Buddaviylikda bodhisatva yuksak hamdardlik hissi va ma'rifatsiz kishilar xizmatida bo`lish uchun nirvanaga erishganidan so`ng ham orqaga qaytgan, deb uqtiriladi. “XXI asrda islom. Postmodern dunyoda qiblani topish” asarida Timoti Uinter, “Bodhisatva – Mahayana Buddaviylikida nirvana – oliy lazzatga erishgan, biroq iztirob chekayotgan kishilarga hamdardligi tufayli undan qaytgan kishi”1 deb ta'rif beradi. Bodhisatvaning shunday haykallaridan biri Dalvarzintepadan topilgan bo`lib, II asr – III asr boshiga to`g‘ri keladi. “Dalvarzintepadan topilgan budda va bodhisatva haykallari o`zininig hajmi bilan kishini hayratga soladi, ularning ba'zilari uch metr yoki undan ham ortiq. Bodhisatva tanasi tarki dunyo qilgan Budda timsolidan farqli o`laroq, qimmatbaho taqinchoqlar – qo`llarida bilakuzuk, quloqlarida sirg‘a bilan bezatilgan. Bunday tafovut ramziylik va mazmun kasb etadi: bu Buddaning davomchilari hali ham hayot lazzatlaridan butkul voz kechmaganlaridan dalolat beradi.”2 Dalvarzintepadan topilgan haykallar, sopol chiroqchalar bu erda buddaviylar yashaganligini tasdiqlaydi. Bu erda 3 xona haykal bo`laklari bilan to`la. Ular tuproqqa qorilib yotibdi. Bu vayrongarchilik VIII asr boshlarida yuz bergan. Bu erda loydan ishlangan haykallar – Buddaning uch holati tasvirlangan: tik turgan holatda – voiz; chordona turib o`tirgan holatda – fikr-xayolga cho`mgan mutafakkir; yotgan holatda – vafot etgan Budda aks ettirilgan. Bu haykallar ham sindirilgan, ularning qo`llari va elkalari kesib tashlangan, so`ng qulatilgan. Katta xonada Buddaning yana 3ta haykali bo`lib, ulardan ikkitasi maxsus supada chordona qurib o`tirgan holatda tasvirlangan. Dalvarzintepadagi uchta xonadan yirik o`lchamlarda ishlangan oltita haykal topilgan; bular Buddaviylikda muqaddaslashtirilgan beshta oliy bodhisatva sharafiga ishlangan. Ikkita bodhisatva taglikka joylashtirilgan. Ularning yuz bichimlari ajoyib va yoqimli, jingalak soch, kiyimlari chiroyli, bo`ynida marjon, chap elkasi va qo`liga sharf tashlangan, hindcha libosi kamar bilan bog‘langan. Yuz qiyofasi buddaniki singari keng va to`la, “qanshari tepasida “urna” bo`lib, unga oltin bezak o`rnatilgan va ustidan ganch bilan suvalgan.”3 Boshida tillaqosh, yonidan gulbezaklar bilan mahkamlangan. Bodhisatvaning elkalaridan ipdan to`qilgan og‘ir marjon tushib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |