Umarali NORMATOV: — An’anaviy aruz, barmoqdagi she’riyatdan farqli o‘laroq, modern she’rda uch unsur – original poetik fikr, tuyg‘u, manzara ohangi, ya’ni o‘sha uch unsurdan tug‘ilgan ohang hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aruz va barmoqdagi she’riy ritmika – ohangni belgilaydigan hijo, turoq, bahr, qofiya kabi qat’iy talablar bu yerda o‘z ahamiyatini deyarli yo‘qotadi. Biroq haqiqiy modern she’r ohangdorlik bobida an’anaviy aruz yoki barmoqdan aslo qolishmaydi. Qaltis va qiyin joyi shundaki, bu yerda aruz yoki barmoqdagi kabi ohangni vujudga keltiradigan tayyor andoza – me’yorlar yo‘q hisob yoki bor bo‘lsa ham ilmiy kashf etilmagan. Bu ohangni faqat qalb ko‘zi orqali tuyish, his etish, undan zavqlanish mumkin, xolos. Modern she’r hatto an’anaviy shaklda yozilganda ham hijo, turoq, qofiyadan hosil bo‘ladigan ohang emas, ayni o‘sha original poetik fikr, tuyg‘u, manzara, ular harakatidan vujudga keladigan ohang o‘quvchi qalbida aks-sado beradi.
Faxriyorning «Kuz yomg‘iri» turkumidagi mana bu manzara ohangiga e’tibor bering:
Xazonlar ergashdi armon xayliga,
Kuz vido istadi ko‘ngil mayliga,
Yomg‘irlar yog‘adi hijron saylida,
Kuz yomg‘iri,
Hijron yomg‘iri.
Kuz, hazon fasli bilan bog‘li mungli — hazin kayfiyat, betinim yog‘ayotgan hijron yomg‘iri, uning dardli sadosi bilan qo‘shilgan g‘aroyib, o‘ta ma’yus, munis bir musiqiy ohangni vujudga keltiradi; kuzning ko‘ngil mayliga vido istashi, buning ustiga «hijron saylida» yomg‘irning savalashi she’rdagi ma’yus tuyg‘u musiqasini avj pardalarga ko‘taradi. She’rning keyingi bandidagi bir qarashda xalqona sho‘x, quvnoq tuyulgan misralar hissiy ohangi jihatidan butunlay o‘zgacha –yangicha:
Na ko‘z — tikarga, na umid — bog‘larga,
Na so‘z — aytarga, na dimog‘ — chog‘larga,
Na gul — sevarga, na ko‘ngil — dog‘larga,
Kuz yomg‘iri,
Hijron yomg‘iri.
Quvnoq satrlar bag‘ridan sizib chiqayotgan mungni sezib-tuyib turgan bo‘lishingiz kerak…
Shoirning qator she’rlarida keraksiz, ortiqcha, o‘rinsiz tuyulgan tinish belgilari – ayniqsa, tire, vergul bu yerda fikr, tuyg‘u izhori-ifodasi uchun zaruriy element, poetik vositaga aylanadi. Ehtimol, misralardagi gap tuzilishi qoidaga unchalik mos emasdir, biroq «qoidaga uncha mos bo‘lmagan» ana shu misralar lirik qahramon ko‘nglidagi asov tuyg‘ular, kechinmalar ifodasiga nihoyatda mos. Shu kabi eng yaxshi asarlar bugungi modern she’riyatida poetik ohang masalasini tadqiq etish uchun yetarli asos bo‘la oladi, deb o‘ylayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |