XVII asr birinchi yarmida Usmoniylar davlatining ichki va tashqi ahvoli. Bu davrga kelib imperiyaning ichki ahvoli ancha yomonlashdi. Hatto XVII asr 40-yillarida ham xazinaga kelib tushayotgan soliq yig‘imlarining miqdori XVI asr 90-yillaridagi miqdorni, ya’ni 360 mln aqchani tashkil etardi.
Shaharlar va shahar hunarmandchiligi taraqqiyoti ham sekinlashdi. Harbiy mulk tizimining buzilishi va yerga xususiy mulkchilikning shakllanishi ma’lum darajada qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishning ko‘payishiga olib kelgan, biroq bu jarayon boshqa oqibatlarga – dehqonlarning xonavayron bo‘lishi va ular xarid quvvatining pasayishiga ham olib keldi.
Usmoniylar imperiyasi iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar uning butun ijtimoiy-siyosiy hayotida siljishlarni keltirib chiqardi. Uning ta’siri asosan armiyada kuchli bo‘ldi. Muntazam qo‘shinlar sonining oshishi davlat byudjetiga og‘ir ta’sir qildi. Armiya xarajatlarining oshib ketishi byudjet tanqisligiga va xazinaning bo‘shab qolishiga olib keldi. Natijada, juda ko‘p marotaba yanicharlarning qurolli qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tdi. Bu holatdan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan feodal guruhlar ustalik bilan foydalandi. Faqat 1617–1623 yillarning o‘zida yanicharlarning isyonlari natijasida to‘rt marotaba sultonlar almashdi.
XVI asr oxirlarida imperiyaning turli viloyatlarida ayirmachilarning chiqishlari kuchaydi. Markaziy hokimiyatning zaiflashuvidan foydalanib yirik feodallar mustaqil hukmdorlarga aylanib ola boshladilar. Odatda, sulton hokimiyati faqat viloyatlardan keladigan soliq tushumlaridangina manfaatdor bo‘lganligi uchun, ularning ichki boshqaruviga aralashmas edi.
XVII asr birinchi yarmida Usmoniylar olib borgan urushlar natijasi uning harbiy quvvati zaiflashganligini ko‘rsatdi. Armiyaga yirik mablag‘lar ajratilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, u iqtisodiy jihatdan Usmoniylardan ko‘ra tezroq rivojlanayotgan davlatlardan harbiy-texnik jihatdan tobora ortda qolmoqda edi.
1606 yili Sitvatorokeda uzoq davom etgan avstro-turkiya urushiga yakun yasagan tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu shartnomaga ko‘ra, Turkiya Avstriyani nafaqat 1547 yildan beri davom etib kelayotgan 30 ming dukatlik yillik xirojdan ozod qildi, balki birinchi marotaba uni teng huquqli xristian davlati sifatida tan oldi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Avstriya jahon savdosida ham bir qancha yengilliklarga ega bo‘ldi.
Turk feodallari Eron bilan uzoq urush olib borishdi. XVII
asr boshlarida Eron shohi Abbos turklardan Kavkaz ortidagi ko‘pgina hududlarni va Iroqni tortib oldi. Lekin tez orada turk sultoni Murod IV harbiy harakatlarni boshlab yubordi. To‘rt yil davom etgan urushdan so‘ng 1639 yili Qasri Shirinda ular o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, Iroq, Bag‘dod bilan birga, yana Turkiyaga o‘tdi, bundan tashqari, G‘arbiy Gruziya, G‘arbiy Armaniston va Kurdistonning bir qismi ham Turkiyada qoldi.
Turkiya bir vaqtning o‘zida Polshaga qarshi ham harbiy harakatlar olib bordi. Ular o‘rtasidagi mojaroning asosiy sababi, ukrain yerlari masalasi edi. 1620 yili turklar polyak qo‘shinlarini yengib, Ukrainaga kirishdi. 1621 yili Xatin yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda Zaporoje kazaklari ko‘rsatgan qahramonliklar tufayli turklar mag‘lubiyatga uchradi. Biroq turklar Polshaga bosimni susaytirmadilar, Ukrainaga qarshi agressiyani ham kengaytirdilar.
XVII asr birinchi yarmida rus hukumati Turkiya bilan tinch munosabatlarni qo‘lladi, chunki ularning umumiy dushmani bo‘lgan Polshaga qarshi birlashish zarurati mavjud edi. Turklar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish uchun harakat, ayniqsa, Azov uchun olib borilgan kurashlarda yaqqol ko‘rindi. 1637 yili Don kazaklari Turkiyaning Eron bilan urushda band ekanligidan foydalanib Azovni qurshab oldilar va ikki oylik qamaldan so‘ng qal’ani egalladilar. 1641 yil yozida turklar Eron bilan urushni tugatib, Azovga harakat qilishdi. Qamal 4 oy davom etdi, lekin 6 mingga yaqin kazak qal’ani qattiq turib himoya qildilar. Anchagina zarar ko‘rgan va hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmagan turklar qamalni to‘xtatib, qaytib ketishga majbur bo‘ldilar, lekin Turkiya bilan munosabatlarning keskinlashuvini istamagan rus hukumati Azovni tozalash va uni turklarga qaytarib berish to‘g‘risida kazaklarga buyruq berdi.
XVII asr 50-yillari boshida rus-turk munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu davrda 1654 yili Rossiyaga Ukrainaning qo‘shilishi bilan yakun topgan ukrain xalqining Bogdan Xmelniskiy boshchiligidagi ozodlik harakatlari boshlanib ketdi. Ularga qarshi kurashish maqsadida polyak panlari Turkiya va Qrim xoni bilan til biriktirdilar. Ukrainani o‘zining bosqinchilik ob’ekti hisoblagan Turkiya ukrain xalqining hayotiga ochiq qurolli aralasha boshladi. Hatto ayirmachi o‘ng qirg‘oq ukrain getmanlarini qurollantirdi. Mana shu aralashuv Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi urushni keltirib chiqardi. Harbiy jihatdan susaygan Usmoniylar imperiyasining xalqaro mavqei ham zaiflasha boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |