Somoniylar davlati (874-999). Somoniylar davlati xususida ko’p manba va adabiyotlar majud bo’lsada, ular orasida asli Buxoroning Narshax qishlog’idan bo’lgan Abu Bakr Ja’far Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asari birinchi manba hisoblanadi. Narshaxiy o’z asarida qadim Buxoroning paydo bo’lishi, bu yerdagi aholi, tabiati, hokimiyat boshqaruvi, davlatlar to’g’risida yetarlicha ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Tohiriylar sulolasining inqirozga yuz tutishi natijasida IX asrda Movarounnahrda yangi Somoniylar sulolasi paydo bo’ldi. Yuqorida tilga olib o’tganimizdek, Ma’munning xalifalik taxtini egallashida Movarounnahrlik Somon ibn Xudodning ham alohida xizmati borligi shubhasiz. SHuning uchun ham xalifa Ma’mun o’ziga sodiq Somonxudod avlodlariga katta ishonch bildirib, ularga Movarounnahrning turli hududlarini mustaqil boshqarish huquqini topshirib qo’yadi. Ahmad 819-820 yillardan 864-865 yillargacha Farg’ona mulkida, No’h 812-820 yillardan 841-842 yillargacha Samarqandda, Yahyo 819-820 yillardan 841-842 yillargacha Samarqandda, Yahyo 819-820 yillardan to 855-856 yillargacha SHosh va Ustrushonada hokimlik qiladilar9.
Dastlabki davrlarda somoniylar tohiriylarga tobe bo’lib, ular orqali xalifalikka ma’lum miqdorda to’lovlar yuborib turganlar. Xalifalik xazinasiga Samarqand hududi 326 ming, Farg’ona-280 ming, SHosh-607 ming, Usturshon-50 ming muhammadiy dirham miqdorida har yili to’lovlar yuborgan. Somoniylar, tohiriylardan farqli o’laroq, dastlab o’z hududlarida kumush dirhamlar emas, balki mis tangalar zarb etganlar. Biroq asta-sekinlik bilan somoniy hukmdorlar o’z ta’sir doiralarini kengaytirib, o’lka mustaqilligini mustahkamlab borganlar. Ayniqsa No’h ibn Asad vafotidan so’ng Nasr ibn Ahmad Somoniyning Samarqandga noib etib ko’tarilishi (855) hamda ko’p o’tmasdan Yahyo o’limidan keyin (856) SHosh va Ustrushon yerlarining ham uning tasarrufiga o’tishi Somoniylar davlati hududlarining birlashuvida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 865 yilda otasi Ahmad ibn Asad(865-892) vafotidan so’ng amalda Nasr Movarounnahrning birdan-bir yagona hukmdori bo’lib qolgandi.
Endilikda o’z davlatining Sharqiy hududlarini ko’chmanchi qabilalarning hujumlaridan muhofaza qilish, so’ngra kuchli jangovar armiya tashkil qilish, Buxoro yerlarini tohiriylar ta’siridan qaytarib olishdan iborat asosiy vazifalari muvaffaqiyatli hal eta oldi. Jumladan, Nasr Turkiston shahri tomon yurish qilib, ko’chmanchi qabilalar ustidan muhim g’alabaga erishadi. 874 yilda esa tohiriylarga qarshi ko’tarilgan Buxoro xalqi qo’zg’olondan foydalanib, Buxoroni ham o’z davlatiga qo’shib oladi. Buxoroni idora etishni ukasi Ismoilga topshiradi. SHu tariqa Movarounnahrning amaldagi mustaqilligi Nasr va Ismoil Somoniylar tomonidan ta’minlanib boshqarila boshlanadi.
Nasr Ismoilni o’z noibi deb hisoblar edi. Ismoil ibn Ahmad Buxoroda o’z hokimiyatini mustahkamlab olgach, Samarqandga yuboriladigan soliqni to’xtatadi. SHundan so’ng aka-uka o’rtasida nizo paydo bo’ldi: 886 yilda Nasr va Ismoil qo’shinlari to’qnashdilar. Bu jangda Ismoil mag’lub bo’ldi va u vaqtincha Buxoro noibligidan tushirildi. Lekin ikki yil o’tgach aka-uka qo’shinlari o’rtasida yana to’qnashuv bo’ldi. Bu jangda Ismoilning qo’li baland keldi. Nasr qo’shini tor-mor qilindi. Movarounnahr hukmronligi Ismoil qo’liga o’tdi. Lekin Ismoil Nasrdan taxtni tortib olmadi va Nasr o’z vafotigacha (892 yili) somoniylarning boshlig’i sifatida Samarqandda qoldi.
Nasr vafotidan so’ng Ismoil davlat boshlig’i bo’ldi. Poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko’chirildi. O’zaro janjal va isyonlar bartaraf etganidan keyin Ismoil 893 yili ko’chmanchilarga qarshi qo’shin tortdi va Tarozni egalladi. U bu yerda xonni va uning 10 ming qo’shinini asir olib, bu jangda katta harbiy o’ljani qo’lga kiritdi. Xalifa al-Mutadis (892-902 yillar) Ismoilning qudrati kuchayib ketayotganligini ko’rib, Movarounnahrdan mahrum bo’lib qolishidan sarosimaga tushadi hamda hiyla yo’llarini izlay boshlaydi. U Movarounnahrdan o’zining barcha odamlarini saroyga taklif etdi va ularga Ismoilning Movarounnahr hokimligidan tushirilganligini va Amir ibn Laysni u yerga hokim qilib tayinlanganligini e’lon qildi. Bu bilan xalifa o’zining ikki dushmanidan bir yo’la qutulmoqchi edi.
Movarounnahr noibligi to’g’risida yorliqni olgan Amr ibn Lays Ismoilga qarshi qo’shin tortdi. 900 yili Buxoro ostonasida Amr ibn Lays qo’shini tor-mor etildi. Narshahiy va boshqa tarixchilarning qayd qilishicha, Ismoil Amr bilan bo’ladigan jangga qo’shindan tashqari Buxoro hunarmandlarini va hamda oddiy xalqning qo’liga qurol berib, o’z ozodligini saqlab qolishga chaqirgan. Keng xalq ommasining ishtirok etishi Ismoilga zafar keltirdi. Ismoil arab bosqinidan keyin birinchi bo’lib o’zaro janjallar, bosqinchilar tomonidan talangan o’lkani buyuk va qudratli davlatga aylantirish uchun o’zining kuch g’ayratini ishga soldi.
Qudratli va markazlashgan davlat tuzish uchun Ismoil birinchi navbatda mahalliy zodagonlar va savdogarlarning manfaatlarini ko’zlab ish tutdi. Davlatning iqtisodiy kuch-qudratini oshirish, qishloq xo’jaligini, hunarmandchilikni va savdoning rivojlanishi uchun keng shart-sharoitlar tug’dirib berish lozim edi. SHu maqsadda Ismoil katta va yaxshi qurollangan, saralangan qurolli kuchlarni tashkil qilishga kirishdi. U ayniqsa, turk g’ulomlaridan iborat qismlarni tuzishga katta e’tibor berdi. Natijada Somoniylar davlati tez orada musulmon sharqidagi markazlashgan kuchli davlatga aylandi. Somoniylar sulolasi hukmronlik qilgan yillar quyidagichadir: No’h ibn Asad(819-842), Ahmad ibn Asad(842-864), Nasr 1 ibn Ahmad(864-897), Ismoil ibn Ahmad (897-907), Ahmad ibn Ismoil (907-914), Nasr II ibn Ahmad(914-943),, Nux 1 ibn Nasr(943-954), Abdumalik ibn Nuh (954-961), Mansur 1 ibn Nuh( 961-976), Nuh II ibn Mansur (976-997), Mansur II Nuh(997-999).
«Tarixi Mullozoda» da yozilgan:
No’h tan budand z-oli Somon mashhur,
Har yak ba valoyate shahry mazkur
Ismoilu Ahmad, du Nasru
Du Nuh, du Abdul Malik, du Mansur.
Tarjimasi: Somoniylar avlodidan to’qqiztasi mashhur bo’lib, har biri shaharda hokim edi. Bular Ismoilu Ahmad, ikki Nasr, ikki No’h, ikki Abdul Malik, ikki Mansur.
Do'stlaringiz bilan baham: |