Totemizm-hindlar tilidagi «O totem» (uning urug’i) degan so’zdan kelib chiqqan. Totemizm ibtidoiy g’oyat sodda diniy e’tiqodning bir turi bo’lib, qadimgi zamondagi urug’-qabila a’zolarining muayyan bir hayvon, o’simlik bilan g’ayritabiiy aloqasi, yaqinligi, qon-qarindoshligi bo’lgan deb, bu hayvon va o’simliklarni muqaddaslashtirishdan iboratdir. Totemizmning muayyan kishilar guruhining tabiat, binobarin, tashqi muhit bilan bog’liqligini ifodalovchi dastlabki shakllaridan edi. Har bir qabila yoki urug’ o’z sharoitini hamda imkoniyatlarini ko’zda tutib, ba’zi hayvonlarni ovlar va ular haqida yetarli ma’lumotlarga ega edi. Bunday hayvonlarni yaqindan bilish ularning urug’ bilan yaqinligi yoki qon-qarindoshligi bo’lsa kerak, degan tasavvurni keltirib chiqargan. Natijada ba’zi hayvonlar, keyinchalik esa o’simlikning ba’zi navlari ham muayyan urug’ a’zolarining ajdodi-totemidir, degan tasavvur shakllanishiga olib kelgan. SHu boisdan keyinchalik urug’ a’zolari totemning «yordamiga» ko’z tikkanlar, uni muqaddaslashtirib, o’z homiylari deb hisoblanganlar, sehr yo’li bilan unga ta’sir qilishga uringanlar. Totemga sajda qilingan, u himoya qilingan, e’zozlangan, uni otib o’ldirish, iste’mol qilish man etilgan. Faqat ayrim hollarda, ya’ni tantanali kunlarda totem hisoblangan hayvon yoki o’simlikni maxsus rasm-rusmga rioya qilingan holda iste’mol qilish mumkin bo’lgan. Urug’ a’zolarida shundagina totemning kuch-quvvati kishilarga o’tadi va u kelgusida ham urug’ning homiysi bo’lib qoladi degan tasavvur bo’lgan.
Arab qabilalarida totemga e’tiqod qilishni hayvonlar nomi bilan ataladigan asad (arslon), baxr (bo’taloq), sa’lab (tulki) qabilalaridan bilsa bo’ladi.
Totemlarga e’tiqod qilish qadimiy barcha xalqlar uchun xos xususiyatlardan biri bo’lgan. Masalan, totemizm e’tiqodlari tub avstriyaliklarda keng saqlanganligini ularning urug’lari nomlaridan payqash mumkin. Ular urug’larni konkret hayvonlar (kenguru, oq ho’kiz, qora ho’kiz kabi yoki ayrim o’simliklar) nomi bilan ataganlar.
Totemizmning elementlarini hozirgi dinlarda ham ko’rish mumkin. Masalan, hinduizm dinida fil, sigir, maymun, ilon kabilar muqaddas hayvonlar hisoblangan. O’zbeklarda qaldirg’och, musicha, laylak, ko’k qarg’ani muqaddas qushlar deb e’zozlash ham totemizmning ko’rinishlaridan biridir. Markaziy Osiyo xalqlarida, shu jumladan o’zbeklarda muchalga qarab vaqt hisobini chiqarish totem e’tiqodi bilan bog’liqdir. Masalan, ota-bobolarimizda odamlarning yoshini ya’ni tug’ilgan kunidan boshlab qancha yashaganligini muchal orqali, muayyan hayvon nomlari bilan atalgan yil hisobidan keltirib chiqarish odati bo’lgan.
Muchal mo’g’ul, xitoy va butun turkiy xalqlarda keng tarqalgan yil hisobi bo’lib, unda yil oylari 12 hayvon nomi bilan ataladi: sichqon (mush), mol (gav), yo’lbars (palang), quyon (xargo’sht), baliq (nahang), ilon (mor), ot (asp), qo’y (go’sfand), maymun (hamduna), tovuq (murg’), it (sak), to’ng’iz (xo’k) shular jumlasiga kiritilgan.
Xalqimizda, ayniqsa musulmonlarda totemning elementlaridan bo’lgan muchalga e’tiqod qilish hali ham qisman davom etmoqda.
Animizm-(lotincha-animus-jon, ruh demakdir) qadimgi zamon dinlaridan biri, kishi ruhining mavjudligiga ishonishdan iborat. Animizm tabiatdagi buyumlarni ilohiylashtirish, har bir jismda ruh bor, tanadan tashqari ham jon bor, deb hisoblanadi.
Animistik tasavvurlar barcha xalqlar tarixidagi dinlarda jon va ruh haqidagi tushunchalarning shakllanishida ma’lum rol o’ynab kelgan. Animizm har bir kishida uning hayoti va ongining manbai bo’lgan jon bor, deb talqin qilgan. Dastlabki animistik tasavvur jonni soya yoki nafas bilan aynan, deb bilar edi. Masalan, SHimoliy Amerika xalqlarida soya bilan jon, qadimgi arablarda jon bilan qon, Grenlandiyada esa nafas olish bilan jon bitta nom bilan ataladi. Animizm odamda olam haqidagi tasavvurlarni shakllantirish, predmet va hodisalar xususiyatlarini chuqur o’rganish, jon va ruhlarning tirik deb topgan. SHu davrda jonning o’lmasligi haqidagi tasavvur paydo bo’lgan. CHunki qadimgi odamlar o’z tanalarining tuzilishi to’g’risida to’liq bir tushunchaga ega bo’lmay, hattoki uyqu va tush ko’rishning sabablarini ham izohlay olmaganlar. SHundan so’ng ibtidoiy odamlar inson tanasini boshqaradigan qandaydir alohida bir kuch bo’lib, odam o’lgandan so’ng u kuch, ya’ni jon tanadan chiqib ketadi degan tasavvur hosil bo’lgan. Natijada jonning tanani tark etgandan keyingi faoliyat qanday kechishi haqida o’ylay boshlaganlar. Ibtidoiy odamlar o’zlarini tabiatdan ajratib qo’ymaganlar. SHuning uchun ular o’zlari bilan bir qatorda hayvon, o’simlik, hatto mehnat qurollari, keyinchalik, suv, o’rmon, momaqaldiroq va boshqalarda ham jon bor, degen tasavvurlarni keltirib chiqarganlar. Professor A.Xasanov arablardagi johiliya davrini izohlab shunday deydi: «Ba’zi budaviy qabilalar qadimgi misrliklar singari inson vafotidan so’ng uning «Joni» yashashda davom etishiga ishonganlar. Marhumning go’riga tuyani so’yib ko’mish hollari bunga misol bo’la oladi. Animizmning bir turi sifatida «jin», «ajina» tushunchasi ham qadimgi arablarda keng tarqalgan».21 Buni fanda gilozoizm deb ataydilar.
Jon va ruhlarga ishonish barcha dinlarga xosdir. Dindorlarning fikricha, jon barcha kishilarda bo’lib, xudo eng oliy ruh hisoblanadi. Farishta, shayton kabilar haqidagi tasavvurlar o’z mohiyatiga ko’ra murakkablashtirilgan animizmdir. Odam o’lganidan so’ng tanadan chiqib ketadigan jon bor, degan tasavvur chuqurlasha borgan. Demak, odam o’lganda jon chiqib ketib, yashay berar ekan, uning o’zi abadiy yashaydi degan tushuncha paydo bo’lgan. Abadiy ruh to’g’risidagi tasavvur ana shu yo’sinda shakllangan. Ruhlarga ishonish arvohlarga ishonishni keltirib chiqargan. Arablarda ham o’tmish ajdodlari ruhiga sig’inish, ularni diniy e’tiqodida keng o’rin olgan.
Jon va ruhlarni o’lmasligi haqidagi qadimiy animistik tasavvurlarning elementlari hozirgi barcha dinlarda saqlanib qolmoqda. Masalan, dindorlar tasavvurlarida o’lgan kishilarning arvohini yo’qlash, ularni tirik odamlar singari hamma narsadan xabardor, deb tushunish mavjud. SHu tufayli jon va ruhlarga atab qurbonlik, xayr-xudoyi qilish, sadaqa berish odatlari hamon uchrab turadi. Ba’zan murdani kiyimlari bilan dafn etish, yoniga suv, ovqatlar qo’yish odatlari ham animizmning ko’rinishidir. O’zbeklarda arvohlar haqidagi tasavvurlar, ularni eslab payshanba oqshomi arafasida chiroq yoqish, qabristonlarga borib Qur’on suralaridan o’qish animizmga bo’lgan e’tiqodining shakllaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |