Libellyariylar (libellum) – Italiyada yozma shartnoma asosida uzumzor, boʻsh yerni uyi bilan olgan yer egalari yoki votchina egalari. Yerdan foydalanganliklari uchun ular yer egasiga dastlabki paytlarda mahsulot hisobida, keyinroq pul hisobida soliq toʻlashgan. Markaziy Italiyada VIII-X asrlarda L. barshina ham toʻlashgan. Ular Markaziy va Shimoliy Italiyada ozod kishilar boʻlishgan. Ayrim xollarda ular qaramlikka yoki yarim qaramlikka tushib qolishgan. Janubiy Italiyada L.ning qaramlikka tushib qolishi birmuncha tezroq amalga oshgan va amalda XIII asrda nihoyasiga yetgan.
Libertinlar – Vengriyada qaram dehqonlar kategoriyasining asosiy qismi.
Linyaj – nikoh ittifoqlari, oilaviy yaqinlik, qondoshlik va boshqa yaqinliklarga asoslangan koʻp sonli qarindoshlar jamoasi. L.lar koʻproq aristokratlar oilalarida va orasida koʻp uchragan. Ular birgalikda katta yerlarni boshqargan, savdo aloqalarini boshqa davlatlar bilan olib borishgan. L.lar X-XI asrlarda paydo boʻla boshlagan. Ularning gullab-yashnagan davri XII-XIII asrlarga toʻgʻri keladi. XII asr oxirlaridan L.lar asosan, shaharlarda patrisiatlar orasida koʻplab uchragan. Ular oʻzlarining gerbiga ega boʻlib, ularni etiklarining poshnasiga taqib yurishgan. Ritsarlar turnirlarida ham ular shu gerblari bilan ishtirok etishgan.
Lisensiat (lot. ruxsat berilgan) – oʻrta asr universitetlarida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmagan, biroq ma’ruza oʻqishga ruxsat berilgan oʻqituvchilar, ya’ni imtihon sinovlaridan keyin ma’ruza uchun lisenziya olganlar.
Litlar (yarim ozodlar) – german qabilalarida, shuningdek franklar davlatida qullar bilan bir qatorda mavjud boʻlgan yarim ozod toifa (Varvar haqiqatlarida – aldilar, anglo-saksonlarda – letlar). Uning vergeldi erkin kishining vergeldining yarmini, ya’ni 100 solidni tashkil qilgan. L. franklar jamoasining toʻla huquqli boʻlmagan vakillari boʻlib, shaxsiy va moddiy jihatdan oʻz sohibiga qaram boʻlgan. Qullardan farqli ravishda ular chorvaga, yerga, oʻz mehnat qurollariga va hatto qullariga ega boʻlgan. L. shartnoma munosabatlarida qatnashishi, sudda oʻz huquqlarini himoya qilishi oʻz xoʻjayini bilan harbiy yurishlarda ishtirok etishi mumkin boʻlgan. L. qul singari oʻz xoʻjayini tomonidan ozod qilinishi mumkin boʻlgan, lekin bu holatda mulki oʻzida qoldirilgan. Jinoyati uchun L. xuddi quldek jazolangan, misol uchun erkin kishini tunaganligi uchun oʻlimga mahkum etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |