olgan ba’zi yerlar hozirgacha ham «arab qishloq»lari nomi bilan saqlanib qolgan. Dali ibn Ziyod davridayoq o’lkaga 50 mingdan ortiq arab aholisi Basra, Kufa atroflaridan ko’chirilib keltirilgan.
Belozuriy va Narshaxiyning bergan ma’lumotlariga qaraganda arab lashkarboshilari ko’chirib keltirilgan arablarga mahalliy xalqlarning uy-joylarini zo’rlik yo’li bilan tortib olib berganlar. Jumladan, Qutayba Samarqand va Buxoroni egallagach, shaharlardagi uylarning yarmini arablarga bo’shatib berilishini talab qilgan. Faqat quraysh qabilasining o’zidan Samarqandga besh ming aholi ko’chib kelgan. Buxoro, Samarqand, Marv va boshqa shaharlarning aholisi o’z yashash joylaridan masjid qurish bahonasida ham ko’chirilgan. Arablashtirish jarayonida o’lkaga kelgan ba’zi arab zodagonlari dehqonchilik vohalaridagi eng unumdor yer maydonlar va suv inshootlarini egallab ola boshladilar. Arab oilalari qishloq va shaharlarga kelib o’rnasha boshladilar. Ariq qazish, ko’prik qurish, binolarni ta’mirlash va boshqa jamoa ishlarida aholidan bepul foydalanar edilar. Shu bilan birga mahalliy aholi arab zodagonlari va qo’shinini ot-ulov, kiyim-kechak, oziq-ovqat, qullar va boshqa narsalar bilan ta’minlab turishi kerak edi.
Arablar avval boshda Movarounnahrning hunarmandchilik va savdo shaharlari, obod viloyatlariga bostirib kirib, ularni taladilar va katta o’ljalarga ega bo’ldilar. O’lkalarni bosib olish chog’ida dehqonchilik vohalari oyoq osti qilinib, shahar va qishloqlar vayron etildi. Suv inshootlari buzib tashlandi. Oqibatda ko’pgina joylarda qurg’oqchilik yuzaga kela boshladi. Shaharlardan katta miqdorda qimmatbaho o’ljalar, Buxoro, Poykand va So’g’d hukmdorlaridan esa katta miqdorda tovon olindi. Arab qo’shini tarkibiga mahalliy aholi ichidan ko’plab erkaklar majburan safarbar qilinadi.
Iqtisodiy hayotni o’z qo’llaridan chiqarmaslik maqsadida arablar bosib olingan hududlarda an’anaviy davom etib kelgan soliq tizimi o’z kuchida qoldirgan holda sosoniylar tartibidagi soliq tizimini joriy qildilar. Bular asosan quyidagilar edi:
1. Qavonin yoki mukati’a-mayda viloyatlar va tumanlardan xazinaga tushib turgan yig’in;
2. Maqosima-hosilning ma’lum ulushi miqdorida to’langan. Uning hajmi sug’orishga bog’liq holda belgilangan;
3. Misoxa-yer hajmiga qarab miqdori belgilanadigan soliq bo’lib, unda ekin ekilishi yoki ekilmasligi e’tibor berilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |