Moniy dini bilan bog‘liq tasviriy san'at islom kirib kelgach johil mullalar ta'qibiga uchraydi. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida erli xalqlarning boy madaniyati va san'ati bo`lganligi haqidagi ma'lumotlarda arablar tomonidan fath etilgan Samarqanddagi oltin butlar haqida ma'lumotlar uchraydi. “Arablar kirib kelganda bir butxonada 40 ming dirham og‘irlikdagi sof oltindan ishlangan sanamlar bo`lib, bittasining ko`zlari o`rnida kaptar tuxumidek ikkita inju bor edi. Qutayba bularni o`ljaning bir qismi bilan birga Hajjojga yubordi” 1, degan ma'lumot Herman Vamberi asarida ham keladi. Xulosa qiladigan bo`lsak, Buddaviylik Markaziy Osiyo xalqlari hayotida islomgacha bo`lgan davrdagi inson va jamiyat ma'naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan. Surhondaryo, Quva, Termez, Xorazm, Fayoztepadan topilgan ibodatxonalar va ko`plab haykallar shundan dalolat beradi. O`z davrida Buddaviylik o`zining siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik g‘oyalarini haykaltaroshlik san'ati orqali keng targ‘ib qilgan. Ayniqsa, inson kamolotida karma qonuni deb atalmish axloqiy qonun, insonning qayta tug‘ilishi kabi falsafiy g‘oya san'atda ham aks etgan. Masalan, turli hayvonlar tasviri, mifologik qiyofalar, satirlar va shu kabi badiiy qiyofalarda tasvirlangan. Tarkidunyochilik Budda falsafasining asosini tashkil qilib, inson jannatga kirishi, uning joni qayta tug‘ilmasligi uchun, hayotida ko`p marta qayta tug‘ilib kamolot bosqichlarini bosib o`tishi zarur. Keyinchalik Buddaviylik falsafasidagi hurfikrlilik g‘oyalari haykaltaroshlik san'atini boyitdi. Haykallarda nafaqat diniy g‘oyalar, balki dunyoviy, falsafiy g‘oyalar ilgari surildi. Haykallarning estetik jihatidan go`zal ishlanishi tomoshabinni o`ziga jalb etadi, uning didi va idrokini yuksaltiradi. U davrda ishlangan haykallarning ishlanish texnikasi, g‘oyasi realistik san'atda inson go`zalligining badiiy ifoda etilish mahorati san'atshunoslarimizni o`ziga jalb etadi. Inson kamolotining bosqichlarida uning ichki ma'naviy dunyosi, his-tuyg‘ulari, uning orzu-intilish va kechinmalari ochib beriladi. Tarkidunyo qilgan taqvodor insonning ichki ruhiy xotirjamligi, go`zalligi yoki riyozat chekayotgan insonning hissiyotlarini ifodalashi haykaltaroshning vazifasi bo`lgan. Inson ichki dunyosining, ma'naviyatining poklanishi jarayoni real san'atda ko`rsatib berilishi esa shaxs ma'naviyatining shakllanishiga yuksak ta'sir etadi. Shaxsning ichki ma'naviy dunyosini boyitadi, uning hissiyotlarini, kechinmalarini boshqarishga, xotirjamlikka undaydi. Inson kamolotida nafaqat ichki ruhiylik, ayni paytda jismoniy go`zallikning ham ahamiyati, o`rni bu diniy san'atda yaqqol namoyon bo`lgan. Bu go`zal farishtalar timsolida berilgan. Ayniqsa, bu din donishmandlik qiyofasining asl badiiy xarakterini topib bera olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |