XVI–XVII asrlarda Usmoniylar imperiyasi
Imperiyaning bosqinchilik siyosati. XVI asr birinchi yarmida usmoniy hukmdorlar Yevropa, Osiyo va Afrikada yangi hududlarni bosib olib, o‘z yerlarini ancha kengaytirdilar.
XVI asr boshida Turkiyaning227 Sharqiy chegarasida Safaviylar hokimiyati (1502 –1736 yillarda Eronda turkiy qavmdan bo‘lgan Safaviylar sulolasi boshqargan davlat. Ular shialarning 12 o‘ram sallasini o‘rab yurganligi uchun qizilboshlar deb ham atashgan) kuchaydi. 1510 yilga kelib Ismoilshoh I (1502 –1524) ilgari Oqquyunli davlati tarkibiga kirgan deyarli barcha yerlarni qo‘lga kiritdi. Islom dinining shialik oqimini davlat diniga aylantirgan Safaviylar davlatining kuchayishi, nafaqat Usmoniylarning Sharqdagi ekspansiyasini cheklab qo‘ydi, balki uning ichki xotirjamligiga ham putur yetkazdi.
1514 yili Manu shahri yaqinidagi Chaldiron tekisligida bo‘lib o‘tgan jangda Usmoniylar qo‘shini qizilboshlilarga qattiq zarba berdi. Usmoniylar Safaviylarning poytaxti Tabrizni egalladi, lekin Eronda mustahkamlanib ololmasdan Onado‘liga chekinishdi. Tabrizni tashlab chiqayotib usmoniylar 700 dan ziyod hunarmandlar oilasini o‘zlari bilan olib ketishdi va Istambulga joylashtirishdi. 1515 yili imzolangan sulhga ko‘ra Armanistonning bir qancha tumanlari Erzurum shahri va Iroqning shimoliy qismi Mosul shahri bilan birga Turkiya tasarrufiga o‘tdi.
Eron urushi tugagandan so‘ng usmoniylar arab yerlariga yurish boshladi. Bu paytda Suriya va Misr mamluklar qo‘l ostida birlashtirilgan bo‘lib, bu davlatga Ismoilshohning ittifoqchisi Sulton Kansux al-Guri boshchilik qilardi. 1516 yil yozida Usmoniylar armiyasi Sulton Salim I (1512 –1520) qo‘mondonligida Shimoliy Suriyaga bostirib kirdi. Xalab yaqinidagi birinchi jangdayoq (1516 yil 24 avgust) turklar to‘liq g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Jangda turk artilleriyasi qo‘shinning ustunligini ta’minladi. Mamluklar sultoni Kansux al-Guri halok bo‘ldi.
Misrda esa mamluklar ancha qattiq, ammo muvaffaqiyatsiz qarshilik ko‘rsatdilar. 1517 yil boshlarida Salim I armiyasi Qohiraga kirdi. Mamluklar qo‘shinlari Yuqori Misrga chekinishdi. Lekin tez orada ular ham tor-mor qilindi. Ularning yo‘lboshchisi Tumanbey Qohirada osib o‘ldirildi. Shundan so‘ng musulmonlarning muqaddas yurti hisoblangan Xijoz (G‘arbiy Arabiston) bosib olindi. Tez orada Salim I Ka’baning kalitini ham qo‘lga kiritdi.
Suriya va Misr ustidan Turkiya hukmronligi o‘rnatilganidan keyin ham bu mamlakatlardagi feodal tartib va feodal munosabatlarda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmadi. Urush paytida mamluklarni quvvatlagan Suriya va Livan feodallari yer-mulklarining bir qismidan ajraldilar, ammo Salim I tomoniga o‘tgan feodallar esa aksincha, mamluklardan tortib olingan yerlar hisobiga yer-mulklarini kengaytirib oldilar. Faqat Xalab okrugidagina turklar harbiy tizim joriy qilib, yerlarni turk sipohlariga taqsimlab berdilar. Xalab viloyati Suriya xalqining qo‘zg‘olonlarini bostirish uchun harbiy istehkomga aylantirildi.
Sulaymon I (1520 –1566) davrida Usmoniylar imperiyasi o‘z harbiy yutuqlarining eng cho‘qqisiga ko‘tarildi. Misr egallab olinganidan so‘ng Usmoniy sultonlarning hokimiyati butun Shimoliy Afrika qirg‘oqlaridan to Marokkogacha bo‘lgan hududlarda o‘rnatildi.
1522 yili turk floti Rodosni egalladi, bu esa usmoniylarga Sharqiy O‘rta Yer dengizida ustunlikka erishish imkonini berdi. Oradan 30 yil o‘tgach turklar, hatto, Maltani egallashga harakat qilib ko‘rishdi, biroq bu ekspedisiya muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Yevropada esa Sulaymon I Gabsburglar imperiyasi bilan qattiq kurash olib bordi. Belgradning bosib olinishi va Moxach yaqinida venger-chex qo‘shinining tor-mor keltirilishi (1526) turklarga Venesiyani bosib olish uchun yo‘l ochib berdi. 1520 yili usmoniylar Venani egallashga harakat qilib ko‘rdi. Biroq harakat muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 1547 yilgi shartnomaga ko‘ra, Vengriya hududlari Turkiya va Avstriya o‘rtasida bo‘lib olindi. Transilvaniya Turkiyaning vassaliga aylandi, oldinroq bosib olingan Moldaviya va Valaxiyaning ichki avtonomiyasi sezilarli darajada qisqartirildi.
Janubda esa usmoniylarning qo‘shinlari Qizil dengizning
butun qirg‘oqbo‘yi yerlarini va Janubiy Arabistonni bosib oldi. 1537 yil turklar yirik flot tuzib, Qizil dengiz orqali savdoga katta ziyon yetkazayotgan portugallarni Hind okeanidan quvishga harakat qilishdi, biroq bu ekspedisiya muvaffaqiyat keltirmadi.
Sharqda esa, turklar qator janglardan so‘ng, 1555 yili Eron shohi Tahmaspni tinchlik shartnomasini imzolashga majbur qildi. Unga ko‘ra, butun G‘arbiy Armaniston (Van ko‘li havzasi), G‘arbiy Gruziya va Iroq (Bag‘dod bilan birga) Turkiyaga o‘tdi.
Sulaymon Qonuniy (yevropaliklar uni Sulaymon Ajoyib deb atashadi) o‘zining 46 yillik hukmronligi davrida 13 marotaba harbiy yurishlarda ishtirok etdi, shulardan 10 tasi Yevropada olib borildi. Venaning qamal qilinishi, Hindiston qirg‘oqlariga ekspedisiya, Maltani bosib olishga urinish – bular hammasi usmoniylarning bosqinchilik rejalari katta bo‘lganligidan dalolat beradi. XVI asr birinchi yarmida turk armiyasi uyushtirgan yirik bosqinchilik yurishlari, uning katta harbiy kuchga ega bo‘lganligini tasdiqlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Usmoniylar imperiyasining aholisi 25 –30 mln kishini tashkil etgan. Bu paytga kelib turk sultonlari sharqdan g‘arbgacha 7 ming km, shimoldan janubgacha 5 ming km va hammasi bo‘lib, taxminan 8 mln km2 yerni egallab turishar edi (Turk manbalarida Qonunchi Sulton Sulaymon I vafot etgan 1566 yili Usmoniylar imperiyasining hududi 14 mln 893 ming km2 ni tashkil etardi. Shundan 2 mln km2 ga yaqini Yevropada, 4,5 mln km2 ga yaqini Osiyoda va qolgan qismi Afrikada joylashgan).
Do'stlaringiz bilan baham: |