Umarali NORMATOV: — Adabiyot tarixidan ma’lumki, hech qaysi adabiy oqim, ijodiy metod ijodkorga imtiyoz, afzallik huquqini bermaydi. Oxir-oqibat ijodkorning iste’dod darajasi, zakovati, ijoddagi omadi, badiiy ixtirosi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi modern she’riyatning, modern shoirlarning unchalik mashhur emasligidan ko‘pam tashvishga tushavermaslik kerak. Har holda mening kuzatishimcha, modern she’riyatga munosabatda muayyan o‘zgarish bor, ixlosmandlar keyingi 4-5 yil davomida sezilarli darajada ko‘paydi. Qolaversa, modern she’riyatning o‘zi yuqorida aytilganidek, betinim o‘zgarib-yangilanib, takomillashib, o‘quvchi-she’rxonga yaqinlashib boryapti, hali bizda modern she’riyatning imkoniyatlari to‘laligicha namoyon bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, bugungi kunda uning Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammaddek tan olingan iste’dodli namoyandalari borligining o‘zi katta gap! Bular va ularning o‘nlab izdoshlari o‘zbek milliy modern she’riyatining ertasiga katta umid uyg‘otadi.
Ulug‘bek HAMDAM: — Domla, negadir menga Abduvali Qutbiddin va Faxriyor bilan Bahrom Ro‘zimuhammad she’riyati o‘rtasida ildizli tafovut borga o‘xshaydi. Birinchi ikki shoir an’ana doirasida, an’ana zaminida turib modernistik kashfiyotlarga intilayotgan bo‘lsalar (sizning yuqorida «sof modern» ko‘rinishidagi deyarli barcha asarlar qa’ridan aks-sado berib turgan qadim ayolg‘u navolarini tuyib-eshitib turasiz, deganingiz bejiz emas), Bahrom Ro‘zimuhammad ijodiyoti ko‘proq modernistik sohil tomonida kabi. Chunki Abduvali Qutbiddin va Faxriyorga dunyoni boshi va oxiri mavjud bus-butun olam o‘laroq ko‘rish xos, binobarin, ular yaratayotgan badiiy dunyo izchil mantiqiylikka, uzviy davomiylikka asoslangan bo‘lsa, Bahrom Ro‘zimuhammad «dunyosi»ning haqiqatan ham «oyog‘i osmonda». Uning she’rlari Faxriyor va Abduvali Qutbiddin asarlarda aks etgan «butun dunyo»ning sochilib ketgan siniqlaridek taassurot qoldiradi. (Axir modernizmning mohiyati aynan inson ruhiyatidagi darzlar orasida yashiringan-ku!) Bu o‘rinda gap qaysi she’riy yo‘lning ustun yo pastligida, yaxshi yo yomonligida emas, aslo! Masalani hech qachon bunday qo‘ymaslik kerak. Gap shoirlarning fitratiy o‘ziga xosligida, dunyoni estetik badiiy idrok etishidagi ayrichaligida. Hech shubha qilmaymanki, agar shoir chinakamiga iste’dodli bo‘lsa, har qanday yo‘sinda go‘zal, g‘oyat go‘zal ash’or bita oladi. Binobarin, badiiy tafakkurning realistik bosqichi ham, modernistik bosqichi ham, jumladan, ularning o‘ziga xos sintezi bo‘lmish modernistik realizm (Faxriyor, Abduvali Qutbiddin kabi yana ko‘plab shoirlarimiz shu uslubga yaqinroq) bosqichi ham yuksak san’at namunalarini berishga qodirdir. Ha-ha, shoirning kuchi uning qaysi «izm»ga mansubligida emas, balki shu «izm» zaminida turib, nima va qanday yoza bildi, gap shunda! Va yana shunday o‘ylar meni hech tark etmaydiki, XX asr o‘zbek an’anaviy she’riyati bergan «Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen!» (Cho‘lpon), «Chuvaladi o‘ylarim sensiz, Xayolimga taroq urgayman. Mening qo‘lim yetmagan yulduz, Tushlarimda seni ko‘rgayman» (A. Oripov), «Uyg‘on ay malagim, tur, o‘rningdan tur, Otashin muzlarda isinaylik, yur!» (R. Parfi) kabi o‘zining o‘lmas misralarini hali yarata bilganicha yo‘q. Biz «modern she’r tabiati sal boshqacha bo‘ladi, unga bu yanglig‘ talablar qo‘yib bo‘lmaydi» degandek o‘nlab-yuzlab vaj-karson ko‘rsatmaylik, baribir, adabiyotning san’atlik xususiyatini unutmasligimiz lozim. U bizning estetik dunyomizni titratib yuboradigan asarlar bergandagina chinakam badiiy hodisa haqida fikr yuritishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |