ASOSIY QISM
I-BOB.O’rta Osiyo bronza davri moddiy manbalari va ularning o’rganilishi tarixi.
Jamoalar tarixini o’rganishda, ilk shahar va davlatlarning paydo bo’lish jarayonlarini tadqiq etishda arxeologik materiallar asosiy manba bo’lib hizmat qiladi. Jamoalarning paydo bo’lishi va rivojlanishi masalasi Qadimgi SHarq misolida juda yaxshi o’rganilgan. Bu masalada A.I. Tyumenov va I.M. D’yakonovlarning SHumer jamoalarini o’rganishdagi tadqiqotlarini alohida ta’kidlash mumkin. Old Osiyo mamlakatlari misolida N.B. Yankovskaya, Ugarit va Finikiya bo’yicha M.L. Gel’tser , Falastin bo’yicha I.D. Amusina, Elam bo’yicha Yu.B. Yusifov, Vavilon bo’yicha G.X. Sarkisyan, Eron bo’yicha M.M. D’yakonov, Xitoy jamoalari bo’yicha bir qator xitoyshunos olimlarning tadqiqotlari mavjud. Hindiston jamoalarini yozma manbalar asosida G.M. Bongard-Levin va G.F. Il’inlar o’rgangan. T Yakobsen tadqiqotlari esa jamoalarni boshqarish masalalariga bag’ishlangan.
Yuqorida eslab o’tilgan adabiyotlar tahlili shuni ko’rsatadiki, Qadimgi SHarqning madaniyat o’choqlarida jamoalarning rivojlanishi bir- biriga aynan o’xshamasa-da, bir-biriga monand holda rivojlangan.
Qon-qarindoshlikka asoslangan urug’chilik jamoasi. Eng qadimgi urug’chilik jamoasi. Bu bosqichda guruhli nikoh (bir urug’ erkaklarining ikkinchi urug’ ayollari bilan jinsiy aloqa qilish tartibi) hukmron. O’rta Osiyo sharoitida neolit davrining Kaltaminor madaniyati jamoasini shu bosqichga kiritish mumkin. Bu bosqichda iqtisodiy hayot o’zlashtiruvchi xo’jalikka asoslangan. Mulk ijtimoiy xarakterda bo’lgan. Urug’ jamoalari katta chaylasimon kulbalarda yashaydi. Bu bosqichning so’nggida asta-sekin ayollar tashabbusi bilan oila kurtaklari paydo bo’la boshlaydi (Jonbasqal’a chaylasi).
Qon-qarindoshlikka asoslangan jamoada barcha mahsulot umumjamoa mulki hisoblanib, o’zaro ko’mak bosh rolni bajargan. Jamoaning bu yashash tarzi ular orasida mehnat taqsimotining paydo bo’lishiga olib kelmaydi. Mahsulotlarning jamoa a’zolari o’rtasida teng bo’linishi jamoa taraqqiyotining yanada rivojlanishiga yo’l bermaydi.
Oila jamoasi. U urug’ jamoasidan ajralib chiqqan bo’lib, erkin xo’jalik yurituvchi hisoblanadi. Lekin bu jamoa o’z holicha yashay olmaydi. Bu bosqichda ona jamoada o’z mavqeini saqlab qoladi. Mulk hali ijtimoiy xarakterda bo’ladi. Bular davr nuqtai nazaridan O’rta Osiyoning dehqonchilik mintaqalarida neolit va eneolit davrini o’z ichiga oladi. Bu davrda ayollar o’z taqdirini boshqa urug’dan bo’lgan erkaklarning biri bilan bog’laydi. SHunga qaramay, bolalar oldida otaga nisbatan tog’aning nufuzi hali yuqori bo’lgan. Ona urug’i doirasida oila tarkib topa boshlaydi, ya’ni ayollar farzandlarini, bolalarining otasini o’z urug’i jamoasi uchun foydali mehnat bilan mashg’ul bo’lishini talab qiladi. Natijada, guruhli nikoh qoidalari parchalanib, ayollar tashabbusi bilan shakllana boshlagan oila kulbalari tarkib topadi. Etnografik manbalarda ko’plab kuzatilganidek, ichkuyovlik (erkaklarning ayol jamoasida yashay boshlashi) nikoh tartibi vujudga keladi. Biroq ichkuyov ayol jamoasining teng huquqli a’zosi bo’la olmaydi. U o’z «jazmani» va undan orttirgan farzandlari tufayli ayol jamoasida yashashga va ayol jamoasi manfaati uchun mehnat qilishga majbur bo’ladi. Dastlab jamoa oilalari bir xonali kulbalarda yashaydi. Bu manzara neolit davrining Jaytun jamoasi va Nomozgoh I davri jamoalari yodgorliklarida kuzatiladi. Bu davrda hali ichkuyovlik niko h tartibi tarkib topmagan, erkaklar o’z jamoasiga vaqti-vaqti bilan qaytib kelib yordam berib turadi. Oila iplari mustahkamlana boshlaydi, erkaklar o’z jufti haloli xonadoniga ko’chib o’tib, to’la ma’noda er vazifasini bajara boshlaydi. Aynan shu davrdan boshlab dehqonchilik va chorvachilik bilan bog’liq bo’lgan mehnat munosabatlari mustahkamlanib, oilalarning jamoa mulkiga qo’shadigan hissasi orta boshlaydi. Oqibatda jamoaga ko’proq daromad keltiruvchi oilalar urug’ boshliqlaridan qo’shgan hissasiga yarasha oilaviy mulk taqsimoti bo’lishini talab qila boshlaydi. A’zolarining ko’payishi tufayli endi oilaga bir xonali uylar torlik qiladi 2
______________________________________
2 Annaev T., SHaydullaev SH. Surxondaryo tarixidan lavhalar.-T., «O’zbekiston», 1997..
Bronzaning kashf etilishi ibtidoiy jamoa xo’jaligida buyuk o’zgarishlarga olib keldi. Bu insoniyatning iqtisodiy hayotigagina emas, balki siyosiy, madaniy, ma’naviy hayotida ham tub o’zgarishlar yasadi.
Bronzaning tarkibi mis va qalay qorishmasidan iborat bo’lgan. Eng yaxshi bronzaning tarkibida 90 % mis va 10 % qalay bo’lgan. U dastlab miloddan avvalgi III ming yillik oxirlarida Mesopatamiyada (ikki daryo oralig’ida) kashf etilgan. Bronza qurollar qattiq va ularga ishlov berish oson bo’lganligi uchun mis qurollarni siqib chiqardi. SHuningdek bronza misga nisbatan past haroratda erigan. Mis 1084 gradus haroratda erisa, bronza 700-900 gradusda erigan. Uning bunday past haroratda erishi, uning har bir xo’jalikda qurollar yasash imkonini bergan. Bu esa mehnat, jangovor qurollarning turi ko’payishiga va samaradorligining oshishiga olib kelgan.
Bronza maxsus qalin sopol idish—tigellarda eritilib, sopol qoshiqlar orqali tosh va sopoldan yasalgan qoliplarga solingan. Bronza qoliplarga yopishib qolmasligi uchun qoliplarga mumiyo surtilgan va bronza qolipdan oson ajralgan .
Jahon tarixida bronza davri miloddan avvalgi III ming yillik oxirlaridan boshlanadi. Bu davrda Qadimgi Misr, Mesoptamiya, Kichik Osiyo va Eronning janubi-g’arbida davlatlar shakllanib, quldorlik jamiyati keng ravnaq topgan edi.
O’rta Osiyo hududida esa bu davr miloddan avvalgi II ming yillikning I choragida boshlanib, miloddan avvalgi VIII asrlargacha davom etadi. SHuningdek jamiyat taraqqiyoti ham o’ziga xos tarzda davom etgan. O’rta Osiyoning janubiy hududlarida dehqonchilik madaniyati ravnaq topib, ilk shahar madaniyati tarkib topdi. O’zbekistonning janubiy—sharqiy va markaziy hududlarida, ya’ni Samarqand, Farg’ona, Qarshi vohasi hududlarida ilk shahar madaniyati izlari so’nggi bronza davriga kelganda vujudga keldi. Ungacha bu hududlarda ko’chmanchi chorvadorlar madaniyati, ya’ni Andronova va Tozabog’yob madaniyatlari aholisi yashab kelgan. O’zbekistonning shimoliy hududlarida cho’l va dasht chorvachilik xo’jaligi yetakchi o’rinni egallagan. Zarafshon, Sirdaryo va Amudaryo etaklarida so’nggi bronza va ilk temir davrida chorvador qabilalar o’troqlashib, sug’orma dehqonchilik bilan shug’ullana boshlaganlar va ular asosida qishloqlar tashkil etiladi.
Bronza davri xo’jaligining eng katta yutug’i bu dehqonchilik madaniyatining keng yoyilishi va uning chorvachilikdan ajralib chiqishidir. Bu jarayon fanda birinchi ijtimoiy mehnat taqsimoti deb nomlanib, miloddan avvalgi II ming yillikning 2 chi yarmida sodir bo’lgan. Ijtimoiy mehnat taqsimoti birinchi navbatda tabIIy sharoit muhitidan kelib chiqib ixtisoslashdi. O’rta Osiyoning janubiy va janubi-g’arbiy rayonlari dehqonchilik madaniyatining o’choqlariga aylandi. Uning cho’l va dasht zonalarida chorvadorlar va O’rta Osiyoning shimoli-sharqiy, shimoli-g’arbiy, markaziy hududlaridagi daryo etaklarida dehqonchilik madaniyati tarkib topa boshladi. Dehqonchilikdan chorvachilikning alohida soha bo’lib ajralib chiqishi qonuniy zaruriyat bo’lgan.
Bronzadan yasalgan qurollari mehnat unumdorligini oshirdi, takroriy sug’orma dehqonchilik asosida doimiy qishloqlar ko’paydi, yangi yerlar o’zlashtirildi, hunarmandchilikning yangi sohalari—metallurgiya, zargarlik rivojlandi, kulolchilikda charxdan foydalanishga o’tildi, uy-joy qurilishida g’ishtdan foydalanildi, mustahkam mudofaa devorlari qurila boshlandi. CHorvadorlar zonasida ot va eshakdan transport sifatida foydalanishga o’tildi. Gupchakli g’ildirakli aravalar paydo bo’ldi, jamiyat hayotida monogam oila tarkib topib, hayotda otalar yetakchi bo’la boshladilar, patriarxat davri boshlanib, urug’ jamoasi yemirila boshladi va ilk davlatchilik elementlari shakllandi. Qo’shni mamlakatlar, ayniqsa chorvadorlar bilan dehqonlar o’rtasida tovar ayirboshlash jonlandi. Qabilalararo munosabatlarda, bir – biri bilan aralashib, yangi etnoslarning shakllanishi va ularning madaniyatlari vujudga kela boshladi. Masalan, hozirgi Qirg’iziston, Qozoqiston cho’llarida yashagan Andronova madaniyati chorvadorlari miloddan avvalgi II ming yillik o’rtalarida O’zbekistonning shimoliy va janubiy hududlariga kirib borib, mahalliy aholi bilan aralashib ketgan va Tozabog’yob, Qayroqqum kabi madaniyatlar shakllangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |