Ulug‘bek HAMDAM: — Umarali aka, siz qayday o‘ylaysiz, she’riyatimizda yuz berayotgan bu o‘zgarishlarning tub sabablarini qayerlardan izlamoq o‘rinli bo‘larkin? Hamma gap aylanib borib inson va davr munosabatiga taqalmasmikan? Axir, odamzod o‘zini o‘tga-cho‘qqa ursa ham — urmasa ham, baribir, o‘zi yashab turgan jamiyat va zamonning bir parchasi ekanligini inkor etolmaydi. Shunday bo‘lgach, davr ta’siridan qochib qayga ham keta olardi. Ketganda nima bo‘lardi? Uni hech kim tushunmay qolmaydimi?.. Axir bizning ma’naviy holimiz o‘zimiz yashayotgan muhitdan qabul qilib olgan shartli belgilar darajasi bilan o‘lchanmaydimi! Modomiki shunday ekan, biz ana shu belgilarga ko‘ra gapirmog‘imiz shart emasmi? Yo‘qsa, begona yurtga kelib qolib, hech kim tushunmaydigan o‘z tilida nimalarnidir anglatishga behuda urinayotgan sho‘rlik sayyoh holiga tushmaymizmi? Belgilarga ko‘ra gapirish degani o‘zing yashayotgan davr tabiatini, tartib-intizomini tan olish deganimi? Uzoqqa bormaylik-da, 60-yillarda o‘z she’rlari bilan sobiq Ittifoqda keng shuhrat qozongan Ye.Evtushenkodan bir misol olaylik. U yozadi:
Bugungi qahramon —
u o‘zgardi.
Xuddi asr yanglig‘ murakkablashdi.
Hozir qahramon – faylasuf va ijodkor,
Aslo qilichbozlardan emas, balki payg‘ambarlardan.
O‘gitlarni anglash davri — bu,
Yuzaki romantikaning kuni esa bitdi.
(tarjima bizniki — U.H.)
Bundan bir necha o‘n yillar burun yozilgan she’rda «yuzaki romantikaning kuni bitganligiyu o‘gitlarni anglash davri boshlanganidan, kunning qahramoni o‘zgarganidan» bahs qilinmoqda. Endi e’tibor bering, shu she’r mazmunini bugungi kunimizga tadbiq etsa bo‘lmaydimi? (Faqat bugungi qahramonning ismi o‘zgargan: u Yevtushenko aytganiday «faylasuf» yo «ijodkor» deb emas, balki «tadbirkor», «tujjor» va shuning kabi ismlar bilan atalmoqda). Axir shoir 30 yil naridan turib kunimizni yozgandek tuyulmayaptimi? Axir biz emasmi xomxayollar pallasidan yiroq tushib, real hayot sarhadiga qadam qo‘ygan va zamonga mos bo‘lishga, o‘zgarishga intilayotgan kishilar!.. Ko‘rinadiki, har davrning o‘ziga xos kayfiyati bo‘lib, u shu davrda yashayotgan kishilar ongi va qalbiga kirib boradi. Biz shuning ta’sirida yuramiz. Yevtushenko 30 yil oldin qahramonning o‘zgarganidan xabar bermoqda. Bugun u yana o‘zgardi. Demak, 30 yil oldin ro‘y bergan yangilanish o‘zining nihoyasiga yetdi va undan-da yangi boshqa davr boshlandi. Va biz endi yangilangan shu davrga ko‘ra hayotimizni moslashga, u bilan hamqadam yurishga intilamiz. Ushbu harakat esa dunyoni, o‘zimiz tegishli bo‘lgan jamiyatni qayta anglash, idrok etishimizni taqozo etganidan sekin-asta ma’naviy hayotimiz harakatga keladi. Shu vaqtgacha ma’lum ma’noda turg‘unlashib qolgan qadriyatlar ham o‘z o‘rnidan qo‘zg‘olib, tuslanishga yuz tutadi. Jamiyatdagi qadriyatlarning o‘zgarishi esa inson botinini harakatga keltiradi va qaysidir ma’noda dunyoni qayta baholash jarayoni kechadi. Natijada ilgari bizni quvontirgan, ko‘ngil va ongimizga zavqu shavq olib kirgan narsa va hodisalar endi judayam g‘arib ko‘rina boshlaydi. Ko‘ngil, Cho‘lpon aytganidek, yangilik qidirishga tushadi. Chunki zamon bilan hamnafaslikka ehtiyoj sezadi-da. Ha, inson o‘zi mansub bo‘lgan davr bilan yonma-yon yurmas, zamon nafasini o‘z hayotida his qilib yashamas ekan, u o‘zini baxtsiz sezaveradi. O‘tmishda yaratilgan har qanday buyuk asar o‘zining har qancha ulug‘ligi va fazilatiga qaramay, baribir, bugungi kunni to‘la ma’noda aks ettirolmaydi. U ma’naviy, lekin tarixiy qadriyat sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra ham zamonning qaynoq nafasi ufurib turgan asarlarga, shu kunning asarlariga har doim ham alohida talab bo‘ladi. Cho‘lpon Navoiydek dahoni o‘qib ham ko‘ngil taskin topmaydi, deb yozganini “Navoiydan qoniqmaslik”, deb tushunmaslik kerak. Cho‘lpon dunyoga va odamzodga tegishli bo‘lgan asosiy qirralar Navoiyda go‘zal tarzda aytilganini judayam yaxshi biladi. Biroq qidirgani – shu “qirralar”ni o‘zi yashab turgan zamon nuqtai nazaridan turib yoritilgan asarlar edi. Ha, u zamon nafasiga ehtiyoj tuygan edi… Va bu ehtiyoj yangilangan badiiy tafakkurdan tug‘ilayotgandi. Ehtiyoj mavjud ekan, san’at, adabiyotda ham yangilanish bo‘laveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |