Imperiyaning iqtisodiy ahvoli. Usmoniylar imperiyasidagi aholining ko‘pchiligi qishloqlarda yashar, qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lib, dehqonlarning ko‘pchiligi davlatga yoki katta yer egalariga qaram edi. Dastlab aholining tarkibi har xil bo‘lib, XVI asr davomida ular bir xil, huquqsiz, shafqatsiz ekspluatatsiya qilinadigan olomonga aylandi.
XVI asrga tegishli soliq ro‘yxatlari va qonunchilik dalolatnomalari aholining asosiy qismi band bo‘lgan qishloq xo‘jaligi qanday ahvolda bo‘lganligini tasavvur qilishga yordam beradi. Dehqon xo‘jaliklari, asosan, don ekinlari – bug‘doy, arpa, tariq yetishtirishardi, ko‘pchiligi esa sabzavotchilik bilan band edi. Kamroq miqdorda paxta yetishtirilardi. Juda ko‘plab tumanlarda uzumchilik, bog‘dorchilik va asalarichilik yaxshi rivojlangan bo‘lsa-da, biroq umumiy olganda, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi juda qoloq edi.
Xo‘jalik taraqqiyotidagi jonlanish asosan shaharlarda sezilarli edi. Masalan, shu davrda Usmoniylar imperiyasidagi 14 ta yirik shaharning aholisi (Istambuldan tashqari) o‘rtacha 41% ga o‘sdi. Shaharlar aholisi tez ko‘payib borishining asosiy sabablaridan biri, hunarmandchilik mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshib borishi edi. Yirik yer-mulk va boyliklarni qo‘llarida to‘plab olgan turk feodallari keng qurilishlar olib borishi, qimmatbaho buyumlar sotib olish, ko‘plab hunarmandlar va rassomlar mehnatiga haq to‘lay olish kabi katta imkoniyatlarga ega edi. Shuning uchun ham shaharlarda zodagonlar va yirik feodallarning ehtiyojlari uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hunarmandlarning soni tez o‘sib bordi.
Ishlab chiqarishda, asosan to‘qimachilik – jun va ipak matolar to‘qish, teriga, metallga ishlov berish, har xil turdagi qurol-yarog‘lar ishlab chiqarish ayniqsa o‘sdi.
Bu paytda hunarmandchilikda mayda ishlab chiqarish hukmron bo‘lib, yollanma ishchi kuchidan foydalanilmas edi. Hunarmandchilik butunlay qo‘l mehnatiga asoslangan edi. Tor doirada ishlab chiqarish hunarmandlarni o‘z ishining usta mutaxassisi bo‘lib yetishuviga imkon yaratdi. Imperiyaning o‘zida va Yevropada Bursada ishlab chiqarilgan barqut, Ushak va Koneda to‘qilgan gilamlar, Anqaradan keltiriladigan, echki junidan to‘qilgan matolar, ayniqsa mashhur edi. Bolgariyaning Somonovo shahrida ko‘plab temir buyumlar,
Diyorbakir, Erzurum, Kastomon shaharlarida misdan buyumlar yasash, Iznik shahrida esa ko‘proq kulolchilik yaxshi rivojlangan edi.
Shaharlarning o‘sib borishi va hunarmandchilikning kengayishi bilan savdo-sotiq ham rivojlanib bordi. Dehqonlarning xarid quvvati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, ular shahardan ayrim hunarmandchilik mahsulotlarini, jumladan, tuz, matolar, ayrim mehnat qurollari va kundalik xo‘jalik mollarini sotib olishga majbur edilar. Albatta qishloqdan shaharga dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari ham keltirilar edi. Savdo operatsiyalarining asosiy qismi bozorlarda ma’lum belgilangan kunlarda, ko‘proq juma kunlari bo‘lib o‘tar edi. Usmoniylar imperiyasining ayrim hududlarida, xususan, Bolqonda yarmarka savdosi ham kengayib bordi. Biroq yarmarkalardagi savdoning umumiy hajmi unchalik katta emasdi. Ko‘plab savdogarlar tashqi savdo bilan ham shug‘ullanishar edi. Yevropa mamlakatlaridan, Eron va Hindistondan matolar, metall, bezak buyumlari va turli taqinchoqlar keltirilardi.
Hukumat esa xazinaga yaxshigina daromad keltiradigan ichki rivojlanishdan ko‘proq manfaatdor edi. Sulton hukumati yo‘llar va ko‘priklarni tiklash va qo‘riqlash bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar ko‘rdi. Asosiy karvon yo‘llarida ko‘plab karvonsaroylar qurildi. Biroq og‘ir feodal munosabatlar sharoitida savdo-sotiq erkin rivojlana olmasdi. Ko‘p sonli ichki bojlar, transport vositalarining rivojlanmaganligi, dengiz aloqalarining og‘irligi – bularning hammasi savdoning rivojlanishiga to‘sqinlik qilar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |