1-rasm.
Respublikamizda banklarning soni
Banklar kredit tizimining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib, ularning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- jamiyatdagi bo‘sh pul mablag‘larini yig‘ish va jamlash, ularni kredit va investisiyalar sifatida iqtisodiyotni rivojlantirish uchun sarflash, ya’ni harakatdagi kapitalga aylantirish;
- to‘lovlarda vositachilik qilish. Banklar o‘z mijozlarining topshiriqlariga asosan to‘lovlarni amalga oshiradilar, mablag‘larini hisob varaqlar(schyot)iga qabul qiladilar, pul tushumlarini hisobga oladilar, mijozlarga naqd pul mablag‘larini beradilar va boshqalar;
- muomalaga kredit vositalari, turli qiymatli qog‘ozlarni chiqarish, sotish va sotib olish hamda boshqalarni amalga oshirish;
- chet el valyutasi bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshirish va boshqalar.
§2. Markaziy banklarning tarixan paydo bo‘lishi, shakllanishi va rivojlanishi
Ma’lumki, iqtisodiyotni tartibga solishda davlat bosh islohotchi
vazifasini o‘taydi. Biroq, davlatning ushbu funksiyasini ma’muriy buyruqbozlik tizimidagi davlatning iqtisodiyotdagi gegemonligi
tushunchasi bilan adashtirmaslik kerak. Bozor iqtisodiyotining asosiy
qoidasi shuki, davlat iqtisodiyotning rivoji uchun turli xil siyosatlarni
amalga oshiradi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki,
davlat siyosatining asosiy ko‘rinishlari monetar va fiskal sohalarida
amalga oshiriladi. Qurolni ishlatish uchun qo‘l kerak bo‘lganidek, davlat o‘z
siyosatini ma’lum organlar orqali amalga oshiradi. Ushbu organning
siyosatni amalga oshirishdagi vakolatlari tegishli qonunlar orqali
belgilab beriladi. Mavzudan uzoqlashmagan holda monetar siyosatni amalga
oshiruvchi organ – Markaziy banklar haqida so‘z yuritsak.
Markaziy banklarning tarixan paydo bo‘lishi, shakllanishi va
rivojlanishiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, ularning tijorat banklaridan
ancha kech paydo bo‘lganligiga amin bo‘lamiz. Markaziy banklarning yuzaga kelishiga asosiy sabab bank tizimining butunlay ishdan chiqishi darajasiga etishi, ya’ni har bir bank o‘zicha va o‘zi belgilagan mikdorda muomalaga turli xildagi hamda turli nominaldagi pul belgilari chiqarishi bilan yuzaga kelgan. Bu o‘z navbatida bevosita muomalada tovar va moddiy qimmatliklarga nisbatan pulning bir necha barobar ko‘payishiga va oqibatda nafaqat bank tizimining, balki butun iqtisodiyotning izdan chiqishiga olib kelgan. Bu esa emission banklarning markazlashtirilishiga olib kelgan. Natijada, emissiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan bankning boshqa banklarga nisbatan barqaror vamustahkam bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Bu orqali bank tizimida mavjud bo‘lishi kerak bo‘lgan sof raqobat yo‘qotilib, ko‘zlangan natijaga erishilmadi.
SHundan so‘ng, iqtisodchi olimlar tijorat banklari faoliyatini
boshqaradigan va faoliyati jihatdan ulardan farq qiladigan bankni
vujudga keltirish zarurligini anglab etdilar. SHu tariqa markaziy
banklarning vujudga kelishiga va ularning faoliyatiga zaruriyat tug‘ildi.
SHunday qilib, birinchi Markaziy bank 1656 yilda SHvetsiyada, undan so‘ng
1694 yilda Angliyada vujudga keldi.
Bank kredit muassasasi bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning
vaqtinchalik bo‘sh turgan pul mablag‘larini jamg‘arish, yig‘ish, jamlangan
mablag‘larni foyda olish maqsadida ma’lum muddatga qarzga berish,
mijozlarning topshirig‘iga ko‘ra, turli to‘lovlarni amalga oshirish
vazifalarini bajaradi.
Bu vazifalar bank taraqqiyotining dastlabki pallasida paydo bo‘lib,
jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining yuksalib borishi bilan ular
doirasi ham kengayib bormoqda. Taraqqiyotining boshlang‘ich davrlarida
banklar ma’lum shartlar asosida cherkovlarning o‘zlariga topshirilgan pul
mablag‘larini saqlab berishni ta’minlaganlar. Nisbatan keyinroq ular
dastavval sudxo‘rlik, keyinchalik tijorat kreditlari berish, hisob-kitob va
valyuta bilan ta’minlash faoliyatlari bilan ham shug‘ullanganlar.
Hozirda banklar quyidagi turli xil operatsiyalarni bajaradi:
- pul mablag‘larini saqlash;
- pul muomalasi va kredit munosabatlarni tashkil qilish;
- xo‘jalik sektorlarining turli sub’ektlarini moliyalashtirish;
- sug‘urta operatsiyalarini, qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisini, vositachilik ishlarini, mol-mulkni boshqarishni amalga oshirish;
- kredit muassasalariga maslahatlar berish;
- xo‘jalik dasturlarining muhokamasida qatnashish;
- statistika hisobotini olib borishda ko‘maklashish;
- mijozlarga bank faoliyatining turli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish va h.k.
YUqorida ta’kidlanganidek, banklar kredit munosabatlari
rivojlanishining natijasi ekan, ularni pul mablag‘larini jamlash va
qaytarib berishlik, to‘lovlilik va muddatlilik asosida o‘z nomidan qarzga
berish uchun yaratilgan tashkilot sifatida ko‘rsatish mumkin.
Banklarning asosiy maqsadi pul mablag‘larini kreditorlardan qarz
oluvchilarga, sotuvchilardan xaridorlarga o‘tkazishda vositachilik
qilishdir.
Ta’kidlash joizki, pul mablag‘larni o‘tkazishni banklar bilan bir
qatorda boshqa moliya-kredit tashkilotlari, masalan, investitsiya fondlari,
sug‘urta kompaniyalari, brokerlik, dillerlik firmalari ham bajarishi
mumkin. Biroq banklar, moliyaviy bozor sub’ekti sifatida boshqa
sub’ektlardan quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:
1) banklar uchun qarz majburiyatlarining ikki tomonlama
almashtirilishi xosdir. YA’ni, ular o‘zlarining majburiyatlarini (depozit)
shakllantiradilar va jalb qilingan mablag‘larni qarz majburiyatlariga,
boshqa sub’ektlarning qimmatli qog‘ozlariga joylashtiradilar;
2) banklar o‘zlariga yuridik va jismoniy shaxslar oldidagi qat’iy
belgilangan summa bo‘yicha shartsiz majburiyatlarni oladilar.
Demak, yuqoridagilarga asosan aytish mumkinki, banklarning normal
faoliyat ko‘rsatishi uchun aniq belgilangan asosiy faoliyat turlari
mavjuddir. Bunday operatsiyalarga qo‘yidagilar kiradi:
- depozitlarni qabul qilish;
- pul to‘lovlari va hisob-kitoblarni amalga oshirish;
- kreditlarni berish. Bankning birlamchi va asosiy vazifasi bo‘lib, vaqtinchalik bo‘sh pul mablag‘larini jamlash vazifasi hisoblanadi. Banklar bo‘sh pul mablag‘larini yig‘ish va ularni kapitalga aylantirish vazifasi orqali bo‘sh pul mablag‘larini bir erda jamlaydi. Jamlangan pul mablag‘laridan banklarni o‘zlarining iste’moliga emas, balki boshqa sub’ektlarning is’temoli uchun foydalaniladi.
Bo‘sh pul mablag‘i egasi o‘z mablag‘idan ayni paytda foydalanishdan voz
kechganligi sababli bank unga ma’lum foizlar to‘laydi. Jamlanadigan va qayta taqsimlanadigan mablag‘larining mulk huquqi birlamchi kreditor (bank mijozi) da saqlanib qoladi. Bo‘sh pul mablag‘lari hisobidan ssuda kapitali fondi vujudga keladi. Mazkur fond mablag‘lari iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarini kreditlash maqsadida sarflanadi.
Banklarning ikkinchi vazifasi mamlakatdagi pul muomalasini tartibga
solish hisoblanib, ular turli xo‘jalik sub’ektlar orqali o‘tadigan to‘lov
muomalasining markazi sifatida chiqadilar. Hisob-kitoblar tizimi orqali
banklar o‘zlarining mijozlariga ayirboshlashni amalga oshirishni, pul
mablag‘lari va kapitalning aylanishi uchun sharoit yaratib beradilar. Ular
orqali alohida olingan sub’ektlar va bir butun mamlakat iqtisodiyotidagi pul aylanmasi amalga oshiriladi. Aynan muomalaga kredit pullarni chiqarish vazifasi tijorat banklarini boshqa moliyaviy muassasalaradan ajratib turadi.
Banklar kredit pullarning emitenti, ya’ni muomalaga chiqaruvchisi
hisoblanadi. Bank tomonidan mijozga berilgan kredit uning hisob raqamiga
o‘tkazilishi hamda muomaladagi pul massasi miqdorining oshishiga ta’sir
ko‘rsatishi sababli ular faoliyati ustidan Markaziy bank nazorat olib boradi.
Banklarning muhim vazifalaridan biri hisob-kitoblarni olib borish
bo‘lib, bunda bank mijozlar o‘rtasida vositachi bo‘lib xizmat qiladi.
Banklarning vositachilik vazifasi deganda asosan ularning to‘lovlaridagi
vositachilik faoliyati tushuniladi. Banklar orqali korxona, tashkilot va
aholining to‘lovlari o‘tkaziladi.
Banklar qimmatli qog‘ozlar chiqarish va joylashtirish, mijozlarga turli axborot va ma’lumotlar taqdim etish, maslahatlar berish bilan hamshug‘ullanishlari mumkin. Juda katta sarmoyaga ega bo‘lgan banklar yirik
investor sifatida chiqishlari, ya’ni umuman iqtisodiyot rivojiga bevosita
ta’sir ko‘rsatishlari ehtimol tutilgan tarkibiy qayta qurish ishlariga
aralashishlari mumkin.
SHu o‘rinda, bank tizimi tarkibiga kiruvchi alohida tuzilmalarning o‘z
faoliyati xususiyatidan kelib chiquvchi tor doiradagi vazifalari ham
mavjudligini ta’kidlash lozim. Jumladan, hozirgi zamon tijorat banklari ham yuqorida belgilab o‘tilgan umumiy vazifalarni bajaradi, ya’ni:
- vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘larini yig‘ish va ularni kapitalga
aylantirish;
- korxona, tashkilot va aholini kredit resurslari bilan ta’minlash;
- kredit pullarni muomalaga chiqarish;
- iqtisodiyotda hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish;
- moliya-valyuta bozorida faoliyat ko‘rsatish;
- iqtisodiy-moliyaviy axborotlar berish va maslahat xizmatlari ko‘rsatish va h.k. Bu vazifalarning asosiylarini 2-rasm orqali ifodalash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |