Bu soliq tizimiga quyidagi soliqlar ham qo’shilgan:
Xiroj-arabcha-«chiqim, xarajat, sarf-soliq»; yer solig’i-hosilning 1/3 qismi miqdorida yig’ilgan;
Ushr-arabcha - «o’ndan bir»-davlat idora ishlari uchun daromadning 1/10 hajmi hisobida olingan;
Zakot-arabcha - «tozalanish»-mol-mulkning 1/40 qismi (2,5) hajmida olingan;
Juz’ya (jon solig’i)-islomni qabul qilmagan aholidan olinadigan jon solig’i. Juz’ya natura yoki pul hisobida, asosan dehqonchilik mahsulotlaridan yig’ilgan.
Bulardan tashqari aholiga mahalliy va mavsumiy soliq va majburiyatlar ham yuklangan edi.
IX asr arab tarixchisi Xo’rdodbehning ko’rsatishicha, xalifalikka faqat xiroj solig’i hisobiga Sug’d viloyati 326 ming, Farg’ona 280 ming, Shosh 607 ming, Ustrushona 50 ming dirham soliq to’lagan. Buxoroga belgilangan xiroj solig’i miqdori bulardan ham ko’p bo’lgan. Shu boisdan istilochilar «kuch xirojda» deb bejiz aytmaganlar.
Islom dinini qabul qilgan, musulmon bo’lgan mahalliy aholi vakillari dastlabki yillarda xiroj va juz’ya soliqlaridan ozod etilib, ularga anchagina imtiyozlar berildi. Namoz o’qish uchun masjidlarga borgan shaxslarga 2 dirhamdan pul ham berilar edi. Arablar og’ir soliqlarni o’z vaqtida to’lay olmaganlarni haqoratlab va xo’rlab taxtachalarga «qarzdor» degan yozuvlar yozdirib, ularning bo’yniga ostirib qo’yar edilar. Jumladan, Taboriyning so’zicha Xuroson va Movarounnahrning 735-738 yillardagi noibi Asad ibn Abdulloh juz’ya to’laydigan kishilarning bo’yniga tamg’a ostirgan.
Islom dinini qabul qilganlarni juz’ya va xiroj soliqlaridan ozod qilish siyosatini xalifa Umar II ham yurgizgan va u bu siyosatni Xurosonga 717 yilda noiblikka tayinlangan Jarroh ibn Abdullohdan bajarilishini talab qilgan. Jarroh rasman xalifaga bo’ysungan bo’lsa-da, bosib olingan mamlakat aholisi islomni qabul qilgan bo’lishidan qat’i nazar xiroj solig’ini to’lashi kerak deb hisoblardi. Bundan tashqari Jarroh islomni qabul qiluvchilar uchun sunnatni shart qilib qo’ygan. Mahalliy xalq o’rtasida Jarroh zulmidan norozilik kuchaygan. Umar II vaziyatni murakkabligini hisobga olib Jarrohni 719 yilda ozor va arman yurtiga hokim qilib jo’natadi. Arablar o’z hukmronligi siyosiy negizini mustahkamlash va uning barqarorligini ta’minlashda islom dinini keng yoyishga va targ’ib qilishga katta e’tibor berdilar. O’rta Osiyo aholisi ichida e’tiqod qilayotgan zardushtiylik, moniylik, buddizm, nasroniy va boshqa dinlar soxta deb e’lon qilindi. Ayniqsa zardushtiylikka qarshi keskin kurash olib borildi. Bosib olingan yerlarda bu dinning barcha ibodatxonalari yo’q qilinib, ularning o’rniga masjidlar barpo qilina boshlandi. Zardushtiy adabiyotlar, xususan, diniy kitoblar, so’g’d tilidagi nomalar, xalq adabiyoti yo’q qilinib yuborildi.
Arablarning O’rta Osiyo hududida yurgizgan zo’ravonlik va mustamlakachilik siyosati, shubhasiz, tub yerli aholining turli ijtimoiy qatlamlarining keskin norozililgiga sabab bo’ldi. Buning natijasida arablar hukmronligi davomida o’lkaning turli hududlarida xalq qo’zg’olonlar yuzaga keldi.
O’rta Osiyo xalqlari arablar yurishining birinchi kunlaridan boshlab o’z erki va ozodligi uchun kurashga otlanganlar. Arablarga qarshi olib borilgan erk va ozodlik kurashining eng e’tiborli tomoni shundaki, bu kurashda Movarounnahrning o’troq qadimiy yerlik aholisi bilan turk qabilalari doimo birgalashib jang qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |