Koronatsiya – taxtga oʻtirayotgan monarxga tantanali sur’atda toj kiydirish marosimi.
Korrexidor – XIII-XIX asrlarda Ispaniya va uning koloniyalarida markaziy ma’muriyat va sud hokimiyati vakili.
Korsar – dengiz bosqinchisi, qaroqchisi. XIV asrlarda Shimoliy Afrikadagi dengiz bosqinchilari K.lar deb atalgan. Keyinroq keng ma’noda “qaroqchi” soʻzining ma’nodoshi sifatida qoʻllanila boshlandi. Urushlar vaqtida K.lar hukumatning ruxsati bilan dushman savdo kemalarini talash bilan shugʻullanishgan.
Kortes (isp. corte – qirollik saroyi) – oʻrta asrlarda Pireney yarim orolidagi xristain davlatlarining umumtoifaviy kengash(lar)i. Gʻarbiy Yevropaning boshqa davlatlaridan ertaroq vujudga keldi. Kastiliyada 1197-yilda ilk bora tilga olingan, 1280-yildan muntazam chaqirila boshlangan. Kataloniya, Aragon, Portugaliya va Navarrada XIII asrdan faoliyat yurita boshlagan. Dastlab ruhoniylar va dvoryanlar vakillaridan iborat kengash boʻlgan. Keyinroq shaharliklar oʻz vakillarini yuborish huquqini Leonda – 1188-yilda, Kataloniyada – 1218-yilda, Kastiliyada – 1250-yilda, Portugaliyada – 1254-yilda, Aragonda – 1274-yilda qoʻlga kiritdi. Kastiliya K.da Rekonkista davrida uchinchi toifaga shaharliklar bilan birga erkin dehqonlar jamoasi vakillari ham kirgan. K.lar boshqa Gʻarbiy Yevropa davlatlardagi shu kabi muassasalarga qaraganda kengroq vakolatlarga ega boʻlganligi bilan ajralib turgan. Chunki Pireney yarim orolida qirollik hokimiyati (1479-yilda yagona Ispan qirolligi vujudga kelgunga qadar) kuchsizroq boʻlgan, K.lar davlat hayotiga oid barcha muhim ishlarni oʻz qoʻliga olgan va hatto hukmdorlarni oʻz nazorati ostida ushlab turgan. Shaharlarning ta’siri kuchayishiga xizmat qilgan. Absolyutizm davrida oʻz ahamiyatini yoʻqota bordi.
Kotterlar, kottarlar (ingl. kulba) – oʻrta asrlarda va yangi tarixning ilk davrlarida Angliyada kichik yer boʻlaklariga egalik qilgan qaram dehqon qatlamlaridan biri. Shuningdek ular hunarmandchilik bilan shugʻullanishga majbur boʻlishgan. Ilk marotaba “Dahshatli sud kitobi”da tilga olingan. Bordariylar bilan birga K. lordlarining xoʻjaligida bevosita ishlab bermasdan, ularga oʻzlari yasagan biror hunarmandchilik buyumi bilan obrok toʻlab turganlar. Bunday majburiyatlar toʻla qullik (qaramlik) hisoblanmagan, sababi ular monarxning mansabdor shaxsi nazoratidan chetda boʻlganlar.